
Tramp va Putin Alyaskada uchrashadi: Xitoy nimadan xavotirda?
15.08.2025 | 18:30252310
Tahlilchilar Donald Tramp va Vladimir Putinning 15 avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi Xitoy tashqi siyosatining keyingi bosqichini belgilashini aytmoqda.

Xitoy Rossiya-Ukraina urushi muzlab qolishini va Rossiya sanksiyalardan kamroq aziyat chekishini xohlaydi. Xitoy uchun bu uchrashuv birinchi navbatda tinchlik o‘rnatish haqida emas. Asl maqsad — kelajakda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi global tartib qanday shakllanishi va Yevroosiyoda kuchlar muvozanati Xitoyning strategik rejalariga mos keladimi-yo‘qligini tushunish.
Lekin Si Jinpingning xavoti shundaki, agar kelishuv Xitoy manfaatiga mos kelmasa, bu unga yangi sanksiyalar, texnologiyalarga kirish bo‘yicha cheklovlar va Yevropaning yirik davlatlari bilan munosabatlarning yomonlashishiga olib kelishi mumkin.
Xitoyning Rossiya-Ukraina urushiga munosabati qanday?
2022 yil fevralda boshlangan Rossiya-Ukraina urushidan beri Si Jinping siyosatda ehtiyotkor yo‘l tutdi: bir tomondan «neytrallik» va suverenitetni hurmat qilishni e’lon qildi, ikkinchi tomondan esa Rossiyani moddiy va texnologik jihatdan faol qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan birga, Pekin Moskva bilan «cheklovlarsiz» hamkorlikni mustahkamladi. Agar Tramp va Putin uchrashuvida AQSH Rossiyaning ayrim yutuqlarini tan olsa, bu Xitoyga ma’qul bo‘ladi. Chunki bu Yevroosiyodagi muhim hamkorni saqlab qoladi va Rossiyaning G‘arbga to‘liq qaram bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Ammo agar kelishuv o‘t ochishni to‘xtatishni Xitoyning Rossiyaga ikki maqsadli (ham fuqarolik, ham harbiy ishlatilishi mumkin bo‘lgan) mahsulotlar eksportiga qat’iy cheklovlar bilan bog‘lasa, bu Pekinga muammo tug‘dirishi mumkin. Shuning uchun Alyaskadagi uchrashuv tafsilotlari — kim tashabbus ko‘rsatishi, kim nimani tan olishi va qaysi jihatlar sir saqlanishi Xitoy uchun juda muhim.
Xitoyning Rossiyaning sharmandali mag‘lubiyatga uchramasligini ta’minlash uchun doimiy ravishda energiya savdosini kengaytirish, qo‘sh maqsadli texnologiyalar eksporti va xalqaro forumlarda diplomatik yoritish orqali qo‘llab-quvvatlashini shu bilan izohlash mumkin. Si Jinping va Putin o‘z hamkorligini G‘arb yetakchiligiga sivilizatsion muqobil sifatida belgilab, hamkorlikni urushdan ancha uzoqroqqa, uzoq muddatli kelishuvni mustahkamlaydigan investitsiyalar, kosmik texnologiyalar va madaniy almashinuvlarga kengaytirmoqda.
Ikkinchi maqsad — to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy qarama-qarshilikni qo‘zg‘atmasdan, AQSHning ustunligini yo‘q qilish. Xitoyning davlatlarga berayotgan o‘t ochishni to‘xtatish, muzokaralar olib borish va yadroviy tahdidlarga qarshi turishga chaqiruvchi tinchlik takliflari Pekinni mas’uliyatli global kuch sifatida ko‘rsatishga qaratilgan. Shu bilan birga, ular zimdan aybni NATOning kengayishi va G‘arbning «blok siyosati»ga yo‘naltirmoqda. Bu ritorika asosan Global Janub mamlakatlariga mo‘ljallangan. Chunki Pekin sanksiyalar rejimlariga qo‘shilmay, Moskvaga iqtisodiy yordam berishni davom ettirdi.
Xitoy, shuningdek, Shveysariyadagi tinchlik sammiti kabi yirik diplomatik tadbirlarda qatnashmadi, chunki bunday uchrashuvlar Rossiyani o‘zi istamagan yon berishlarga majbur qilishi mumkin edi. Yevropa va AQSH poytaxtlarida bu yondashuv «strategik betaraflik» deb atalmoqda — nomi neytral, ammo amalda Rossiyaga moil.
Xitoyning yana bir maqsadi Yevropadagi diplomatik mavqeni saqlash va sovuq urush davridagidek keskin bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik. Xitoy Yevropa yetakchilariga iltifot ko‘rsatishda davom etib, o‘zini global barqarorlik uchun muhim vositachi sifatida ko‘rsatadi. Shuningdek, Ukrainaning urushdan keyingi tiklanishida ishtirok etish imkoniyatini ochiq qoldirib, Pekin o‘zini ham pragmatik hamkor, ham global inqirozlarni hal qilishda zarur o‘yinchi sifatida namoyish qiladi.
Alyaska sammiti Xitoy uchun nega muhim?
Alyaska sammiti Xitoy uchun ham imkoniyat, ham xavf keltiradi. Eng qulay variant — urush zaif shartlar bilan muzlatilishi. Bu Rossiyaning qo‘lga kiritgan hududlarini mustahkamlaydi, Moskvaga kuchli hamkor bo‘lib qolish va Vashingtonni chalg‘itish imkonini beradi. Shu bilan birga, Xitoy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan keskin to‘qnashuv xavfini kamaytiradi. Bunday natija Yevropada «sanksiyalar charchog‘i»ni kuchaytirishi mumkin. Natijada, choralar yumshab, Xitoy banklari va texnologiya kompaniyalarining Rossiyada faol ishlashi uchun ko‘proq imkoniyat paydo bo‘ladi.
Pekin hatto siyosatini o‘zgartirmasdan ham, AQSH-Rossiya munosabatlarining yaxshilanishini qo‘llab-quvvatlovchi sifatida ko‘rinib, imijini oshirishi mumkin. Eng xavfli variant esa — sammit natijasida Xitoyning Rossiyaga iqtisodiy yordam yo‘llari aniq nishonga olinishi. Katta hajmdagi ikkilamchi sanksiyalar Xitoy banklari, logistika kompaniyalari va butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchilariga bosim o‘tkazishi mumkin. Si Jinping Alyaska sammiti arafasida Pekin ommaviy bayonotlarda «muloqotni» qo‘llab-quvvatlashini aytdi, lekin tafsilotlarni aniq ochiqlamadi.
Xitoy uchun eng katta xavf — sammit natijasida Rossiyaga iqtisodiy yordam yo‘llari aniq nishonga olinishi. Bu holatda Xitoy banklari, logistika kompaniyalari va sanoat ishlab chiqaruvchilariga katta bosim o‘tkazilishi mumkin.
Mehrinoza Farmonova tayyorladi.





