
Yevropa Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 18-paketini taklif qildi
11.06.2025 | 08:4541424
Yevropa komissiyasi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 18-paketini rasman taqdim etdi. Mazkur cheklovlar asosan energetika va moliya sektorlariga qaratilgan bo‘lib, Rossiyaning neft daromadlarini yanada qisqartirishni maqsad qilgan.

Yangi paketda asosiy takliflardan biri — Rossiya nefti uchun o‘rnatilgan narx chegarasini barrel uchun 60 dollardan 45 dollarga tushirish. Bu limit ilk bor 2022 yil dekabrida «Katta yettilik» tomonidan joriy etilgan edi. Bryusselga ko‘ra, bunday choralar Moskva byudjetiga yanada kuchli zarba berish uchun mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, Yevropa komissiyasi quyidagi cheklovlarni ham taklif qilmoqda: «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim–2» loyihalarini butunlay to‘xtatish, Rossiyaning 77 ta «xufiyona flot» kemasini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish, Rossiya xomashyosidan olingan neft mahsulotlarini import qilishni taqiqlash va yana 22 rus bankini SWIFT tizimidan uzish.
Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen bu paketni faqat iqtisodiy emas, balki siyosiy maqsadlar uchun ham muhim deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sanksiyalar orqali Rossiyani kamida 30 kunlik shartsiz o‘t ochishni to‘xtatishga undash mumkin.
Shu bilan birga, Yevropa sanksiyalari to‘liq kuchga kirishi uchun barcha 27 a’zo davlatning yakdil roziligi talab qilinadi. Vengriya va Slovakiya sanksiyalar siyosatini tanqid qilib, bu choralar Yevropa iqtisodiga ko‘proq zarar keltirayotganini bildirishgan. Ammo, hozircha, ular yangi paketni to‘liq to‘sish chorasiga o‘tmagan.
AQSHning mavjud pozitsiyasi bu jarayonda muhim omil bo‘lib qolmoqda. Donald Tramp yangi sanksiyalar kiritishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, uning Rossiyaga nisbatan ritorikasi so‘nggi haftalarda yanada qat’iylashdi. Ammo Yevropa diplomatlari AQSHsiz ham bosimni kuchaytirish kerakligini ta’kidlashmoqda.
G7 doirasida Rossiya nefti uchun yangi narx limiti masalasi kelasi hafta Kanadada o‘tadigan sammitda muhokama qilinadi. Ursula fon der Lyayen «bizning maqsadimiz — G7 sifatida hamjihatlikda harakat qilish», degan bayonot bilan chiqdi.





