Logo

Aholi qarzi, elektromobilga subsidiya va qimmatlashgan ko‘mir | «Avval iqtisod»

Бугун 15:556 дақиқа

«Avval iqtisod» dasturining 21-sonida tadbirkorlarning asosiy muammolaridan biri — teng imkoniyatlar yo‘qligi, aholi qarzdorlarining 9 milliondan oshgani, elektromobil subsidiyasi va energetika bozoridagi raqobat masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda aholi va biznesning xarajatlari oshib borayotgan bir paytda iqtisodiyotdagi bir nechta og‘riqli nuqta yana kun tartibiga chiqdi. Tadbirkorlar investitsiya qilishdan tiyilmoqda, qarzni undirish qiyinlashmoqda, qarzdorlar 9 milliondan oshgan. Bu orada ko‘mir narxi 2,1 baravarga qimmatlashdi, elektromobil xaridorlariga esa budjet hisobidan subsidiya berish taklif qilinmoqda.

«Avval iqtisod» dasturida iqtisodchi Otabek Bakirov bilan shu masalalarning sabab va oqibatlari muhokama qilindi.

Biznes bugun bilan yashayaptimi?

Tadbirkorlar kuni arafasida 5 mingdan ortiq tadbirkor o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov biznesdagi kayfiyatni baholash uchun muhim signal berdi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarning 40 foizi so‘nggi bir yil davomida umuman investitsiya kiritmagan. 51 foiz korxonada yangi mahsulot, xizmat yoki innovatsiya joriy qilinmagan. Deyarli uchdan bir tadbirkorning kelasi yil uchun rejasi yo‘q.

Bu raqamlar biznesning faqat bugungi xarajat va tushum bilan kun ko‘rayotganini ko‘rsatadi.

«Kim investitsiya kiritmaydi? Ertangi kunga ishonchi yo‘q bo‘lgan tadbirkor», — dedi Otabek Bakirov.

Tadbirkorlarning 53 foizi mahsulot va xizmatlar tannarxi oshganini bildirgan. Bunda energetika, yoqilg‘i va logistika asosiy bosim qilayotgan omillar sifatida ko‘rsatilmoqda.

Ya’ni biznesning muammosi faqat soliq yoki kreditda emas. Ishlab chiqarishning o‘ziga kerak bo‘lgan resurslar qimmatlashmoqda, elektr ta’minotidagi uzilishlar va oldindan to‘lov talablari aylanma mablag‘ga bosim qilmoqda.

Qarz qaytmasa, iqtisodiy zanjir uziladi

Biznesdagi yana bir katta muammo — qarz undirish.

So‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 73 foizi majburiy ijro bilan bog‘liq byurokratik jarayonlar biznesga salbiy ta’sir qilayotganini bildirgan.

Qarzning qaytmasligi oddiygina ikki tomon o‘rtasidagi muammo bo‘lib qolmaydi. Tadbirkor mahsulotini yetkazib beradi, ammo pulini ololmaydi. Natijada uning aylanma mablag‘i muzlab qoladi. Yangi xomashyo xarid qilish, ish haqi to‘lash yoki keyingi ishlab chiqarish siklini boshlash qiyinlashadi.

Masalan, 1 milliard so‘mlik aylanma mablag‘ga ega korxonaning 300–400 million so‘mi debitor qarzga aylanib qolsa, bu korxonaning bir necha oylik faoliyatini xavf ostida qoldirishi mumkin.

«Zanjir uziladi, ya’ni ishlab chiqarish sikli uziladi», — dedi Bakirov.

Qarz undirishning qiyinlashishi kredit narxiga ham ta’sir qiladi. Qarzdorlik xavfi oshgan sari bank va boshqa kreditorlar o‘z xavfini kredit narxiga qo‘shadi. Oxir-oqibat bu xarajat mahsulot va xizmatlar narxiga borib tushadi.

Muammo faqat biznes bilan cheklanmaydi. Aholining banklar, mikromoliya tashkilotlari va boshqa kreditorlar oldidagi qarzdorligi ham tez o‘smoqda.

9 milliondan ortiq qarzdor: endi eski usullar yetadimi?

Aholining qarz yuki dasturdagi eng jiddiy mavzulardan biri bo‘ldi.

Senatdagi yig‘ilishda qarzdorlar soni 9 milliondan oshgani ma’lum qilingan. Bunday miqyosdagi qarzdorlikni faqat telefon qilish, uyiga borish yoki mavjud ijro mexanizmlari orqali undirish tobora qiyinlashmoqda.

Bu yerda ikki xil muammoni ajratish kerak.

Bir tomonda daromadi yetarli bo‘lmagani uchun qarz olishga majbur bo‘lgan odamlar bor. Ikkinchi tomonda esa bir vaqtning o‘zida bir nechta bank, mikromoliya tashkiloti va boshqa kreditorlardan qarz olib, ularni qaytarish imkoniyatiga ega bo‘la turib majburiyatlarini bajarmayotgan qarzdorlar mavjud.

Shu sababli qarzdorlik bozorida yangi institutlar va aniq qoidalar zarurati paydo bo‘lmoqda.

«Hamma narsani o‘zining nomi bilan ataylik va qonunchilikda aytaylik, ruxsat beraylik», — dedi Bakirov kollektorlik institutlari haqida.

Gap qarzdorlarni jazolashning o‘zida emas. Masala qarzni undirishning qonuniy, shaffof va nazorat qilinadigan mexanizmini yaratishda.

Elektromobilga subsidiya: kimning hisobidan?

Aholi qarz yukini ko‘tarayotgan, ijtimoiy xarajatlar va budjet imkoniyatlari muhokama qilinayotgan bir paytda qimmat elektromobillar uchun davlat subsidiyasi taklifi ham savollarni yuzaga keltirmoqda.

Taklifga ko‘ra, qiymati 1 000 BHMgacha bo‘lgan elektromobillar uchun 300 million so‘mgacha kreditning 8 foizgacha bo‘lgan foiz xarajatlarini budjet hisobidan qoplash rejalashtirilmoqda.

Elektromobillashtirishning o‘zi muammo emas. Masala — davlat bu jarayonni qanday moliyalashtirishi kerakligida.

Agar elektromobil sotib olayotgan fuqaroning kredit foizini davlat qoplasa, bu mablag‘ baribir umumiy budjetdan chiqadi. Ya’ni elektromobil minmaydigan soliq to‘lovchi ham ushbu subsidiyani moliyalashtiradi.

«O‘zbekistonni elektromobillashtirish davlat siyosati bo‘lishi kerak. Lekin bunaqa yo‘l bilan emas», — dedi Bakirov.

Yana bir savol bor: ushbu imtiyozning asosiy foydalanuvchilari kim bo‘ladi?

Qonun loyihasida belgilangan mezonlar ayrim mahalliy kompaniyalar ishlab chiqarayotgan yoki import qilayotgan elektromobillarga mos kelishi mumkin. Shuning uchun subsidiya joriy etilishidan oldin uning budjetga yuklamasi, bozordagi raqobatga ta’siri va undan kim qancha manfaat ko‘rishi ochiq hisoblab chiqilishi kerak.

Aks holda ekologik siyosat sifatida boshlangan chora ayrim kompaniyalar va yuqori daromadli xaridorlarni budjet hisobidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmiga aylanib qolishi mumkin.

Ko‘mir qimmatlashdi, qish esa yaqin

2026 yil 1-iyundan ko‘mir narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilindi. Natijada ko‘mir narxi 2,1 baravarga oshdi.

Bu oddiy statistik o‘zgarish emas. Kuz-qish mavsumi yaqinlashgani sari ko‘mir narxining o‘sishi yuz minglab oilalarning xarajatlariga bevosita ta’sir qilishi mumkin.

Ayniqsa 100 dan ortiq tumanda uylarni isitishda ko‘mir muhim yoqilg‘i hisoblanadi.

Shu sababli narx erkinlashtirilgani bilan birga bozorning o‘zi ham ishlashi kerak: yetarli taklif, real raqobat va sifat nazorati bo‘lmasa, narxning erkinligi iste’molchi uchun shunchaki qimmatlashuvga aylanadi.

Muammo ko‘mir ta’minoti tizimida ham bor.

Platformaga har bir viloyatdan kamida uchta xususiy kompaniyani kiritish rejalashtirilgan. Ammo ular bir-biridan mustaqil bo‘lmasa, uchta kompaniya bo‘lgani bilan haqiqiy raqobat paydo bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, platformaga kirish uchun ombor, temiryo‘l infratuzilmasi, avtotarozi va avtoyo‘klagich kabi talablar qo‘yilmoqda. Bu talablar kichik sotuvchilarning bozorga kirishini qiyinlashtirishi mumkin.

Natijada davlat narxni belgilamaydi, lekin bozorga kim kira olishini belgilash orqali narx shakllanishiga bilvosita ta’sir qiladi.

«Men davlat narx o‘rnatib bersin degan narsani aytmayapman. Men aytyapman, davlat raqobat muhitini ta’minlab bersin, teng imkoniyatlarni ta’minlab bersin», — dedi Bakirov.

Energetika: narxdan ko‘ra tizim muhimroq

Energetika masalasi dasturdagi deyarli barcha mavzularni bir-biriga bog‘lab turadi.

Elektr uzilishi — biznes uchun yo‘qotish. Oldindan to‘lov — aylanma mablag‘ning muzlashi. Qimmat yoqilg‘i — tannarxning oshishi. Elektr energiyasi bozorida turli ishlab chiqaruvchilardan keskin farq qiladigan narxlarda xarid qilish esa tizim samaradorligi bo‘yicha savollar tug‘diradi.

Shu sababli masala faqat tarifni oshirish yoki pasaytirishda emas, elektr energiyasi bozorini qanday tashkil etishda.

Bakirov 2026 yildan elektr energiyasi narxlarini bozor va birja mexanizmlari orqali shakllantirish rejasiga qaytish zarurligini aytdi.

Yana bir taklif — yirik korxonalar uchun soatbay tariflarni joriy etish.

Quyosh va shamol energetikasining ulushi oshgani sari elektr energiyasining tannarxi kun davomida bir xil bo‘lmaydi. Kunduzi quyosh generatsiyasi yuqori bo‘lgan paytda elektr arzonroq, kechqurun esa quyosh ishlamagani uchun qimmatroq bo‘lishi mumkin.

Yirik ishlab chiqarish korxonalarining energiya talabini kunduzgi soatlarga ko‘chirish elektr tizimidagi yuklamani kamaytirishi va korxonalar uchun xarajatlarni pasaytirishi mumkin.

Muammolarning umumiy nuqtasi — teng imkoniyat va ochiqlik

Tadbirkorlarning investitsiya qilmayotgani, qarzlarning qaytmayotgani, elektromobillarga subsidiya berish taklifi, ko‘mirning qimmatlashuvi va energetikadagi muammolar bir-biridan alohida ko‘rinsa-da, ularning ortida umumiy masala turibdi.

Bozor qoidalari hamma uchun bir xil ishlayaptimi?

Gap faqat ayrim tarmoqlardagi xarajatlarning qimmatligida emas, raqobat shartlarining hamma uchun bir xil emasligida. Bir tadbirkor arzon energiyadan foydalanib, xarajatini pasaytirsa, boshqasi qimmat yoqilg‘iga majbur bo‘lsa, ular bir xil sharoitda raqobatlasha olmaydi. Kimdir davlat imtiyozlari va ma’muriy imkoniyatlardan foydalanib, bozorda ustunlikka ega bo‘lsa, boshqa tadbirkor bunday imkoniyatsiz qolsa, teng raqobat buziladi. Qarz majburiyatlarini undirish samarali ishlamasa, bu ham biznes o‘rtasidagi ishonchni susaytiradi. Budjet mablag‘lari esa ayrim iste’molchilar yoki kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilganda, bu xarajat oxir-oqibat barcha soliq to‘lovchilar zimmasiga tushadi.

Shuning uchun «Avval iqtisod» dasturida ko‘tarilgan masalalarning asosiy savoli bitta: davlat iqtisodiyotdagi muammolarni navbatdagi imtiyoz va ma’muriy qarorlar bilan hal qiladimi yoki raqobat, ochiqlik va teng imkoniyatlarga asoslangan tizim yaratadimi?

Dasturda ko‘tarilgan masalalarning umumiy xulosasi shu: iqtisodiyotda «oson yechimlar» tobora kamaymoqda. Endi alohida sohalarga chuqur kirib, muammoning ildizini topish va tizimli yechim yaratish talab qilinadi.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 184

Барчаси

Мавзуга оид