
Trampning kuyovi va Oqning uy maxsus vakili Putin bilan uchrashmoqchi – OAV
AQSH vakillari Ukraina bo‘yicha yangi tinchlik takliflarini muhokama qilishni rejalashtirayotgani aytilmoqda.

«Bloomberg» manbalariga ko‘ra, Oq uyning maxsus vakili Stiv Uitkoff va AQSH prezidenti Donald Trampning kuyovi bo‘lgan Jared Kushner Moskvaga safar qilib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishni rejalashtirmoqda, deya xabar qildi «Reuters».
Ta’kidlanishicha, kutilayotgan uchrashuv joriy oy davomida o‘tkazilishi mumkin. Biroq rejalar hali yakuniy tasdiqlanmagan va Erondagi beqarorlik uchrashuv sanasi o‘zgarishi ehtimoli ham bor. Shu bilan birga, Oq uy vakili «Bloomberg»ga bunday uchrashuv hozircha rasman rejalashtirilmaganini ma’lum qilgan.
Xabarda qayd etilishicha, AQSH delegatsiyasi Moskvada Rossiya rahbariyatiga Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvining so‘nggi loyihasini taqdim etishni ko‘zlamoqda. Muzokaralar davomida ehtimoliy kelishuv ijrosini ta’minlash uchun AQSH va Yevropa tomonidan xavfsizlik kafolatlari berish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, Ukrainada urushdan keyingi tiklanish jarayonlari ham muzokara kun tartibidan o‘rin olishi mumkin. Bu yo‘nalishda xalqaro moliyaviy ko‘mak, infratuzilmani qayta qurish va investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilinishi mumkin.
Bu xabar AQSH prezidenti Donald Trampning yanvar boshida bergan bayonotlaridan so‘ng tarqaldi. U Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush davom etayotganidan noroziligini bildirib, avvalroq bu mojaroni hal etish oson bo‘ladi, deb o‘ylaganini ta’kidlagandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Sohil xavfsizlik xizmati Trinidad yaqinligidagi Karib dengizida Rossiyaning yana bir tankerini qo‘lga olgani haqida xabar qilgandik.





