83 ming harbiy halok bo‘ldi: Rossiya yangi askarlar qidirmoqda

Бугун 11:256 дақиқа

Ukrainadagi yuqori martabali mulozimlarning ta’kidlashicha, Moskvaning muammolari tobora ortib boryapti. Mustaqil hisob-kitoblar ham Rossiya iqtisodiyoti oqsayotganini ko‘rsatmoqda.

83 ming harbiy halok bo‘ldi: Rossiya yangi askarlar qidirmoqda © Ijtimoiy tarmoqlar

Rossiyaning Belarus orqali vaziyatni keskinlashtirishga urinishlari, xususan, u yerga qo‘shimcha yadro qurollari yetkazib berishi va shov-shuvli qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishi — uning Ukrainadagi quruqlik operatsiyalari sekinlashgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy «Militarniy» jurnaliga bergan intervyusida taktik tashabbus Ukraina qo‘liga o‘tganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Ukrainaning Rossiya pozitsiyalariga uyushtirayotgan hujumlari soni dushman hujumlaridan oshib ketgan. Bunga sabab shuki, Rossiya qo‘shinlarida hujum operatsiyalarini o‘tkazish uchun askarlar yetishmayapti.

«2026 yil boshidan buyon dushmanning umumiy yo‘qotishlari 141 500 kishidan oshdi. Shundan 83 mingdan ortig‘i qaytarib bo‘lmas yo‘qotishlardir (halok bo‘lganlar)», — deb yozdi Sirskiy o‘zining Telegram-kanalida.

Ukraina Tashqi razvedka xizmatining hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya kuniga 1000 dan ortiq kishini yo‘qotmoqda va buning o‘rnini to‘liq qoplay olmayapti. Joriy yilda kunlik yollanganlar soni o‘rtacha 800-930 kishini tashkil etmoqda. Oqibatda jang maydonidagi rus qo‘shinlari soni qisqarib bormoqda.

Tashqi razvedka xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, bunga javoban Rossiyaning 40 ta mintaqasida harbiy xizmatga shartnoma imzolaganlik uchun beriladigan mukofot pullari 30 foizdan 100 foizgacha oshirilgan. Armiya saflarini kengaytirish maqsadida Vladimir Putin Moldovaning Dnestrbo‘yi mintaqasidagi rus tilida so‘zlashuvchi aholi uchun Rossiya fuqaroligini olish tartibini ham soddalashtirdi.

«Rossiya shu tariqa yangi askarlarni qidirmoqda», — dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.

U Rossiya qo‘shimcha 100 ming askarni safarbar qilishga urinayotgani haqida razvedka ma’lumotlari olganini ta’kidladi.

«Bizningcha, hozirgi vaqtda Rossiyada yashirin safarbarlikni amalga oshirish uchun salohiyat yo‘q», — deya qo‘shimcha qildi u.

Shu bilan birga, 22-may kuni Rossiya Ukrainani Lugansk viloyatining o‘zi nazorat qilayotgan qismida halokatli hujumlar uyushtirganlikda aybladi. Xabarlarga ko‘ra, maqola tayyorlanayotgan vaqtda to‘rt kishi halok bo‘lgani aytilgan.

Ukrainaning Rossiya neft sanoati va harbiy texnikasiga qarshi zarbalari

Ukraina Tashqi razvedka xizmatining ma’lum qilishicha, Rossiya iqtisodiyoti ham izdan chiqmoqda. Yilning dastlabki to‘rt oyidayoq budjet kamomadi 78,4 milliard dollarni tashkil etgan. Vaholanki, butun yil uchun atigi 50,5 milliard dollarlik taqchillik rejalashtirilgan edi.

«Asosiy zarba neft sektoriga to‘g‘ri keldi. Uglevodorodlardan tushadigan daromadlar 38,3 foizga qisqardi», — deyiladi xabarda.

Joriy yilda Ukraina Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari va neft eksport qiluvchi terminallariga uzoq masofadan hujumlarni kuchaytirdi. Bu esa Moskvani jahon bozoridagi neft narxlarining oshishidan ko‘rishi mumkin bo‘lgan kutilmagan foydadan mahrum qildi.

Xalqaro energetika agentligining (XEA) qayd etishicha, Ukrainaning neft haydash stansiyalari, omborlar va quvurlarga bergan zarbalari oqibatida Rossiya 2026 yil aprel oyida neft qazib olish hajmini 2025 yilning apreliga nisbatan kuniga 460 ming barrelga qisqartirishga majbur bo‘lgan. Garchi Rossiya eksporti kuniga 250 ming barrelga oshgan bo‘lsa-da, qazib olishning qisqarishi uning Fors ko‘rfazidagi urush holatidan to‘liq foydalanish imkoniyatlarini cheklab qo‘ydi.

Shu bilan birga, bu yil Ukraina butun Rossiya bo‘ylab joylashgan neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni ham keskin oshirdi.

«Reuters» agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, yanvardan may oyiga qadar Ukraina dronlari hujumi natijasida 16 ta zavodda kuniga qariyb 700 ming barrel neftni qayta ishlash quvvati ishdan chiqqan. Ba’zi zavodlarga hatto bir necha bor zarba berilgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning mos davrida faqat 8 ta zavod zarar ko‘rgan edi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, zarar ko‘rgan korxonalar Rossiyaning umumiy neftni qayta ishlash quvvatining chorak qismini tashkil qiladi.

Bunday yo‘qotishlar Rossiya ichkarisida yoqilg‘i ta’minotida uzilishlar keltirib chiqarishi mumkinligi sababli Rossiya hukumati apreldan iyulgacha neft mahsulotlari eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy qilishga majbur bo‘ldi. XEA ma’lumotiga ko‘ra, taqiqning birinchi oyidayoq Rossiyaning neft mahsulotlari eksporti keskin pasayib, kuniga 340 ming barrelga kamaygan.

«Resurslarimiz cheklanganini hisobga olib, o‘zimizdan ancha yirik dushmanga samarali qarshilik ko‘rsatish uchun holdan toydirish urushidan assimetrik strategiyaga o‘tishga harakat qilyapmiz. Asosiy vazifalarimiz — dushmanning oldinga siljishini to‘xtatib, samarali qarshi hujumga o‘tish hamda ruslarning front ortiga, xususan, ularning ichki hududlariga chuqur zarbalar berishdir», — dedi Sirskiy Yevropa Ittifoqi Harbiy qo‘mitasidagi chiqishida.

17-may kuni Ukraina Moskva atrofidagi 100 kilometr radiusda joylashgan qator harbiy-sanoat obyektlariga hujum qildi. Bu harakat Rossiyaning 13 va 14-may kunlari Kiyevga uyushtirgan va 52 kishining umriga zomin bo‘lgan yirik zarbalariga o‘ziga xos javob bo‘ldi.

Ushbu nishonlar orasida yuqori aniqlikdagi qurollar uchun mikroelektronika ishlab chiqaruvchi «Angstrem» yarimo‘tkazgichlar zavodi, harbiylarga xizmat ko‘rsatuvchi Solnechnogorsk neft haydash stansiyasi va Moskva neftni qayta ishlash zavodi bor edi. Keyinroq sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarda Solnechnogorskda to‘rtta yoqilg‘i saqlash sisternasi vayron bo‘lgani tasdiqlandi.

«Ukrainaning «uzoq masofali sanksiyalari» Moskva viloyatigacha yetib bordi va biz ruslarga ochiq aytyapmiz: ularning davlati bu urushni to‘xtatishi shart», — dedi Zelenskiy.

Shuningdek, Ukraina 15-may kuni Ryazan neftni qayta ishlash zavodiga, 16-mayda Stavropol o‘lkasidagi «Azot» kimyo zavodiga, 19-mayda Yaroslavl neftni qayta ishlash zavodiga, 21-mayda Nijegorod viloyatining Kstovo shahridagi «Lukoyl» korxonasiga va 22-may kuni Sizran neftni qayta ishlash zavodiga dronlar orqali zarbalar yo‘lladi.

16-may kuni Vladimir Zelenskiy Ukraina tomoni dushmanning harbiy texnikalariga, jumladan, jangovar vertolyotlar, desant kemalari, o‘q-dori ortilgan kema va zenit-raketa majmualariga ham muvaffaqiyatli zarba berganini ma’lum qildi.

Ukraina Belarusni urushga qo‘shilishning og‘ir oqibatlaridan ogohlantirmoqda

Ukraina tomonining ma’lum qilishicha, Rossiya Kiyevga hujum uyushtirish va Ukrainaga qarshi urushda yangi front ochish maqsadida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga bosim o‘tkazmoqda.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya urush boshidagi strategiyasini takrorlash niyatida. Buning uchun ular qo‘shni Bryansk viloyatidan Chernigovga qarata bir vaqtning o‘zida hujum boshlashni rejalashtirgan.

«Bizga ma’lumki, ruslar Aleksandr Lukashenkoni yangi tajovuzkor operatsiyalarga qo‘shilishga ko‘ndirish maqsadida u bilan qo‘shimcha aloqalar o‘rnatgan», — dedi Zelenskiy 15-may kuni.

Shuningdek, u hozirda Ukrainaning shimoliy chegaralari mustahkamlanayotganini va mamlakatda tahdidlarga «javob qaytarish uchun aniq imkoniyatlar» yetarlicha mavjudligini qayd etdi.

«U yerdagilar shuni yaxshi tushunishlari kerakki, bu qadam ular uchun, albatta, juda jiddiy oqibatlarga olib keladi», — dedi Ukraina rahbari.

Bu hafta Rossiya Belarusni qo‘shma yadroviy mashg‘ulotlarga jalb qildi. Mazkur mashg‘ulotlarda 64 ming nafar harbiy xizmatchi, 200 dan ortiq raketa uchirish qurilmasi, 140 ta samolyot, 73 ta yer usti va 13 ta suvosti kemasi ishtirok etdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ma’lum qilishicha, ikki davlat harbiylari mashg‘ulotlar doirasida ballistik va qanotli raketalarni uchirib ko‘radi. Rossiya o‘tgan yil Belarusda o‘zining yangi «Oreshnik» taktik yadroviy raketasini joylashtirdi va ushbu qurol yordamida Yevropaning harbiy obyektlari hamda qurol ishlab chiqaruvchi korxonalariga hujum qilish bilan tahdid qilib kelmoqda. Moskvaning bildirishicha, mashg‘ulotlar doirasida «Iskander-M» ballistik raketalariga o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan yana bir qancha jangovar kallaklar Belarus hududiga olib o‘tilgan.

Oldindan e’lon qilinmagan mashg‘ulotlarning asosiy sababi sifatida, NATOning Rossiya-Ukraina urushiga nisbatan vaziyatni keskinlashtirayotganidan go‘yoki xavotirga tushish holati ko‘rsatilgan.

«Keskinlikning bunday ortishi, jumladan, yadroviy sohadagi ochiqdan-ochiq ig‘vogarona harakatlar natijasida strategik xavf-xatarlar, qolaversa, NATO va bizning mamlakatimiz o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv kelib chiqish ehtimoli ortib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, halokatli oqibatlarga olib kelishi hech gap emas», — deya ogohlantirdi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov TASS davlat axborot agentligiga bergan intervyusida.

Теглар

Мавзуга оид