Benzin zaxiralari yetarli ekanini aytgan «O‘zbekneftgaz», vizasiz rejimni ko‘rib chiqayotgan Tailand va Apple Payʼga ulangan kartalar — 28-oktabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«Zapravka»larimizda benzin taqchilligi kuzatilmaydi — «O‘zbekneftgaz»
«O‘zbekneftgaz» AJ raisi o‘rinbosari Abrorjon Xudoyberganovning matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, respublika bo‘ylab kompaniyaga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchalarida (AYQSH) benzin taqchilligi kuzatilmayapti va yetarli miqdorda zaxiralar shakllantirilgan. Yil boshida 31 ta bo‘lgan «O‘zbekneftgaz» AYQSHlari tarmog‘i kengayib, hozirda ularning soni 152 taga yetgan va mahsulot realizatsiyasi 5–6 baravarga ko‘paygan.
Shuningdek, mas’ul shaxs so‘nggi 9–10 oy davomida kompaniya shaxobchalarida avtobenzin narxi 12 ming so‘mdan oshmaganini, narxlar asosan 10 500 so‘mdan 11 500 so‘mgacha bo‘lgan oraliqda barqaror saqlanib turganini ta’kidladi.
Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni qayta tiklashni ko‘rib chiqmoqda
Tailand hukumati O‘zbekiston, Kolumbiya va Meksika fuqarolari uchun 15 kunlik vizasiz rejimni qayta joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Bunga sayyohlarning viza olishdagi murakkab tartiblar va kechikishlar sababli safarlarini bekor qilishga majbur bo‘layotgani, shuningdek, xalqaro aviakompaniyalar duch kelayotgan logistik muammolar sabab bo‘lgan.
Xususan, o‘zbekistonliklarning elektron viza arizalari faqat Rossiyadagi elchixona orqali uzoq vaqt ko‘rib chiqilishi oqibatida mahalliy turoperatorlar Vietnam kabi boshqa raqobatdosh yo‘nalishlarga o‘tib ketishga majbur bo‘lgan.
Uzcard va Humo kartalarini ham tez orada Apple Pay xizmatiga ulash imkoniyati yaratiladi
O‘zbekistonda Apple Pay xalqaro to‘lov xizmati rasman ishga tushirildi. 27-oktabrdan boshlab foydalanuvchilar o‘z bank kartalarini Apple Wallet ilovasiga qo‘shib, iPhone va Apple Watch kabi mos qurilmalar orqali xavfsiz to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin. Dastlabki bosqichda xizmatga O‘zbekistondagi 8 ta tijorat bankining Visa va Mastercard kartalarini ulash ruxsat etildi. Shuningdek, shu kundan e’tiboran 9 ta bank tomonidan chiqarilgan xalqaro kartalarni Google Wallet ilovasiga ham qo‘shish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Markaziy bank xabariga ko‘ra, mahalliy to‘lov tizimlari hisoblangan Uzcard va Humo kartalarini ham Apple Pay xizmatiga ulash bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda va bu imkoniyat tez orada foydalanuvchilarga taqdim etiladi.
Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegarada yuk tashuvchilardan pul olmoqchi
Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasidagi «Qozig‘urt», «B. Qonisbayev» va «Atameken» o‘tkazish punktlari orqali xalqaro yuk tashish uchun elektron navbatga yoziluvchi tashuvchilardan 9-noyabrdan boshlab kafolat puli talab qilinadi.
Tashuvchilar navbatda joy band qilish uchun o‘z elektron hisoblarida 20 MRP, ya’ni 86 ming 500 tenge (taxminan 2 million 261 ming so‘m) miqdorida mablag‘ga ega bo‘lishlari kerak. Ushbu mablag‘ yuk mashinasi belgilangan vaqtda chegara punktiga yetib kelganda avtomatik tarzda to‘liq qaytariladi. Biroq, tashuvchi 90 kalendar kun ichida ketma-ket ikki marta o‘z vaqtida kelmasa, kafolat puli qaytarilmaydi va davlat budjetiga o‘tkazib yuboriladi.
O‘zbekiston tibbiyotida 2,7 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasida umumiy qiymati 2,7 milliard dollar bo‘lgan 35 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihalar doirasida Milliy onkologiya hamda Respublika nevrologiya va insult markazlari, Toshkent viloyatida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Nukusda onalar va bolalar markazi, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida Samarqandda 800 o‘rinli shifoxona va Buxoroda yangi tibbiyot muassasalari barpo etiladi.
Shuningdek, sohani rivojlantirish uchun yana 1 milliard dollarlik 9 ta istiqbolli loyiha taklif etilgan bo‘lib, infratuzilma master-rejasi asosida 2040 yilgacha mo‘ljallangan investitsiya strategiyasi ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, kelgusi yildan davlat shifoxonalarida xizmatlarni xususiy sektordan xarid qilish bo‘yicha autsorsing tizimi yo‘lga qo‘yiladi va bu jarayon maxsus elektron tizim orqali nazorat qilinadi.





