
Voyaga yetmaganlarga taqiqlanayotgan ijtimoiy tarmoqlar: sabablar, tadqiqotlar va ekspertlar fikri
Ayrim davlatlar bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini chekladi va yana ba’zilarida shu tashabbus ilgari surilmoqda. Buning kelib chiqish sabablari, tadqiqotlar va ekspertlar fikri — Vaqt.uz tahlilida.

Internet va aqlli texnologiyalarning rivojlanishi ko‘plab imkoniyatlar yaratish bilan birga insoniyatga turli xavflar, zararlar ham tug‘dirmoqda. Shu sababdan ham, dunyoning qator mamlakatlarida voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash masalalari ko‘tarilmoqda. Hatto, bir nechta davlatlar bu cheklovni amalda joriy etishga ham ulgurishdi. Yana bir qanchasida esa bu bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilib, muhokamaga qo‘yilgan.
Tashabbusni ilgari surgan davlatlar
Dunyoda voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarni rasman cheklashda ilk qadamni Avstraliya tashladi. Mamlakat parlamenti 2024 yil noyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarga 16 yoshdan kichiklar uchun kirishni taqiqlovchi qonunni ma’qulladi. Ushbu qonun 2025 yil 10-dekabrdan kuchga kirdi. Qonun ijtimoiy tarmoq operatorlarini yoshni tekshirish tizimini joriy qilishga, 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarning akkauntlarini bloklashga majbur qiladi.

AQSHda ham bolalar uchun tarmoqlarga kirishni cheklash boshlangan. Jumladan, Florida shtati hokimi Desantis 2024 yilda 16 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonunni imzoladi. Bu qonun 2025 yil 1-yanvardan kuchga kirgan.
Butun dunyoni smartfonlar va boshqa aqlli texnologiyalar bilan ta’minlayotgan Xitoy hukumati esa bolalarga kuniga 1 soatdan ko‘p o‘yin o‘ynamasligini belgilovchi cheklov joriy etgan.
Malayziya hukumati ham bu bo‘yicha qonun loyihasini 2025 yil noyabr oyida e’lon qildi. Ushbu mamlakat ham 2026 yilda ijtimoiy tarmoqlarni 16 yoshgacha bo‘lganlarga taqiqlashni reja qilgan.
Yevro davlatlari orasida ham bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash kuzatilmoqda. Daniya hukumati 2025 yilda 15 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlashni ko‘rib chiqmoqda.
Shuningdek, Fransiyada 15 yoshdan kichiklar ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishi uchun ota-ona roziligi talab qilinadigan tartib mavjud edi. Endi esa mamlakat 2026 yilning 1-sentabridan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni butkul cheklashni rejalashtirmoqda. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida ham bu kabi cheklovlar bo‘yicha qadamlar tashlanyapti. Jumladan, Qozog‘istonda 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoq va ba’zi platformalarda ro‘yxatdan o‘tishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Bu nafaqat davlatlar orasida, balki mintaqaviy masala sifatida ham ko‘rilmoqda. 2025 yil noyabrida Yevropa Parlamenti 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashga chaqirdi.
O‘zbekistonda aynan bu masala bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilgani yo‘q. 2025 yil 31-iyulda Oliy Majlis Senatida voyaga yetmaganlarga nisbatan Internet tarmog‘ida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Lekin bu voyaga yetmaganlarning Internetdan foydalanishini tartibga solish yuzasidan dastlabki qadam bo‘lishi ham mumkin.
Cheklovlar uchun ko‘rsatilayotgan sabablar
Yuqorida sanab o‘tilgan mamlakatlar cheklov o‘rnatishining qator sabablari bor, albatta. Xorijda o‘tkazilgan bir qancha tadqiqotlar ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning qator zararli tomonlarini ochib bergan.
Depressiya, xavotir va yoshlar orasida salbiy kayfiyat:
AQSHdagi tadqiqotga ko‘ra, kuniga 3 soatdan ortiq ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadigan 13–17 yoshdagilar ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarga (depressiya, xavotir) ikki barobar ko‘proq duch keladi.
Boshqa tadqiqotlarda ijtimoiy tarmoqlar psixologik zo‘riqish, o‘zini past baholash va hatto o‘z joniga qasd qilish fikrlarini oshirishi bilan bog‘langan.
O‘smirlarning ijtimoiy media bilan bog‘liq psixik holatlarini o‘rgangan tadqiqotda ham, tarmoqlarda ko‘proq vaqt sarflaydiganlar o‘zlarining real hayotdagi munosabatidan kamroq mamnun bo‘lishgan va bu ruhiy holatni yomonlashtirgan.
O‘zini o‘zgalarga taqqoslash va o‘ziga salbiy munosabat:
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish tez-tez boshqalar bilan o‘zini taqqoslashga olib keladi, bu esa o‘ziga bo‘lgan ishonchning pasayishiga olib keladi. Masalan, Instagram kabi platformalarda tana mushaklarini shakllantirish bilan shug‘ullanuvchilar aks etgan kontent ko‘radigan o‘smirlar o‘z tanasidan norozi bo‘lishini ko‘rsatadigan tadqiqotlar ham mavjud.

Uyqu sifatining buzilishi:
Ko‘p vaqt ekran qarash (ayniqsa, uyqudan oldin) uyqu sifatini yomonlashtiradi. Chunki bu miyani doimiy stimulyatsiya qiladi va u dam olishga imkon bermaydi. Bu holat tibbiyot tomonidan tasdiqlangan.
Kiberbulling va onlayn zo‘ravonlik xavfi:
Kiberbulling – bu internet yoki telefon orqali kamsitish, haqorat qilish, qo‘rqitish yoki ataylab ranjitishdir. Internetda ijtimoiy tarmoqlar orqali ta’qib va kiberbulling ko‘p uchraydi. Bu esa yoshlar o‘rtasida ruhiy salomatlikning yomonlashuvi va odamlarga qo‘shilmaslikka olib keladi. Tarqatiladigan zararli kontentlar o‘smirlar ongiga chuqur ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bo‘yicha tadqiqotlar mavjud.
E’tibor chalg‘ishi va qaramlikning yuzaga kelishi:
Mediadan me’yordan ortiq yoki qaramlik bosqichida foydalanish, boshqalarning munosabatiga haddan ortiq bog‘lanish va nazoratni yo‘qotish ko‘rinishlari yoshlar uchun psixologik xavfni oshiradi.
Amerika pediatriya jurnallarida, «ekranlardan haddan tashqari foydalanish» belgilariga ega o‘smirlarda o‘z joniga qasd qilishga urinishgacha olib kelishi aniqlangan tadqiqotlar ham bor.
Ekspertlar fikri
O‘zbek ekspertlari orasida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni tartibga solish haqida fikr-mulohazalar yo‘q emas.
Jumladan, iqtisodchi Behzod Hoshimov bu haqda shunday deb yozgan:
«O‘ylaymanki, ijtimoiy tarmoqlarni hukumatlar xuddi sigaretlar kabi tartibga solishi kerak. Menimcha, keyingi 10-15 yilda yosh bolalarga kirish ancha cheklanadi».
Shuningdek, ta’lim sohasidagi tadbirkor Aziz Rahimov mediadan foydalanishga umumiy taqiqni kutmasdan, buni o‘zimiz nazoratga olishimiz kerakligi haqida yozadi:
«Yoshlarning sifati tushib borayotgani davlatlarni ham xavotirga sola boshladi. Bu ketishda aksar davlatlar tarmoqlarni ma’n qilib chiqishadi yoki yoshlar yangi yo‘llarini topaverganidan taslim bo‘lishadi. Biz umumiy taqiqni kutishimiz shart emas. Oilamizda qo‘llashni boshlashimiz mumkin. Chunki ijtimoiy tarmoqdan foydalanishning zarari aniqlanganida, kech bo‘ladi».
Tibbiy psixolog, psixoterapevt Guli To‘rayevaning Vaqt.uzʼga ta’kidlashicha, texnologiyalar qanchalik rivojlanishi yoki ular bergan qulayliklar sabab hayotimizdagi o‘rni ortishi inson miyasining ishlash va shakllanish bosqichlarini o‘zgartirib qo‘ymaydi. Ya’ni, uning fikricha, miyaning shakllanishi, rivojlanishi tabiiy, real muloqotlarga va voqeliklarga bog‘liq:
«Keling, buni neyrobiologik jihatdan bir tahlil qilib chiqsak. Insonda 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan muddatda miya to‘liq shakllanadi. Ya’ni, miyada korteks qism bor – prefrontal qism. U qarorlarni mustaqil qabul qilish, fikrlash, nazorat qilishga javob beradi. Dofamin tizimi ham bor, u mukofotlash va rag‘batlash emotsiyalarini beradi. Shuningdek, limbik – hissiyotlar tizimi ham mavjud. Aynan 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan davrda mana shu tizimlar shakllanib, rivojlanib boradi. Shaxs sifatida shakllanadi, deyish ham mumkin. Ma’lum o‘rinlarda emotsiyalarini aql bilan nazorat qilishni o‘rganish ham ayni shu davrga to‘g‘ri keladi».
Mutaxassisning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlar aynan dofamin tizimiga moslashtirilgan. Ulardagi qisqa videolar (reels, shorts), layklar, xabarnomalar insonda tez-tez dofamin ajralib chiqishiga sabab bo‘ladi.
«Bunda odam qisqa fursatlarda ko‘p martalab rag‘bat hissini tuyadi. Buning natijasida, ayniqsa, bolalarda sabrsizlik, toqatsizlik, boshlagan ishi va vazifalarini oxirigacha yetkazmaslik, chuqur fikrlashning kamayishi kabi holatlar yuzaga keladi», — dedi u.
Guli To‘rayevaga ko‘ra, so‘nggi paytlarda ham o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqotlar uzoq muddat ekranga qarash prefrontal qismning shakllanishiga, rivojlanishiga to‘sqinlik qilishini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, diqqatning kamayishiga ham sabab bo‘ladi. Bu esa uzoq muddat va samarali ishlay olmaslikka olib keladi.
«Boshqa tomondan esa «Z», «Alfa» avlodlar texnologiyalarga tez kirishuvchan deyiladi. Lekin ularning bu xususiyati yuqorida aytilgan miya prefrontal qismi rivojlanishining mezoni emas. Inson hayotda o‘z oldiga qo‘ygan biron maqsadiga va katta natijalarga erishishi uchun uzoq diqqat, intizom, tahliliy fikrlash kerak bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish esa bu xususiyatlar shakllanishiga juda ham xalaqit qiladi», — dedi mutaxassis.
Psixoterapevtga ko‘ra, miyadagi korteks qism 18 yoshdan 25 yoshgacha yaxshi rivojlansa, inson emotsiyalarini boshqara oladi, qarorlarni mustaqil qabul qiloladi. Bu ko‘nikmalar boshqalar bilan jonli muloqotlar qilish, his etish orqali shakllanadi.
«Lekin ijtimoiy tarmoqlarda bular tabiiy kechmaydi va haqiqiy muloqotlardan ko‘ra tezroq bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlardan noto‘g‘ri, maqsadsiz foydalanish odamlarda o‘z hissiyotlarini boshqara olmaslik, sabrsizlik, toqatsizlik, asabiylashish kabi nevrotik holatlarni keltirib chiqarishi ham mumkin», — dedi Guli To‘rayeva.
Shuningdek, psixolog avvalo ota-onalar ijtimoiy tarmoqlardan tartibli foydalanishni o‘rganishlari kerakligini ta’kidladi.
Voyaga yetmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarning taqiqlanishi sabablaridan biri sifatida hali ularda o‘zlari qabul qilayotgan axborotni tanqidiy, tahliliy jihatdan ko‘rib chiqib, saralay olish ko‘nikmasining yo‘qligini ham keltirish mumkin. Ba’zi mamlakatlar bolalarda ushbu ko‘nikmani hosil qilish uchun maktablarda «Media savodxonlik» darslarini joriy qilgan. Finlandiya va Kanada kabi davlatlar bunga misol bo‘loladi.
Dunyoning ko‘pgina davlatlarida voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash rejalashtirilmoqda. Bir qanchasi esa allaqachon cheklov joriy qilgan. Qo‘shni mamlakat, Qozog‘istonda ham bu bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgani yuqorida aytib o‘tilgandi. Biroq hozircha O‘zbekistonda mutasaddilar yoki jamoatchilik faollari orasida ham bu masala bo‘yicha keskin tashabbus bilan chiqqanlar yo‘q.
Teglar






