5 ming nafar andijonlik Belarusga ishga yuboriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarus bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududlararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
© Foto: prezident.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasiga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda ikki mamlakat o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni kengaytirish, investitsiya loyihalarini boshlash va savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan.
Qayd etilishicha, 8–9-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan rasmiy tashrif yakunlari bo‘yicha o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish hamda mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, yog‘ochni qayta ishlash va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 2 milliard dollarlik 310 ta loyiha va tadbirni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.
Davlat rahbari ushbu kelishuvlar qisqa muddatda amaliy natija berishi, yangi korxonalar tashkil etilishi, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi va tadbirkorlar uchun zarur shart-sharoitlar ta’minlanishi lozimligini ta’kidlagan.
Hududlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Taqdimotda Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik natijalari alohida ko‘rib chiqilgan.
Ikki hudud o‘rtasida tasdiqlangan «yo‘l xaritasi» doirasida 255 nafar andijonlik Vitebsk viloyatiga tashkiliy asosda ishga yuborilgan.
Shuningdek, 11 ta chorvachilik majmuasi negizida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, «Andijon invest» kompaniyasi ishtirokida yirik chorvachilik kompleksi va sanatoriy negizida investitsiya tashabbuslarini boshlash rejalashtirilgan.
Umuman, Vitebsk va Belarusning boshqa hududlarida chorvachilik, yog‘ochni qayta ishlash, logistika, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida umumiy qiymati 100 million dollardan ziyod bo‘lgan 30 ta yangi loyiha shakllantirilgan.
Andijonliklar Belarusda ish bilan ta’minlanadi
Prezident Andijon–Vitebsk hamkorligi tajribasini mamlakatning boshqa hududlarida ham joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari Belarusning turli hududlari bilan hamkorlik qiladi va har biri uchun alohida «yo‘l xaritalari» ishlab chiqiladi.
Har bir hududdan 30 nafardan yetakchi tadbirkorni Belarusga olib borib, mahalliy sheriklar bilan qo‘shma tashabbuslarni boshlash vazifasi qo‘yilgan.
O‘zaro savdoni jadallashtirish va yuk tashish xarajatlarini kamaytirish maqsadida zamonaviy logistika infratuzilmasini barpo etish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
Yil yakuniga qadar Orsha stansiyasida eksport-import yuklari uchun intermodal logistika markazini ishga tushirish, ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri blok-poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan.
Shuningdek, birinchi bosqichda Belarusdagi 13 ta korxonaga 1 ming 100 nafar O‘zbekiston fuqarosini ishga joylashtirish, sentabrdan boshlab esa har oy 500 nafardan, jami 5 ming nafar andijonlikni doimiy ish bilan ta’minlash belgilangan. Buning uchun Vitebsk shahrida Migratsiya agentligi vakolatxonasi ochiladi.





