Logo

1 mln dollarlik jumboq: Sun’iy intellekt 167 yildan beri yechilmayotgan Riman gipotezasini isbotlashga yordam berdi

«Anthropic» matematigi «Claude» sun’iy intellekt modeli bilan birgalikda tub sonlar taqsimotiga oid Riman gipotezasiga yechim topganini ma’lum qildi. «Lean» va «Mathlib» jamoalari 17 million qator koddan iborat formal isbotning to‘g‘riligini tasdiqladi, ammo 1 million dollarlik mukofot uchun alohida talablar bor.

1 mln dollarlik jumboq: Sun’iy intellekt 167 yildan beri yechilmayotgan Riman gipotezasini isbotlashga yordam berdi © Brendan McDermid/Reuters

1859 yilda ilgari surilgan va 167 yildan beri matematiklar uchun ochiq savol bo‘lib kelayotgan Riman gipotezasi bo‘yicha yangi natija e’lon qilindi. «Anthropic» kompaniyasi matematigi Levent Alpyoge «Claude» modeli bilan birgalikda gipotezaning isbotini topganini bildirdi.

21-noyabr kuni «Lean» va «Mathlib» jamoalari formal tekshiruv natijalarini e’lon qilib, isbotning to‘g‘riligiga ishonch bildirdi. Shunga qaramay, uning matematik g‘oyalari hali olimlar tomonidan to‘liq o‘rganilishi va ilmiy adabiyotda tushuntirilishi kerak.

Riman gipotezasi qanday muammo?

Riman gipotezasi tub sonlar bilan bog‘liq. Tub sonlar faqat 1 ga va o‘ziga bo‘linadigan sonlar bo‘lib, ularga 2, 3, 5, 7, 11, 13, 17 kabi sonlar kiradi. Sonlar kattalashgani sari tub sonlar kamroq uchraydi, ammo ularning qaysi oraliqlarda va qanday chastotada paydo bo‘lishi tasodifiy emas.

1859 yilda nemis matematigi Bernhard Riman tub sonlar taqsimotini tushuntirishga yordam beruvchi gipotezani ilgari surdi. U Riman dzeta-funksiyasi bilan bog‘liq bo‘lib, gipotezaga ko‘ra, ushbu funksiyaning muhim nollari kompleks tekislikda real qismi 1/2 bo‘lgan chiziqda joylashgan.

Bu qonuniyat tub sonlar qanday taqsimlanishini yanada aniqroq tushunish va ularning taqsimotidagi og‘ishlarni hisoblash imkonini beradi. Gipotezaning isbotlanishi sonlar nazariyasidagi ko‘plab natijalarning nazariy asoslarini mustahkamlaydi.

1 million dollarlik mukofot shartlari

2000 yilda AQSHdagi «Clay Mathematics Institute» matematikaning yechilmagan eng muhim yettita muammosini «Ming yillik muammolar» ro‘yxatiga kiritib, ularning har biri uchun 1 million dollar mukofot belgilagan. Riman gipotezasi ham ushbu ro‘yxatdan joy olgan.

Biroq mukofot gipotezani hal qilganini e’lon qilgan olimga avtomatik ravishda berilmaydi. Institutning amaldagi qoidalariga ko‘ra:

— yechim nufuzli ilmiy nashrda chop etilishi;

— chop etilganidan keyin kamida ikki yil o‘tishi;

— natija jahon matematiklar hamjamiyati tomonidan umumiy qabul qilinishi kerak.

Shundan keyingina institut yechimni mukofot uchun ko‘rib chiqishi mumkin. Shu sababli Alpyoge hozircha 1 million dollar mukofotni olgani yo‘q — komputer tekshiruvi muhim bosqich bo‘lsa-da, rasmiy jarayon alohida davom etadi.

«Claude» va matematik ishni qanday amalga oshirdi?

Alpyoge o‘z bayonotida «Claude» bilan taxminan olti hafta ishlaganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishning yakuniy bosqichida sun’iy intellekt matematikdan ancha oldinga o‘tib ketgan va muammoni hal qilishda muhim g‘oyalarni taklif qilgan.

Muallif natijani «Lean» formal matematik tizimida taqdim etdi. U 175 187 ta fayldan va taxminan 17 million qator koddan iborat. «Lean» matematik isbotlarni komputer tekshirishi mumkin bo‘lgan shaklda yozish imkonini beradi: mantiqiy qadamlar maxsus kodga aylantiriladi va agar isbotda xato bo‘lsa yoki biror qadam asoslanmagan bo‘lsa, tizim uni qabul qilmaydi.

Komputer tekshiruvi nimani anglatadi?

«Lean» va «Mathlib» jamoalari tekshiruv davomida bir nechta mezonni baholadi: kodning xatosiz ishlashi, unda aynan Riman gipotezasi ifodalangan bo‘lishi va mantiqiy qadamlarning to‘g‘riligi. Ma’lumotlar «Lean»ning asosiy tekshiruv yadrosi hamda boshqa mustaqil tekshiruv vositalari orqali qayta ko‘rib chiqildi. Natijada jamoalar isbotning matematik ifodasi ham, uning o‘zi ham to‘g‘ri ekanini tasdiqladi.

Shunga qaramay, isbotning 17 million qator kodda ifodalangani uning matematik g‘oyalarini insonlar uchun oson tushunarli qilib qo‘ymaydi. Endilikda matematiklar uning asosiy usullarini o‘rganishi, soddalashtirishi va ilmiy muhokamadan o‘tkazishi talab etiladi.

Теглар

Мавзуга оид