Logo

Banklarda mikroqarzlar foizi sezilarli pasaydi, ammo qarz yuki oshmoqda

Бугун 19:554 дақиқа

25 foizlik portfel cheklovi fonida banklardagi mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha stavka bir yilda 6,9 foiz bandga pasaydi. Biroq qarz oluvchilarning o‘rtacha qarz yuki 40 foizga ko‘tarilgan, bir kishiga to‘g‘ri keladigan shartnomalar soni oshgan va muammoli kreditlarning sifat tarkibi yomonlashgan. Kreditlashning bir qismi mikromoliya tashkilotlariga ko‘chayotgani esa banklardagi stavka butun bozordagi vaziyatni aks ettirmasligini ko‘rsatmoqda.

Banklarda mikroqarzlar foizi sezilarli pasaydi, ammo qarz yuki oshmoqda

Banklarda aholiga ajratilayotgan mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi so‘nggi bir yilda sezilarli pasaydi.

Vaqt.uz Markaziy bank e’lon qilgan banklar kesimidagi ma’lumotlarni taqqosladi. Unga ko‘ra, 2025-yil iyulida mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 35,4 foizni tashkil etgan. 2026-yil 27-iyulga kelib bu ko‘rsatkich 28,5 foizgacha tushgan.

Bir yil ichida stavka 6,9 foiz bandga qisqargan. Bu davrda Markaziy bankning asosiy stavkasi 14 foizda o‘zgarishsiz qolgan. Demak, mikroqarzlarning arzonlashishini faqat pul-kredit siyosatining yumshatilishi bilan izohlab bo‘lmaydi.

1

Pasayish banklarning mikroqarz portfeliga 25 foizlik cheklov kuchga kirgan davrga to‘g‘ri keladi. Biroq mavjud raqamlar stavkalarning tushishiga aynan cheklov sabab bo‘lganini to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirmaydi.

Inflatsiyaning pasayishi, banklar o‘rtasidagi raqobat, kredit portfeli tarkibining o‘zgarishi va yuqori stavkali kreditlarning mikromoliya tashkilotlariga ko‘chishi ham o‘rtacha ko‘rsatkichga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

25 foizlik cheklov nimani anglatadi?

Bu yerda gap mikroqarzlarning foiz stavkasini 25 foiz bilan cheklash haqida ketmayapti.

2025-yil 24-iyuldan kuchga kirgan nizomga ko‘ra, tijorat banki tomonidan ajratilgan mikroqarzlar qoldig‘i uning jami kredit portfelining 25 foizidan oshmasligi kerak. Overdraft va talablarga mos kredit kartalari uchun ham alohida 25 foizlik me’yor belgilangan.

Talab mikromoliya banklariga tatbiq etilmaydi. Mikromoliya tashkilotlari esa bank hisoblanmagani sababli ularning portfeli mazkur konsentratsiya me’yoriga kirmaydi.

Cheklovga mos kelmaydigan banklarga kredit portfelini 2029-yil 1-yanvargacha bosqichma-bosqich me’yorga keltirish imkoniyati berilgan.

Markaziy bankning moliyaviy barqarorlik sharhiga ko‘ra, 2026-yil boshida bank tizimidagi mikroqarzlar qoldig‘i 48,9 trln so‘mga yetgan. Bu jami kredit portfelining 8 foiziga teng.

Tizim bo‘yicha ulush 25 foizlik chegaradan ancha past. Biroq ayrim banklarda mikroqarzlarning kredit portfelidagi ulushi yuqori bo‘lib qolmoqda. Shu sababli cheklov barcha banklarga bir xil emas, asosan chakana kreditlashga kuchli ixtisoslashgan banklarga ta’sir qilmoqda.

Qarz oluvchilar ko‘paydi, bir kishida qariyb ikkita shartnoma bor

Markaziy bank mikroqarzlar bo‘yicha holat «biroz yomonlashganini» qayd etgan.

2026-yil boshida banklardan mikroqarz olganlar soni qariyb 2,7 mln kishiga yetgan. Bu bir yil oldingiga nisbatan 16 foizga ko‘p.

Har bir qarz oluvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha mikroqarz shartnomalari soni esa 1,7 tadan 1,9 taga oshgan. Ya’ni o‘rtacha mikroqarz oluvchining banklarda qariyb ikkita amaldagi shartnomasi mavjud.

Markaziy bankka ko‘ra, bir kishida bir nechta qarz majburiyatining to‘planishi aholi qarz yukining oshishiga va banklarda kredit yo‘qotishlari xavfining kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Bu o‘zgarish DSTI ko‘rsatkichida ham aks etgan. DSTI qarz oluvchining barcha kreditlari bo‘yicha oylik to‘lovlari uning oylik daromadining qancha qismini egallashini ko‘rsatadi.

2024-yilda mikroqarz oluvchilar bo‘yicha o‘rtacha DSTI 37 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda 40 foizga ko‘tarilgan. Soddaroq aytganda, hisob-kitobda qatnashgan qarz oluvchilar daromadining o‘rtacha 40 foizini qarzlarini to‘lashga sarflagan.

Hisoblangan mikroqarzlar hajmining 71 foizida DSTI 50 foizdan past bo‘lgan. Qolgan 29 foizida esa qarz to‘lovlarining daromadga nisbati 50 foizga teng yoki undan yuqori shakllangan.

2

Biroq bu raqamga ehtiyotkorlik bilan qarash kerak. Markaziy bank hisob-kitobi mikroqarz oluvchilarning faqat 52 foizini qamrab olgan. Shu sababli 40 foizlik o‘rtacha ko‘rsatkich butun mikroqarz bozorini to‘liq ko‘rsatib bermaydi.

Muammoli kreditlar ulushi o‘zgarmadi, lekin sifati yomonlashdi

2025-yil oxirida muammoli mikroqarzlarning jami mikroqarzlardagi ulushi 4 foizni tashkil etgan va bir yil ichida deyarli o‘zgarmagan.

Ammo muammoli kreditlarning ichki tarkibi yomonlashgan. Ularning 49 foizi «shubhali» va «umidsiz» kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu 2024-yildagiga nisbatan 2 foiz bandga ko‘p.

3

Shu bilan birga, banklar ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralarni oshirgan. Muammoli mikroqarzlarning zaxiralar bilan qoplanish darajasi 39 foizdan 50 foizga yetgan.

Demak, muammoli kreditlarning umumiy ulushi hozircha ko‘paymagan. Biroq ularning og‘irroq toifalarga o‘tishi mikroqarz portfeli sifati bo‘yicha xavotirlar saqlanayotganini ko‘rsatmoqda.

Xatar banklardan MMTlarga ko‘chishi mumkin

25 foizlik cheklov ayrim banklarning biznes modelini ham o‘zgartirmoqda.

Avvalroq Vaqt.uz aniqlaganidek, TBC Bank mikroqarzlarning bir qismini guruh tarkibidagi TBC Credit mikromoliya tashkiloti orqali ajrata boshlagan. Natijada kreditlar TBC Bank balansida emas, alohida MMT portfelida hisobga olinmoqda.

Uzum ekotizimida ham kreditlarning katta qismi Tezcoin va Shaffof-moliya kabi mikromoliya tashkilotlari orqali beriladi. Bu model cheklovdan oldin ham mavjud bo‘lgan, ammo yangi sharoitda bank portfeliga qo‘yilgan me’yorlarga kirmasdan kreditlashni kengaytirish imkonini bermoqda.

Shu sababli banklardagi mikroqarz stavkasining 28,5 foizgacha tushishi butun mikromoliya bozori arzonlashganini anglatmaydi.

Yuqori stavkali kreditlarning bir qismi banklar balansidan MMTlar balansiga o‘tgan bo‘lsa, banklar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich qarz oluvchilar duch kelayotgan haqiqiy narxni to‘liq aks ettirmasligi mumkin.

Markaziy bankning o‘zi ham mikroqarzlar bo‘yicha kredit xatarining ortishini mamlakat moliyaviy barqarorligiga ta’sir qiluvchi asosiy ichki xatarlardan biri sifatida ko‘rsatgan.

Regulyator xatarni kamaytirish uchun qarz yuki ko‘rsatkichini hisoblamasdan kredit berish imkonini beruvchi istisnolarni mikroqarzlarga tatbiq etmaslikni hamda mikroqarz olish uchun minimal oylik daromad talabini belgilashni taklif qilmoqda.

Hozircha natija ikki tomonlama. Banklarda mikroqarz stavkalari sezilarli pasaydi, biroq qarz oluvchilar soni, bir kishiga to‘g‘ri keladigan shartnomalar va o‘rtacha qarz yuki oshdi.

Kreditlashning MMTlarga ko‘chishi esa asosiy savolni ochiq qoldirmoqda: 25 foizlik cheklov mikroqarzlar bo‘yicha xatarni kamaytiryaptimi yoki uni banklar balansidan tashqariga ko‘chiryaptimi?

Теглар

Мавзуга оид