«Bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga» — Yuliy Yusupov yangi soliq islohotini tanqid qildi

Бугун 13:557 дақиқа

Yangi soliq islohotlari kichik biznes uchun qator yengilliklarni nazarda tutsa-da, iqtisodchi Yuliy Yusupov ularning ayrim jihatlari mamlakatni 2019 yilgacha amal qilgan soliq tizimiga qaytarishi va biznes uchun yangi xavflarni yuzaga keltirishi mumkinligini ta’kidladi.

«Bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga» — Yuliy Yusupov yangi soliq islohotini tanqid qildi

Prezident tomonidan kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi soliq choralari tasdiqlanganidan so‘ng, iqtisodchi Yuliy Yusupov islohotlarning ayrim jihatlarini tanqid qildi. Uning fikricha, ayrim yengilliklar ijobiy baholanishi mumkin bo‘lsa-da, eng muhim o‘zgarishlar mamlakatni 2019 yilgacha amal qilgan soliq tizimiga qaytarish xavfini tug‘dirmoqda.

Yusupovning e’tiborini tortgan eng muhim jihatlardan biri — qarorlarning jamoatchilik va ekspertlar muhokamasisiz, amalda bir kun ichida qabul qilingani bo‘ldi. Uning fikricha, iqtisodiyot va biznesga ta’sir qiladigan bunday muhim o‘zgarishlar keng muhokama qilinishi kerak edi.

«Men bunday muhim hujjatlar hech qanday jamoatchilik muhokamasisiz, so‘zma-so‘z bir kunda — prezidentga taqdim etilgan kuni qabul qilinganini eslay olmayman. Bu 2017 yildan, ya’ni normativ hujjatlar loyihalari elektron shaklda e’lon qilinib, jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazila boshlanganidan beri davlat boshqaruvi tizimimizda mutlaqo prinsipial jihatdan yangi holatga o‘xshaydi», deb yozmoqda iqtisodchi.

Bundan tashqari, iqtisodchi ayrim qarorlar prezident vakolati doirasidan tashqarida bo‘lib, parlament tomonidan ko‘rib chiqilishi kerakligini qayd etadi.

«Shuni ham qayd etaman: qabul qilingan qarorlarning bir qismi prezident vakolati doirasidan tashqariga chiqadi va faqat parlament darajasida qabul qilinishi mumkin. Ammo bunday rasmiyatchiliklar, albatta, allaqachon hech kimni tashvishlantirmay qo‘ygan. Parlament ham Konstitutsiyaviy sud bilan birga, albatta, e’tiroz bildirmaydi. Faqat bir ovozdan ma’qullaydi», deydi u.

Muammo limitda emas, QQS tizimining o‘zida

Yangi farmonga ko‘ra, 2026 yil 1-iyundan kichik biznesning umumiy soliq rejimiga o‘tish chegarasi 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mgacha oshiriladi. Farmonda bu ko‘rsatkich bazaviy hisoblash miqdorining 12 ming baravari, ya’ni 4,95 milliard so‘m etib belgilangan.

Yuliy Yusupovning fikricha, limitni oshirish mantiqan to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, chunki ushbu mezon 2019 yilda joriy qilingan va bu davr ichida inflatsiya narxlarga ta’sir ko‘rsatgan. Biroq iqtisodchi asosiy muammo o‘tish chegarasining pastligida emasligini ta’kidlaydi.

Unga ko‘ra, muammo birinchi navbatda iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida soddalashtirilgan va umumiy soliq rejimlari o‘rtasidagi soliq yukining keskin farq qilayotganida. Ikkinchi muammo esa QQSning tadbirkorlar uchun amalda bosim vositasiga aylanganidir.

Yusupov QQS to‘lovchisi guvohnomalarining turli bahonalar bilan bekor qilinishi, «svetofor» tizimi, QQSni qaytarishdagi murakkabliklar, turli keshbek mexanizmlari, kameral tekshiruvlar va soliq organlarining boshqa amaliyotlari natijasida QQS biznes vakillari nazarida obro‘sizlanganini qayd etadi.

Iqtisodchining fikricha, bu muammoni limitni oshirish bilan emas, balki QQSning differensial stavkalarini joriy etish, foyda va dividend soliqlarini birlashtiruvchi taqsimlanadigan foyda solig‘iga o‘tish hamda moliya organlari tomonidan yuzaga keltirilgan ma’muriy bosim va «soliq boshboshdoqligi»ni tugatish orqali hal qilish kerak edi.

«Ammo biz muammolarning sabablarini emas, oqibatlarini bartaraf etishga o‘rganib qolganmiz. Shu sabab QQSni uzil-kesil ko‘mishga qaror qildik», — deydi u.

«Soddalashtirilgan QQS» yoki eski tizimga qaytish?

Yangi farmon bilan umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun QQS to‘lashning «soddalashtirilgan tartibi» joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, tadbirkorlar o‘z tanloviga qarab 6 foizlik «soddalashtirilgan QQS»ni to‘lab, foyda solig‘idan ozod bo‘lishi yoki amaldagi umumiy soliq rejimida qolishi mumkin.

Yusupovning qayd etishicha, bu amalda yana bir yangi soliq rejimi paydo bo‘lishini anglatadi. Farmondagi izohlarga ko‘ra, «soddalashtirilgan QQS» to‘lovchisi ilgari to‘langan QQSni hisobga ololmaydi, biroq u to‘lagan soliq qo‘shilgan qiymat zanjiridagi keyingi bo‘g‘in tomonidan hisobga olinishi mumkin.

Iqtisodchi bu tizim mohiyatan aylanmadan olinadigan soliq ekanini aytadi. Chunki xizmat ko‘rsatish, savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida ko‘pincha qo‘shilgan qiymat zanjirining davomi bo‘lmaydi.

Shu bois Yusupov bu qarorni 2019 yilgi soliq islohotlaridan oldingi tizimga qaytish sifatida baholaydi.

«Shunday qilib, 2026 yilda biz aylanmadan olinadigan soliqning to‘liq hukmronligiga, ya’ni 2019 yilgi islohotgacha bo‘lgan holatga qaytyapmiz — o‘shanda QQS to‘lovchilari barcha korxonalarning taxminan 3 foizini tashkil etardi. Tabriklayman! Va bunday radikal islohot hech qanday jamoatchilik muhokamasi va ekspert baholovisiz o‘tkazildi. Aql bovar qilmaydi».

Yusupov aylanmadan olinadigan soliqni davlat moliyasi tarixidagi eng zararli mexanizmlardan biri deb hisoblaydi. Uning izohlashicha, bunday tizimda mahsulot ishlab chiqarish va sotish zanjirining har bir bosqichida qayta soliqqqa tortiladi. Natijada uzun ishlab chiqarish zanjirlari iqtisodiy jihatdan samarasiz bo‘lib qoladi, mahsulot tannarxi oshadi va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarish rivojlanmaydi.

Iqtisodchi yangi sxemada bu kamchilik qisman yumshatilgandek ko‘rinsa-da, savdo sektorining yangi rejimga kiritilishi vaziyatni tubdan o‘zgartirishini ta’kidlaydi. Chunki savdo orqali realizatsiya qilinadigan deyarli barcha yakuniy iste’mol tovarlari bo‘yicha QQS zanjiri qadrsizlanadi. Natijada QQS to‘lamaydigan va foyda solig‘idan ham ozod etilgan korxonalar ustunlikka ega bo‘lib qoladi.

Bu esa, Yusupovning fikricha, allaqachon obro‘sizlangan QQS tizimidan yanada ko‘proq korxonalarni voz kechishga undashi mumkin.

«Yirik soliq to‘lovchilar» kim?

Iqtisodchi yana bir jihatga e’tibor qaratadi. Farmonga ko‘ra, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan korxonalar hamda «yirik soliq to‘lovchilar» yangi rejimdan foydalana olmaydi.

Yusupov «yirik soliq to‘lovchi» tushunchasiga izoh berilmaganini qayd etadi. Shu bilan birga, u mazkur cheklov amalda biznesni maydalashga undovchi signal sifatida qabul qilinishi mumkinligini ta’kidlaydi.

«Ammo bu cheklovda deyarli ochiq matn bilan yozilgan chaqiriq seziladi: BO‘LINING! Yirik soliq to‘lovchi bo‘lmang va QQSga aralashmang».

Iqtisodchi xulosasiga ko‘ra, qabul qilinayotgan o‘zgarishlar mamlakatni aylanmadan olinadigan soliqlar hukmron bo‘lgan 2019 yilgacha bo‘lgan model tomon qaytarmoqda. Uning fikricha, bunday keskin burilish jamoatchilik va ekspertlar muhokamasisiz amalga oshirilayotgani esa alohida xavotir uyg‘otadi.

Nihoyat bekor qilinayotgan «absurd normalar»

Yuliy Yusupov yangi farmonda ayrim ijobiy qarorlar ham mavjudligini qayd etadi. Xususan, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish korxonalariga alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotishga yana ruxsat berilishi shular jumlasidan.

Iqtisodchining fikricha, bu avval joriy etilgan va Fuqarolik kodeksi normalariga zid bo‘lgan tartibning bekor qilinishini anglatadi. Biroq u ushbu o‘zgarish barcha biznes va tovar toifalariga tatbiq etilmayotganiga ham e’tibor qaratadi.

«Xudoga shukr. Fuqarolik kodeksiga zid bo‘lgan avval joriy etilgan absurd norma bekor qilinmoqda, to‘g‘ri, biznes va tovarlarning barcha toifalari uchun emas. Har holda nimadir».

Yusupov ijobiy baholagan yana bir qaror — QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish amaliyotining bekor qilinishidir. Uning ta’kidlashicha, ushbu mexanizm 2020 yildan buyon soliq ma’murchiligidagi eng bahsli vositalardan biri bo‘lib kelgan.

Iqtisodchi bu amaliyotni konstitutsiyaga zid, noqonuniy va tadbirkorlik faoliyatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatgan mexanizm sifatida baholaydi. Shu sababli uning bekor qilinishi kechikkan bo‘lsa-da, muhim qadam hisoblanadi.

«Bu 2020 yildan beri soliq boshboshdoqligining eng yovvoyi, konstitutsiyaga zid, noqonuniy va absurd vositalaridan biri edi. Mana, nihoyat, bu vosita soliqchilarning qo‘lidan olindi. Albatta, kech bo‘lsa ham hechdan yaxshi. Ammo bu vosita umuman qo‘llanmaganida yanada yaxshi bo‘lardi».

QQSni qaytarish muammosi hal bo‘ladimi?

Farmon bilan moliya organlariga QQS bo‘yicha salbiy tafovutlarni avtomatik qaytarish mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish topshirildi.

Biroq Yusupov bu masalada ehtiyotkor optimizm bildirmoqda. Uning qayd etishicha, QQSni qaytarish bilan bog‘liq muammolar haqida yillar davomida gapirilmoqda, bu masalani hal etish bo‘yicha ko‘plab topshiriqlar ham berilgan. Shunga qaramay, muammo hanuz saqlanib qolmoqda.

Iqtisodchi buning o‘ziyoq tizimli muammo mavjudligini ko‘rsatishini ta’kidlaydi. Uning fikricha, davlat organlari ortiqcha to‘langan mablag‘larni biznesga qaytarish masalasida doim ham faol pozitsiya tutmagan.

«QQSni qaytarish muammolari haqida sanoqsiz yillardan beri gapirilmoqda va xuddi shuncha yildan beri bu muammoni hal qilish bo‘yicha topshiriqlar berilmoqda. Va agar u yana nechanchidir marta yuzaga chiqayotgan bo‘lsa, demak, uni hech qanday hal qilib bo‘lmayapti. Ko‘ramiz, bu safar prezidentning navbatdagi qarorini amalga oshirish qanday bo‘lar ekan».

Kichik biznes uchun yangi yengilliklar

Farmonda kichik biznes va umumiy ovqatlanish sohasi uchun soliq ma’murchiligini soddalashtirishga qaratilgan bir qator choralar ham nazarda tutilgan.

Yusupovning fikricha, bu qarorlar tadbirkorlar tomonidan uzoq vaqtdan beri ko‘tarib kelinayotgan muammolarga javob bo‘lishi mumkin. U hatto bu o‘zgarishlarni yaqinda tadbirkor Timur Musin tomonidan biznesini sotuvga qo‘yish haqidagi shov-shuvli bayonotlar bilan ham bog‘laydi.

Yangi tartibga ko‘ra, kichik biznes subyektlariga soliq hisobotlarida yo‘l qo‘yilgan xatolarni mustaqil ravishda tuzatish imkoniyati beriladi. Bundan tashqari, endilikda 500 million so‘mgacha bo‘lgan soliq xavfi mavjud bo‘lsa, soliq auditi, 100 million so‘mgacha bo‘lgan xavf aniqlansa esa, sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi.

Iqtisodchi bu choralarni biznes uchun ma’muriy bosimni kamaytirishga qaratilgan qadamlar sifatida baholaydi.

Jamoatchilik muhokamasisiz qabul qilingan islohot

Shunga qaramay, Yusupov nazarida eng katta muammo alohida bandlarda emas. Uning fikricha, iqtisodiyot va biznes muhiti uchun muhim bo‘lgan bunday qarorlar jamoatchilik va ekspertlar muhokamasisiz qabul qilingan.

Iqtisodchi iqtisodiy siyosatdagi bunday yondashuv biznes uchun xavotirli signal ekanini ta’kidlaydi.

«Qabul qilingan qarorlarning eng asosiy muammosi haqida yana bir bor: ular hech qanday jamoatchilik va ekspertlar muhokamasisiz, kuluarlarda, so‘zma-so‘z bir kun ichida qabul qilindi. O‘ylaymanki, bu iqtisodiyot va biznes uchun juda yomon signal».

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 136

Барчаси

Мавзуга оид