“Besh yildan beri uyimizdan darak yo‘q” — yashnobodliklar qurilish to‘xtab qolganidan noroz
Toshkentda to‘xtab qolgan qurilish. Aholi uning davom etishini so‘ramoqda. Yangi xonadon uchun to‘lov qilgan yashnobodliklar Olmos mahallasidagi uylari bitmayotganidan norozi. Vaqt.uz muxbiri holatni borib o‘rgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, poytaxtning Yashnobod tumani Olmos mahallasida joylashgan “Sokin House” nomli turar joy majmuasida “Halal Golden Meat” MCHJ tomonidan qurilish ishlari olib borilgan.
Biroq qurilish tashkiloti tomonidan loyihadan chetga chiqqan holda, bosh rejaga zid ravishda, qurilish me’yor va qoidalarini buzib qo‘shimcha qavat qo‘shilganligi sababli qurilish inspeksiyasi tomonidan qurilish ishlari to‘xtatish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.
2021-yil yozda obyektning 5-qavatidan 2 xonali xonadon sotib olgan fuqaroning aytishicha, sotuv ofisiga kelib, xonadon uchun 100 foiz to‘lov qilgan.
“205 million 600 ming so‘m 100% oldindan to‘lov qilganmiz. Shartnoma shartini bajarganimizdan keyin ozgina vaqt o‘tdi, qurilish boshlangandi, “kotlovan”, yer qazish ishlari bo‘lgandi o‘sha paytda. Keyin qurilish to‘xtadi. Orada biz qurilish kompaniyasiga murojaat qildik. Qurilish kompaniyasining egasi Hayrulla Xatamov bilan bog‘langanmiz. U bilan juda ko‘p marta biz bog‘langanimizdan keyin qurilish ozgina bo‘ldi. Ikki oy davom etadi, yana to‘xtaydi. Ikki oy davom etadi, yana to‘xtaydi. Lekin qurilishdan ko‘ra ko‘proq vaqt to‘xtashga ketdi.
O‘zi proyekt bo‘yicha ikkitablok besh qavatdan, o‘rtadagi proyekt yetti qavat edi. Keyin proyektga o‘zgartirish kiritib, olti va sakkiz qavatli qilishibdi”, deydi Saidahrorxo‘ja Saidakbarxo‘jayev.
Aniqlanishicha, fuqarolar tomonidan to‘lovlar ikki shaklda amalga oshirilgan: odamlar sotuv ofisida hisobchiga to‘lov qilgan yoki bank orqali quruvchi firma hisob raqamiga o‘tkazilib berilgan.
Obyektdan 2021-yil iyul oyida 2 xonali xonadon xarid qilgan Nigora Ibodovaga ko‘ra, 223 mln so‘mni naqd ko‘rinishida to‘lov qilgan.
“Sotuv ofisiga kelganmiz. U yerda bitta o‘g‘il bola, bitta qiz bola ishlaydiganlar bilan gaplashdik. Lekin bank orqali to‘lov qilganmiz, 100%. Besh yildan beri uy bitmagan. Unda xo‘jayinim tirik edilar, o‘tib qoldilar. Undan keyin o‘zimning kvartiramda yuribman. 400 dollar oyma-oy ikki xona kvartira to‘layman. Endi juda ham qiyin-da”, deydi Nigora Ibodova.
Fuqaro Mirolim Nurmatovga ko‘ra, quruvchi keyingi xaridorlarga turarjoy 5-6 oyda foydalanishga topshirilishi, shu sababli bo‘lib to‘lash usuli yo‘qligi, xonadon uchun to‘liq to‘lov qilinishi kerakligini aytgan. Shunga ishonib, u 2023-yilda maydoni 54 metr kvadrat bo‘lgan 2 xonali xonadonga 100 foiz to‘lov qilgan.
“Bu qurilish 2021-yilda boshlangan. Sotuv ofisida o‘zlariga to‘laganmiz. Shartnoma bo‘yicha 2023-yil yilning oxirigacha bitkazib berishi kerak edi. 2023-yil bizlarga mana uyni sotdi. Qarang, bir narsaga hayronman. 2023-yil buni ustida o‘zi jinoiy ish ochilib, o‘zi tergov bo‘lib, o‘sha avgust oylari bo‘lganmi pallada ham o‘zi o‘sha davom etyapti. O‘sha paytda bizlarga yana sotyapti bu uyni”, deydi Mirolim Nurmatov.
Ma’lum qilinishicha, sotuv ofisi 2023-yil oxirida yopilgan. Loyiha bo‘yicha turarjoy majmuasi 62 ta xonadondan iborat bo‘lib, xonadonlarning barchasi sotilgan.
“Bizga reklama qilgan. Uyimizga qayta-qayta telefon qilgan. Shu bahona shu uyni olib qolganmiz. Har yili bir etajdan quradi. 62 ta xonadon. Borib bankka100% to‘laganman, Kapitalbankka borib to‘lab qo‘yganman. Uyda, o‘sha yerda. 495 million so‘m to‘laganman uch xonali uyga. Olganim 2021-yil bo‘lsa, hozir besh yilo‘tayotgan bo‘lsa, besh yilda mana besh etaj qurgan. Hali ham chala, bitmagan”, deydi Dilshod Shermatov.
Aniqlanishicha, “Halal Golden Meat” MCHJ direktori Xayrulla Xatamov bilan bog‘liq uy mojarosi bitta shu emas. Jumladan, 2023-yil avgust oyida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov “Aziya Invest Favorit” MCHJga pul to‘lab, uylarini ololmayotgan 2 ming nafardan ortiq fuqarolar bilan uchrashgandi. Unda 14-marta sudlangan kompaniya rahbari Xayrulla Xatamov va uning oila a’zolariga tegishli 200 mlrd so‘mlik mulk xatlangandi. O‘shanda hukumat muammoni hal qilish yuzasidan o‘z taklifini bildirgandi.
Qurilish vazirligi quruvchi va fuqarolar o‘rtasida shartnoma shartlarini bajarish masalasi sud tartibida hal bo‘lishini ma’lum qilgan.
“Hozir sud qarori bor. Sud qaroriga asosan 2026-yil 28-mayga qadar obyekt topshirilishi kerak. Agar obyekt topshirilmaydigan bo‘lsa, xonadon pullarimiz qaytarib berilar ekan, quruvchi kompaniya tomonidan. Hozir bu yerda quruvchi, agar bizga pulimizni qaytarib beradigan bo‘lsa, hozirgi narxda sotsa, quruvchi ancha foyda bilan chiqadi. Bizning pullarga qurilgan obyektni qimmatga boshqa odamga sotish. Agar hozir biz pullarimizni qaytarib olsak, 28-mayga qadar qurilmaydi, bu quriladigan ahvolda emas 28-maygacha. Pulimizni qaytarib berishar ekan. Bu, to‘g‘risi, adolatsizlik”, deydi Saidahrorxo‘ja Saidakbarxo‘jayev.
Fuqarolarga ko‘ra, joriy yilda Yashnobod tuman hokimi Baxtiyor Rahmonqulov bilan ham uchrashuv bo‘lib, hokim tomonidan yechim ko‘rsatilgan.
“Bir-ikki hafta oldin tuman hokimi chaqirib, mana to‘lamaganlar to‘langlar qolgan pulini, men yordam beraman qurilishga, deb aytdilar. Hali to‘lamagan odamlarda ishonch yo‘q bo‘lgani uchun pul to‘lamayapti odamlar. Odamlarda ishonch qolmagan. O‘shaning uchun to‘lov qilmaymiz, oldin boshlasin, deyishyapti”, deydi Feruza Nurmuhammedova.
Ko‘p qavatli uy mojarosi qanday hal bo‘ladi? Yashnobod tuman hokimi va’da qilganday qurilish ishlari davom etib, odamlar o‘z xonadoniga ko‘chib o‘tadimi? Yoki sud tartibida pullar undirilib fuqarolarga qaytarib beriladimi? Buni vaqt ko‘rsatadi.
Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist
Operator va montajchi: Mirvohid Mirrahimov
Теглар






