add

Yuliy Yusupov Xalqaro valyuta jamg‘armasi tavsiyalarini tanqid ostiga oldi

26.06.2025 | 10:00472410

Iqtisodchi Yuliy Yusupov Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2020 yildan beri YAIMga nisbatan 2 foiz punktga kamaygan soliq tushumlarini uch yil ichida qoplash uchun va soliq tizimini yanada adolatli qilish, iqtisodiyotga tushayotgan soliq yukini oshirish bo‘yicha tavsiyasini tanqid ostiga oldi.

Yuliy Yusupov Xalqaro valyuta jamg‘armasi tavsiyalarini tanqid ostiga oldi
Iqtisodchining o‘z Telegram kanalida yozishicha, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston hukumatiga 2020 yildan beri YAIMga nisbatan 2 foiz punktga kamaygan soliq tushumlarini uch yil ichida qoplash va soliq tizimini yanada adolatli qilishni tavsiya etdi. Bu maqsadda quyidagilarni amalga oshirish taklif qilindi:
  • spirtli ichimliklar, qazib olinadigan yoqilg‘i, transport vositalari va shakar kabi mahsulotlarga belgilangan maxsus aksiz soliqlarini oshirish;
  • investitsiyalarga berilayotgan imtiyozlarni qisqartirish,
  • samarasiz bojxona imtiyozlarini bekor qilish,
  • jismoniy shaxslar daromad solig‘ining amaldagi bir xil (12 foizlik) stavkasini daromadga qarab o‘sib boruvchi shkalaga almashtirish.
Sohadagi mutaxassis sifatida alohida shaxslar va tarmoqlarga beriladigan imtiyozlar to‘liq barham topishi kerakligiga men to‘liq qo‘shilaman. Chunki bunday imtiyozlar bozor mexanizmlarining to‘g‘ri ishlashini izdan chiqaradi, korrupsiya va raqobatni cheklovchi muhitni shakllantiradi. Biroq, XVJ tomonidan byudjet daromadlarini oshirish zarurati borasida bildirilgan fikrlar hayrat uyg‘otadi. Ya’ni, ularning ta’kidlashicha, 2020 yildan buyon YAIMga nisbatan byudjet tushumlari kamaygan va buni qoplash lozim ekan. Ammo Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ma’lumotlariga qaralsa, bunday kamayish kuzatilmagan: 2020 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari YAIMning 26,9 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 30,5 foizga yetgan. Shunisi rostki, davlat xarajatlari bundan ham ko‘proq o‘sdi — 29,1 foizdan 35,5 foizgacha. Albatta, byudjet tushumlari o‘sishi davlat xarajatlari sur’atiga yetmayapti, bu esa byudjet taqchilligi va davlat qarzining oshib borishiga olib kelmoqda. Ammo savol tug‘iladi: bunday vaziyatda, iqtisodiyot zimmasiga tushayotgan soliq yukini yanada oshirish kerakmi yoki, aksincha, shishirilgan va tez o‘sib borayotgan davlat xarajatlarini qisqartirish lozimmi? XVJ mansabdorlari mantig‘iga ko‘ra, birinchi yo‘l — soliq yukini oshirish — to‘g‘ri ekan. Bu mantiq avval qarashda g‘alati tuyulishi mumkin, biroq makroiqtisodiy nazariya nuqtayi nazaridan tushunarli. Bu nazariyalar rivojlangan bozor iqtisodiyotiga mo‘ljallangan: «moliyaviy intizom qattiq bo‘lishi kerak; agar davlat xarajatlari katta bo‘lsa, ularni yuqori soliqlar orqali qoplash lozim; aks holda — muammolar kelib chiqadi». Ammo O‘zbekiston – rivojlangan davlat ham emas, to‘liq bozor iqtisodiyotiga ham ega emas. Avvalo, O‘zbekiston iqtisodiyoti kambag‘al, YAIMning har bir aholiga to‘g‘ri keluvchi hajmi 3000 dollar atrofida. Buning ustiga iqtisodiyot nazariyasida aniq qonuniyat bor: mamlakat qanchalik kambag‘al bo‘lsa, u shunchalik kam byudjet-soliq yukini ko‘tara oladi. … Agar, albatta, u rivojlangan davlatlar qatoriga chiqishni istasa. Chunki YAIMda davlat xarajatlari ulushining yuqoriligi — bu biznes uchun katta xarajatlar va uning raqobatbardoshligi past bo‘lishi, demakdir. O‘zbekistonda esa davlat xarajatlarining YAIMga nisbatan ulushi G‘arbiy Yevropa davlatlariga yaqin — 40 foizdan yuqori. Agar korxonalarning kvazifiskal xarajatlarini ham inobatga olsak, bu raqam yanada ortib ketadi (Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra). Holbuki, boy Sharqiy Osiyo davlatlarida bu ko‘rsatkich 1,5–2 barobar past. Qolaversa, muvaffaqiyatli rivojlanayotgan kambag‘al davlatlarda ham bunday daraja kuzatilmaydi. Ikkinchidan, O‘zbekistonda hamon to‘liq bozor iqtisodiyoti shakllanmagan. Chunki muhim qarorlarni xususiy sektor va bozor emas, mansabdorlar qabul qiladi. Ular buning uchun ulkan davlat xarajatlaridan, imtiyozlardan, subsidiyalardan, soliqlar va bojlardan, shuningdek, imtiyozli kreditlardan foydalanadi. Va mansabdorlar xarajat qilish va «o‘zlashtirish» imkoniyati bo‘lgan mablag‘lar qancha ko‘p bo‘lmasin, ular uchun doimo kamlik qiladi. Eng asosiysi, ularning faoliyati ustidan jamiyat tomonidan samarali nazorat mavjud emas, muvozanat va tiyib turish mexanizmlari ham ishlamaydi. Bu esa davlat xarajatlarining chek bilmas o‘sishiga olib keladi. Natijada, bu xarajatlar soliq yuki va davlat qarzi orqali iqtisodiyot zimmasiga yuklanadi. O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish uchun esa, havodek zarur bo‘lgan choralar quyidagilar:
  • davlat xarajatlarini radikal tarzda (1,5–2 barobar) qisqartirish, ayniqsa iqtisodiy xarajatlarni,
  • davlat ulushini va uning mulkdor sifatidagi ishtiroki hajmini keskin kamaytirish (bu ko‘rsatkich ham barcha aqlli mezonlardan oshib ketgan),
  • iqtisodiyotga tushayotgan soliq va qarz yukini kamaytirish (biznes yuritish xarajatlarini pasaytirish va milliy mahsulot raqobatbardoshligini oshirish uchun),
  • import uchun bojlar va notarif to‘siqlarni qisqartirish, alohida shaxslar va tarmoqlar uchun berilgan imtiyozlarni bekor qilish (raqobat muhitini kuchaytirish va mansabdorlar tomonidan sun’iy yaratilgan monopoliya va korrupsiya manbalarini yo‘q qilish uchun).
  • va eng muhimi — davlatning iqtisodiyotdagi vazifalarini keskin qayta ko‘rib chiqish. Mansabdorlarni biznesdan uzoqlashtirish, bozor mexanizmlari va raqobat muhitini buzishlariga qat’iy chek qo‘yish lozim. Ular bu ish bilan hanuz shug‘ullanishdan to‘xtamay kelishmoqda.
Shunday ekan, bunday sharoitda XVJ nima taklif qilmoqda? Aynan: iqtisodiyotga tushayotgan soliq yukini oshirish. Shunchaki gapirish hayf... Bu — umumiy makroiqtisodiy qoidalarni mamlakatning institutsional va tarixiy xususiyatlarini hisobga olmasdan sxolastik va mexanik tarzda qo‘llashning natijasi.  

Teglar

Mavzuga oid