
Dunyoda millionerlar eng ko‘p jamlangan davlatlar ma’lum qilindi
World Population Review nashri dunyo bo‘yicha eng ko‘p millionerlarga ega mamlakatlar ro‘yxatini e’lon qildi.

World Population Review nashri dunyoda millionerlar eng ko‘p jamlangan davlatlar ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shveysariya katta yoshli aholining 16,45 foizi kamida bir million dollarlik sof aktivlarga ega bo‘lib, millionerlarning aholi sonidagi ulushi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turibdi. Bu ko‘rsatkich mamlakatning global moliyaviy markaz sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Shveysariyadan keyingi o‘rinlarda Luksemburg va Honkong keladi. Ushbu davlatlarda aholi jon boshiga boylik darajasi yuqori bo‘lib, shaxsiy kapitalning katta qismi yuqori qiymatli aktivlar va rivojlangan moliya bozorlariga to‘plangan.
Umumiy hisobda esa AQSH millionerlar soni bo‘yicha hech kimga o‘rin bermayapti — mamlakatda 22 milliondan ortiq millioner mavjud. Ikkinchi o‘rin 6,3 million millionerga ega Xitoyga tegishli. Fransiya, Yaponiya va Germaniya ham 2,7–2,9 million atrofida millionerlar hisobi bilan yetakchi beshlikka kirgan.
Shunga qaramay, aholi soni katta bo‘lgan mazkur davlatlarda millionerlar ulushi Shveysariya yoki Luksemburg kabi kichik moliyaviy markazlarga nisbatan past. Tahlilchilar bu holatni yuksak iqtisodiy rivojlanishga ega joylarda aktivlar yuqori qiymatga ega bo‘lishi, valuta kurslari va yashash qiymati bilan izohlashmoqda.
Ro‘yxatning pastki qismida rivojlanayotgan mamlakatlar, xususan Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika, Janubiy Osiyo va Markaziy Amerikaning bir qismi bor. Bu hududlarda millionerlar ulushi deyarli 0 foizni tashkil etadi. Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat Qozog‘iston kiritilgan, O‘zbekiston esa ro‘yxatda yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Visual Capitalist» nashri Xalqaro valuta jamg‘armasining 2025 yilgi ma’lumotlariga tayanib, aholi jon boshiga eng katta iqtisodiy daromadga ega mamlakatlar ro‘yxatini e’lon qilgan edi.





