Logo

«11.11» aksiyasi: bo‘ydoqlar bayramidan milliardlab dollarlik savdo aksiyasigacha

Бугун 20:368 дақиқа

Bir paytlar Xitoyda bo‘ydoqlar bayrami sifatida boshlangan 11-noyabr bugun milliardlab dollarlik savdo kuniga aylangan. Xo‘sh, bu sana qanday qilib dunyo bo‘ylab ommalashdi, katta chegirmalar ortida xaridorlarni ko‘proq pul sarflashga undaydigan qanday usullar bor?

«11.11» aksiyasi: bo‘ydoqlar bayramidan milliardlab dollarlik savdo aksiyasigacha

Har yili noyabr oyida internet-do‘konlar va marketpleyslarda katta chegirmalar boshlanadi. Kiyim-kechak, maishiy texnika, telefonlar va boshqa ko‘plab mahsulotlar arzonlashtiriladi. Do‘konlar reklama orqali xaridorlarni jalb qilishga urinadi. Bu kunlarning eng mashhurlaridan biri — 11-noyabr, ya’ni «11.11» aksiyasidir.

Dastlab Xitoyda boshlangan bu aksiya yillar davomida butun dunyoga tarqaldi. Bugun uning ko‘lami oddiy chegirmalar bilan cheklanmaydi. Masalan, 2025-yilda Xitoyda «11.11» savdo mavsumi davomida marketpleyslar orqali sotilgan mahsulotlarning umumiy qiymati
salkam 1,7 trillion yuanga yoki qariyb 237  milliard dollarga yetgan. Bu aksiyada nafaqat kundalik mahsulotlar sotiladi, balki mashhur va hashamatli brendlar ham o‘z takliflarini taqdim etadi.

Albatta, O‘zbekiston ham bu tendensiyadan chetda emas. Mahalliy internet-do‘konlar, kichik biznesdan tortib yiriklarigacha aksiya doirasida mahsulotlarning chegirmali narxlarini e’lon qilib, xaridorlarni jalb qilishga chaqiriqlarni boshlab yuborgan.


Lekin bu aksiyada hamma narsa ko‘ringanidek oddiymi? Chegirmalar xaridorlarga haqiqatan ham pul tejashga yordam beradimi yoki aksincha, ularni ko‘proq xarid qilishga undaydimi? Vaqt.uz «11.11» aksiyasining paydo bo‘lish tarixi, uning ortidagi savdo mexanizmlari va O‘zbekiston bozoriga ta’sirini o‘rgandi.

Talabalar bayramidan milliardlab dollarlik savdo aksiyasigacha

«11.11» aksiyasi tarixi 1990-yillarda Xitoyda boshlangan. O‘sha paytda 11-noyabr «Bo‘ydoqlar kuni» (Singles’ Day) sifatida nishonlangan. Sananing tanlanishi ham bejiz emas: «11.11» dagi to‘rtta «1» raqami yolg‘iz insonlarni anglatgan. Bu bayram Nankin universiteti talabalari orasida paydo bo‘lib, keyinchalik boshqa universitetlar va yoshlar orasida ham ommalashgan.

Dastlab bu kunning savdoga hech qanday aloqasi bo‘lmagan. Yoshlar birga vaqt o‘tkazgan, uchrashuvlar tashkil qilgan yoki o‘zlariga sovg‘a xarid qilgan. Ya’ni 11-noyabr boshqalarga emas, ko‘proq o‘ziga e’tibor qaratish kuni sifatida tanilgan. Uning kelib chiqishi haqida turli hikoyalar bor, ammo eng keng tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu an’ana 1990-yillarning boshida Nankin universiteti talabalari orasida boshlangan.

Oradan yillar o‘tib, bu sanaga Xitoyning «Alibaba» kompaniyasi e’tibor qaratdi. 2009-yilda kompaniya o‘zning Tmall internet-savdo platformasida 11-noyabr munosabati bilan ilk katta chegirmalar aksiyasini o‘tkazdi. Unda atigi 27 ta brend qatnashdi. Xaridorlarga mahsulotlarni arzonroq narxda sotib olish va bepul yetkazib berish taklif qilindi.

«Alibaba» nima uchun aynan shu sanani tanladi? Chunki 11-noyabr Xitoy yoshlariga allaqachon tanish edi. Kompaniya yangi bayram o‘ylab topish o‘rniga, mavjud sanadan foydalanib, odamlarni internet orqali xarid qilishga jalb etishni maqsad qildi.

Birinchi aksiya kutilganidan ham yaxshi natija berdi. 2009-yil 11-noyabr kuni Tmall platformasida 52 million yuanlik, o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha qariyb 7,5 million dollarlik mahsulot sotildi. Aksiyada atigi 27 ta brend qatnashganini hisobga olsak, bu «Alibaba» uchun katta natija edi. WIRED nashri ma’lumotiga ko‘ra, savdo hajmi odatiy kundagidan ortiqcha olti baravardan ko‘proq bo‘lgan.

Aksiya yildan yilga kattalashib bordi. 2013-yilga kelib «Alibaba» platformalaridagi «11.11» savdo hajmi qariyb 6 milliard dollarga yetdi. 2014-yilda esa bu ko‘rsatkich 9,3 milliard dollarni tashkil etdi. Bu raqamlar kompaniya platformalarida sotilgan mahsulotlarning umumiy qiymatini anglatadi, uning sof foydasini emas.

2015-yildan boshlab «Alibaba» aksiyani «11.11 Global Shopping Festival», ya’ni «Global xaridlar festivali» deb atay boshladi. Endi kompaniya faqat Xitoydagi xaridorlar bilan cheklanib qolmoqchi emasdi. Xorijiy brendlarni ham savdoga jalb qilish, Xitoy xaridorlariga boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni taklif etish asosiy maqsadlardan biriga aylandi.

Bu rejalar tezda natija bera boshladi. «Alibaba» ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-yilgi aksiyada 16 mingdan ortiq xalqaro brend mahsulotlari sotilgan. Xaridorlarning 33 foizi xorijiy brendlar yoki sotuvchilardan mahsulot xarid qilgan. Savdoda 232 ta mamlakat va hududdan xaridorlar hamda sotuvchilar qatnashgan.

Eng e’tiborlisi, bir kunlik savdo hajmi 14,3 milliard dollarga yetgan. Bu 2014-yilga nisbatan 60 foiz ko‘p edi. Bu ko‘rsatkich «Alibaba» platformalarida Alipay orqali amalga oshirilgan to‘lovlar asosida hisoblangan mahsulotlarning umumiy qiymatini anglatadi.

Aksiyaning mobil savdodagi ulushi ham sezilarli o‘sgan, bunda umumiy savdo hajmining 68,7 foizi mobil qurilmalar orqali amalga oshirilgan. Bir sutka davomida logistika hamkorlari esa 467 millionta yetkazib berish buyurtmasini qabul qilgan. Bu ko‘rsatkich 2014-yilga nisbatan 68 foiz ko‘p edi.

«11.11» globallashib, «Qora juma» va «Kiber dushanba» bilan raqobat qila boshladi

«Alibaba»ning «11.11» aksiyasi muvaffaqiyat qozongach, Xitoydagi boshqa savdo platformalari ham shu sanada chegirmalar o‘tkaza boshladi. Ulardan biri
JD.com (elektronika, maishiy texnika, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar sotiladigan yirik Xitoy internet-do‘koni) edi. 2014-yil 11-noyabr kuni ushbu platformada 14 milliondan ortiq buyurtma berildi. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 120 foizdan ko‘proq edi. Shu kuni JD.com orqali 35,19 million dona mahsulot sotilgan.

Keyingi yillarda «11.11» aksiyasi Xitoydan tashqaridagi bozorlarga ham tarqala boshladi. Masalan, «Alibaba»ga tegishli Lazada internet-do‘koni 2018-yilda Singapur, Malayziya, Tailand, Indoneziya, Filippin va Vietnamdagi xaridorlar uchun bir vaqtning o‘zida «11.11» aksiyasini o‘tkazdi. Lazada ma’lumotiga
ko‘ra, o‘sha kuni Janubi-Sharqiy Osiyoda 20 milliondan ortiq xaridor platformaga kirib, chegirmali mahsulotlarni ko‘rgan. Aksiyaning dastlabki bir soatida esa 1,2 millionta buyurtma berilgan.

Bu aksiyaga boshqa xalqaro internet-do‘konlar ham qo‘shildi. Masalan, Janubi-Sharqiy Osiyoda faoliyat yurituvchi Shopee 2020-yilgi «11.11» aksiyasi davomida o‘z platformasida 200 million dona mahsulot sotilganini ma’lum qildi. 2019-yilda esa bu ko‘rsatkich 70 million dona bo‘lgan. Demak, bir yil ichida sotilgan mahsulotlar soni qariyb uch baravar oshgan.

Ammo noyabr oyidagi chegirmalar faqat «11.11» bilan cheklanmaydi. Bu davrda yana ikkita mashhur savdo kuni bor: Qora juma (Black Friday) va Kiber dushanba (Cyber Monday).

Qora juma AQSHda Shukronalik kunidan keyingi juma kuni o‘tkaziladi. Dastlab bu kuni do‘konlarda katta chegirmalar e’lon qilingan. Keyinchalik aksiya internet-savdoga ham ko‘chib, ko‘plab mamlakatlarda ommalashgan. Undan keyingi dushanba esa Kiber dushanba deb ataladi. U internet-do‘konlardagi chegirmalar bilan bog‘liq savdo kuni sifatida 2000-yillarda paydo bo‘lgan.

Shunday qilib, noyabr oyi savdo kompaniyalari uchun xaridorlarni jalb qilish mavsumiga aylandi. «11.11» Xitoyda boshlangan bo‘lsa, Qora juma va Kiber dushanba AQSHdan tarqaldi. Bugun internet-do‘konlar bu sanalar munosabati bilan chegirmalarni bir necha kun, ba’zan esa bir necha hafta davom ettiradi.

Biroq katta chegirmalar xaridor uchun har doim ham katta tejamkorlik degani emas. Ba’zan aksiyalar odamlarni avval rejalashtirmagan mahsulotlarini ham sotib olishga undaydi. Xo‘sh, chegirmalar ortida qanday marketing usullari turadi va xaridorlar haqiqatan ham pul tejayaptimi?

Chegirma ortidagi hiyla: xaridorlar qanday qilib ko‘proq pul sarflaydi?

«11.11», Qora juma yoki Kiber dushanba kunlari internet-do‘konlarda ko‘p uchraydigan holat bor, masalan mahsulotning avvalgi narxi ustidan chiziq tortiladi, yonida esa ancha arzon yangi narx ko‘rsatiladi. Ba’zi mahsulotlarga 50, hatto 70 foiz chegirma va’da qilinadi. Xaridor bunday taklifni ko‘rib, hozir sotib olmasa, keyin bu imkoniyatdan foydalana olmasligi mumkin deb o‘ylaydi.

1

Lekin e’lon qilingan chegirma har doim ham xaridor pul tejayotganini anglatmaydi. Ayrim sotuvchilar aksiya oldidan mahsulot narxini ko‘tarib, keyin uni chegirma bilan sotishi mumkin. Masalan, avval 1 million so‘m turgan mahsulot narxi 1,5 million so‘mga oshiriladi. Keyin esa
«33 foiz chegirma» deb, yana 1 million so‘mga taklif qilinadi. Xaridorga katta chegirma berilgandek ko‘rinadi, aslida esa mahsulot avvalgi narxida sotilmoqda.

Jumladan, 2022-yilda Yevropa Komissiyasi va iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar Qora juma aksiyasi vaqtida 176 ta internet-do‘kondagi 16 mingta mahsulot narxini tekshirgan. Natijada chegirma e’lon qilingan mahsulotlarning har to‘rttasidan bittasida narxni ko‘rsatish qoidalari buzilgani aniqlangan. Tekshirilgan do‘konlarning kamida 43 foizida narxlarni ko‘rsatish qoidalari buzilgan.

Yevropa Ittifoqida bunday holatlarning oldini olish uchun sotuvchidan chegirma e’lon qilayotganda mahsulotning avvalgi 30 kun ichidagi eng past narxini ko‘rsatish talab qilinadi. Ya’ni sotuvchi mahsulot narxini aksiya oldidan oshirib, keyin uni arzonlashtirgandek ko‘rsata olmaydi. Xaridor chegirma qanchalik haqiqiy ekanini shu narx orqali tekshirishi mumkin.

Xaridorni shoshiltirish ham savdoda ko‘p ishlatiladigan usullardan biri. Internet-do‘konlarda «Aksiya tugashiga 10 daqiqa qoldi»,
«Atigi 3 dona qoldi»
yoki «Bu mahsulotni hozir 25 kishi ko‘rmoqda» kabi yozuvlarni uchratish mumkin. Bunday xabarlar xaridorda mahsulot tugab qolishi yoki chegirma yakunlanishidan oldin ulgurish kerak degan fikrni uyg‘otadi. Natijada odam narxlarni solishtirishga yoki mahsulot unga haqiqatan ham kerakmi, deb o‘ylashga vaqt ajratmaydi.

Yevropa Komissiyasi 2022-yilda 23 ta Yevropa Ittifoqi davlati, Norvegiya va Islandiyadagi iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bilan birgalikda 399 ta internet-do‘konni tekshirgan. 2023-yilning yanvarida e’lon qilingan natijalarga ko‘ra, ularning 148 tasida xaridorni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan kamida bitta usul aniqlangan. Bu tekshirilgan saytlarning 37 foizini tashkil etadi.

Xususan, 42 ta saytda soxta vaqt hisoblagichlari ishlatilgan. 54 ta sayt xaridorlarni qimmatroq mahsulot, pulli obuna yoki yetkazib berish xizmatini tanlashga undagan. Yana 70 ta saytda mahsulotning yetkazib berish narxi, tarkibi yoki arzonroq muqobili haqidagi ma’lumotlar yashirilgan yoxud ko‘zga tashlanmaydigan joyga joylashtirilgan. Shulardan 23 tasi xaridorni pulli obunaga jalb qilish uchun muhim ma’lumotlarni yashirgan.

Tekshiruvga 102 ta savdo platformasining mobil ilovalari ham kiritilgan. Ulardan 27 tasida ham xaridor qaroriga ta’sir qiluvchi shunday usullar aniqlangan.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) bunday usullarni «qorong‘i naqshlar» deb ataydi. Bu internet-do‘kon va ilovalarda xaridorni o‘zi istamagan yoki manfaatiga mos kelmaydigan qarorni qabul qilishga undaydigan usullardir. Masalan, soxta chegirmalar, yolg‘on ogohlantirishlar, yashirilgan qo‘shimcha to‘lovlar yoki xaridorning roziligisiz savatga qo‘shilgan mahsulotlar shular jumlasidan. 

Demak, chegirmalar mavsumida xaridor faqat mahsulotning yangi narxiga qarab qaror qilmasligi kerak. Uning avvalgi narxini tekshirish, boshqa do‘konlardagi takliflar bilan solishtirish va yetkazib berish xarajatlarini ham hisoblash muhim. Eng asosiysi, «aksiya tugayapti» degan yozuv sabab shoshilinch xarid qilmaslik kerak. Chunki katta chegirma deb ko‘rsatilgan taklif har doim ham eng arzon xarid bo‘lavermaydi.

Bir paytlar Xitoyda bo‘ydoqlar bayrami sifatida boshlangan «11.11» bүgun butun dunyoda katta savdo kuniga aylangan. Bu aksiya O‘zbekistonda ham ommalashib bormoqda. Mahalliy savdo platformalari ham allaqachon chegirmalarni e’lon qilib, xaridorlarni jalb qilishga kirishgan.

Lekin bir narsani unutmaslik kerak, chegirma borligi mahsulotni albatta arzon olish degani emas. Ba’zan aksiyaga uchib, o‘zimizga kerak bo‘lmagan narsalarni ham sotib olamiz, oxirida esa pul tejash o‘rniga ko‘proq xarajat qilamiz. Shuning uchun bu 11-noyabrda chegirmaga emas, avvalo mahsulotning haqiqiy narxi va o‘zingizga qanchalik kerakligiga e’tibor bergan ma’qul.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 230

Барчаси

Мавзуга оид

«11.11» aksiyasi: bo‘ydoqlar bayramidan milliardlab dollarlik savdo aksiyasigacha | Vaqt.uz