Logo

2025 yilda millionerlar soni rekord darajada oshdi

Бугун 14:452 дақиқа

Dunyoning olti yirik mintaqasidan beshtasida boy odamlar soni va ularning boyligi asosan sun’iy intellekt bilan bog‘liq fond bozorlari hisobiga ko‘paydi.

2025 yilda millionerlar soni rekord darajada oshdi © Bloomberg

2025 yilda boyligi yuqori bo‘lgan shaxslarning umumiy boyligi 8,7 foizga oshib, rekord darajadagi 98,3 trillion dollarga yetdi. Bu haqda Capgemini tadqiqot institutining Global Wealth Report (Global boylik hisoboti)da qayd etilgan.

Millionerlar soni qariyb 2 millionga ko‘payib, 25,3 millionga yetdi. O‘tgan yili iqtisodiyotning kuchli o‘sishi kompaniyalarning barqaror foyda olgani bilan bog‘liq bo‘ldi. Shuningdek, sun’iy intellekt (AI) yo‘nalishida ishlaydigan korxonalarga kiritilgan investitsiyalar fond bozorining barqarorligini yanada mustahkamladi. 2025 yilda dunyoning olti yirik mintaqasidan beshtasida boy odamlar soni va ularning boyligi asosan sun’iy intellekt bilan bog‘liq fond bozorlari hisobiga oshdi.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasi

Bu mintaqa eng yuqori o‘sishni qayd etdi. Boylik hajmi 10,5 foizga, boy odamlar soni esa 9,4 foizga ko‘paydi. Bunga yarimo‘tkazgichlarga (chiplar) bo‘lgan talabning oshishi sabab bo‘lib, u Osiyo fond bozorlarining o‘sishiga turtki berdi. Yaponiyada millionerlar soni 436 ming kishiga oshdi. Xitoyda esa 154 ming yangi millioner paydo bo‘ldi. Hindistonda boy odamlar soni 11 ming 300 kishiga ko‘paydi. Avstraliyada esa bu ko‘rsatkich 18 ming 100 kishini tashkil etdi.

Shimoliy Amerika

Bu hududda boy odamlar soni 9,1 foizga oshdi. AQSHda 736 ming yangi millioner paydo bo‘ldi. Bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Kanadada boy odamlar soni 6,7 foizga o‘sib, 30 ming yangi millioner qo‘shildi. Yevropa 2024 yildagi pasayishdan so‘ng, 2025 yilda Yevropada boy odamlar soni 6,5 foizga oshdi. Bunga fond bozorlarining barqarorlashgani va inflatsiyaning pasaygani sabab bo‘ldi. Luksemburg boy odamlar sonining eng tez o‘sgan mamlakatlaridan biri bo‘lib, o‘sish 13,5 foizni tashkil etdi. Germaniyada bu ko‘rsatkich 11,1 foizni tashkil etdi. Fransiyada 2,7 foiz, Buyuk Britaniyada esa 2,6 foiz o‘sish kuzatildi.

Afrika va Lotin Amerikasi

Afrikada boy odamlar soni 4,1 foizga oshdi. Bunga qimmatbaho metallarning narxi ko‘tarilgani sabab bo‘ldi. Eng yuqori o‘sish Marokashda kuzatilib, u 16,8 foizni tashkil etdi. Lotin Amerikasida esa boy odamlar soni atigi 0,3 foizga oshdi. Garchi investitsiyalar asta-sekin tiklana boshlagan bo‘lsa ham, savdo sohasidagi noaniqliklar o‘sishni sekinlashtirdi. Meksika eng yaxshi natijani ko‘rsatdi. U yerda boy odamlarning boyligi 5,4 foizga, ularning soni esa 1,8 foizga oshdi.

Yaqin Sharq

Bu mintaqada boy odamlar soni 1,4 foizga kamaydi. Bunga neft narxining pasayishi, mintaqadagi mojarolar hamda mehnat bozoridagi muammolar sabab bo‘lib, Fors ko‘rfazi davlatlarida iqtisodiy faollik susaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda World Population Review nashri dunyo bo‘yicha eng ko‘p millionerlarga ega mamlakatlar ro‘yxatini e’lon qilgandi.

Теглар

Мавзуга оид