100 ming dollar pora olgan bank xodimi qo‘lga olindi
Toshkent viloyatida bank mintaqaviy markazi bo‘lim boshlig‘i yer maydonlarini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 4,25 mln dollar talab qilgan. U 100 ming dollarni oldindan olgan vaqtida ushlangan.
© DXX matbuot xizmatiToshkent viloyatida bankning mintaqaviy markazi Mahallabay va davlat dasturlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bank xodimi 2024 yilda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi tomonidan elektron onlayn auksion orqali o‘zining otasiga chorvachilik maqsadida foydalanish uchun ijara huquqi asosida sotilgan, Quyichirchiq tumani hokimligi balansidagi 16,05 gektar yer maydonini sotish hamda hokimlik zaxirasida bo‘lgan 4 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan jami 4 mln 250 ming AQSH dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida u so‘ralgan pul mablag‘idan 100 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq pora bilan qo‘lga tushgan «Milliy bank»ning sobiq mansabdori 10 yilga qamalgani haqida xabar berilgandi.





