Logo

«Biz yangi alifbo yaratmayapmiz». 6 oydan keyin nima o‘zgaradi va uch xil yozuv muammosi kuchayadimi?

Бугун 21:317 дақиқа

Amaldagi davlat hujjatlari, pul va qimmatli qog‘ozlardagi yozuvlar ham alifbo o‘zgarishi ortidan darhol yangilanmaydi.

«Biz yangi alifbo yaratmayapmiz». 6 oydan keyin nima o‘zgaradi va uch xil yozuv muammosi kuchayadimi?

O‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgarishlar 6 oydan so‘ng rasman amaliyotga joriy etiladi. Biroq yangi qonun qabul qilingach, jamoatchilik orasida qator savollar paydo bo‘ldi: endi pasport va haydovchilik guvohnomalarini almashtirish talab etiladimi? Barcha kitoblar qaytadan nashr qilinadimi? Eski alifbo asosida tayyorlangan hujjatlar va darsliklar qanday tartibga solinadi?

Ushbu masalalarga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasida 21-oktabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi alifbo yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Vaqt.uz uchrashuvda aytilgan eng muhim fikrlar va jurnalistlarning savollariga berilgan javoblarini bir joyga jamladi.

2

Qonunning qabul qilinishi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzoladi. Bu masala yangilik emas. 2023-yil 11-dekabr kuni jadidlar merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ham alifbo bo‘yicha uzoq yillik bahslarga nuqta qo‘yish vaqti kelgani aytilgan edi. Ushbu qonun amaldagi yozuvda imlo va raqamli texnologiyalarda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish uchun qabul qilingani ma’lum qilindi.

23-oktabr kuni Fanlar akademiyasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida tilshunos olimlar o‘zgarish zaruratini bir necha sabab bilan izohladi. Jumladan, «Sh» va «Ch» tovushlarining ikki harf bilan ifodalanishi ayrim so‘zlarni yozish va o‘qishda chalkashliklar keltirib chiqarishi, tutuq belgisining turlicha yozilishi esa matnlarni raqamli tizimlarda bir xil tanishga xalaqit berishi mumkin. Mutaxassislar alifboni «bir tovush — bir harf» tamoyiliga yaqinlashtirish, yozuvdagi birxillikni ta’minlash va o‘zbek tilini raqamli texnologiyalarga moslashtirish asosiy maqsad bo‘lganini bildirdi.

Endi rasmiy hujjatlarni ham almashtirish kerakmi?

Yangi alifbo joriy etilishi aholining amaldagi pasporti, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yoki haydovchilik guvohnomasini muddatidan oldin almashtirishi kerakligini anglatmaydi. Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, professor Maqsud Asadovning tushuntirishicha, hujjatlar belgilangan amal qilish muddati tugagachgina, yangilash vaqti kelganda barcha hujjatlar o‘zgartirilgan alifboga moslashtiriladi. Yangi alifbo sababli ularni muddatidan oldin qayta rasmiylashtirish majburiyati bo‘lmaydi.

«Hech qanday hujjatlarda majburiy tarzda o‘zgartirishlar bo‘lmaydi. Hujjat egasi uni faqat alifbo o‘zgargani uchun yangidan olishi shart emas», — dedi Maqsud Asadov.

 

3

Amaldagi davlat hujjatlari, pul va qimmatli qog‘ozlardagi yozuvlar ham alifbo o‘zgarishi ortidan darhol yangilanmaydi. Avvaldan muomalada bo‘lgan hujjatlar o‘z kuchida qoladi, ularni majburiy ravishda almashtirish nazarda tutilmagan. Uchrashuvda hujjatlar bosqichma-bosqich, tabiiy ravishda o‘zgartirib borilishi aytildi.

Yangi alifbo nashriyotlarga qo‘shimcha xarajat va qiyinchilik tug‘dirmaydimi?

Tilshunoslar yangi alifbo nashriyotlar ishini qiyinlashtirishdan ko‘ra, ayrim jarayonlarni yengillashtirishini bildirdi. Aytilishicha, hozir «O‘» va «G‘» harflarini yozishda turli ko‘rinishlar hamda texnik amallar sabab xatolar yuzaga keladi. Yangi yozuvda bu harflarni bitta tugma orqali kiritish imkoniyati xatolarni kamaytirib, matn tayyorlashni osonlashtiradi.

4

Shuningdek, «Sh» va «Ch» tovushlarinialohidaharflarbilanifodalashayrimso‘zlarningyozilishiniixchamlashtiradi. Masalan, anjumanda «achchiqtosh» so‘zimisolqilibkeltirildi: yangiyozuvdauningtarkibidagi «ch» va «sh» birikmalaribirginaharfbilanyoziladivachalkashliklarbo‘lmaydi.

O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bo‘lim boshlig‘i, professor Yorqin Odilovning fikricha, to‘rtta harf o‘zgargani sababli lotin yozuvida kitob o‘qib kelayotgan odamlarga matnni tushunish jiddiy qiyinlashmaydi.

«Ayrim nashriyotlar hozir ham kitoblarni lotin va kirill yozuvlarida chop etadi. Bu amaliyot turli avlod vakillarining o‘qish odatlari va talabidan kelib chiqib qilinadi. Alifboga o‘tish inqilobiy tarzda emas, avlodlar almashinuvi va nashrlarning tabiiy yangilanishi orqali amalga oshiriladi», — dedi u.

Maktab darsliklari va yangilangan alifboni o‘qitish masalasi

Yangi alifbo joriy etilishi bilan maktabdagi barcha darsliklar olti oy ichida birdaniga almashtirilmaydi. Maqsud Asadovning tushuntirishicha, darsliklar belgilangan yangilanish davri kelganda bosqichma-bosqich yangi alifboga moslashtiriladi.

«Darsliklar o‘z-o‘zidan yangilanadi, chunki darsliklarning vaqti bor. Birinchi sinf o‘quvchilariniki o‘z-o‘zidan doim har yili yangi bo‘ladi. Undan keyin ma’lum bir yillar chegarasi bilan darsliklar yangilanib boradi. O‘sha jarayonda yangilanadi, xolos», — dedi Maqsud Asadov.

Demak, qonun kuchga kirishi uchun belgilangan olti oylik muddat barcha darsliklar shu vaqt ichida qayta chop etilishi kerakligini anglatmaydi. Yangi darsliklar tayyor bo‘lguniga qadar o‘qituvchilar o‘quvchilarga alifbodagi o‘zgarishlarni tushuntirib borishi rejalashtirilgan.

O‘qituvchilarni tayyorlash uchun esa malaka oshirish muassasalarida qisqa muddatli kurslar tashkil etilishi aytildi.

Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bosh ilmiy xodimi, professor Nizomiddin Mahmudovga ko‘ra, kurslar bir hafta yoki o‘n kun davom etishi mumkin. Ularning maqsadi — pedagoglar yangi yozuv qoidalarini o‘zlashtirib, o‘quvchilarga mustaqil ravishda tushuntira oladigan darajaga yetishi.

«Maxsus kurslar tashkil qilish orqali, belgilangan olti oy ichida maktab o‘qituvchisi yangi o‘zgarishlarni to‘liq o‘zlashtirgan va bemalol o‘qita oladigan darajaga olib kelinadi. Bu ishlar Vazirlar Mahkamasi ishlab chiqayotgan dastur va reja asosida tashkil etiladi», — dedi Mahmudov.

1

Unicode, komputer klaviaturasi va sun’iy intellekt

Alifboni o‘zgartirishning asosiy sabablaridan biri — o‘zbek yozuvini raqamli texnologiyalarga moslashtirish. Maqsud Asadovning tushuntirishicha, amaldagi yozuvda «O‘» va «G‘» harflarini komputerda kiritish uchun bir nechta amal bajarishga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, xalqaro Unicode standartida amaldagi «O‘» va «G‘» harflarining ishlatilayotgan shakllari bilan bog‘liq muammolar borligi aytildi.

(Unicode — komputer va boshqa raqamli qurilmalarda turli tillarning yozuv belgilarini yagona standart asosida ifodalash tizimi).

«Harflarning bir xil standartda kodlanmagani qidiruv, lug‘at va boshqa dasturlarning matnni to‘g‘ri tanishi hamda qayta ishlashiga xalaqit beradi. Natijada turli dasturlar va lug‘atlar yaratishda, umuman o‘zbek tilini raqamlashtirishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda», — dedi u.

Yangi alifboda «O‘» va «G‘» harflarini standart shaklda yozish bu kabi texnik noqulayliklarni kamaytirishga qaratilgan. Islohotning yana bir maqsadi — o‘zbek tilidagi matnlarni raqamli tizimlarda yaxshiroq qayta ishlash, o‘zbek tili korpuslarini yaratish va til imkoniyatlarini sun’iy intellekt tizimlariga integratsiya qilishni yengillashtirish.

Komputer klaviaturasi qanday o‘zgaradi?

Yangi harflarni komputerda yozish tartibi ham alohida masala sifatida ko‘tarildi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Raqamli texnologiyalar vazirligi yangi alifboni dasturiy ta’minotga moslashtirish, harflarni klaviaturada qayerga joylashtirish masalalarini hamkorlikda ishlab chiqqan. Jarayonni Davlat tilini rivojlantirish departamenti nazorat qilishi bildirildi. Bu ishlarning amaliyotda joriy etilishi, yangi alifbodan faol foydalanish boshlangach amalga oshiriladi.

Tutuq belgisi nega o‘zgartirilmadi?

Qidiruv tizimlari va ma’lumotlar bazalarida tutuq belgisi texnik belgi sifatida talqin qilinib, masalan, «A’lo» so‘zini ikki qismga ajratib yuboradi va yaxlit so‘z sifatida qabul qilmaydi. Alifbo islohoti vaqtida bu muammo ham nega hal qilinmaganiga professor Nizomiddin Mahmudov shunday izoh berdi:

«Tutuq belgisidan butunlay voz kechish maqsadga muvofiq emas. Bu belgi o‘zbek tilida ma’no farqlovchi teng huquqli bir harf. Shu bois uni shunchaki ortiqcha texnik belgi sifatida ko‘rish mumkin emas».

Biroq qidiruv tizimlaridagi texnik muammoning qanday yechilishi haqida anjumanda aniq texnik yechim aytilmadi.

Olti oydan keyin barcha davlat idoralari yangi alifboda ish yuritadimi?

Uchrashuvda muhokama qilingan yana bir muhim masala — qonun kuchga kirishi uchun belgilangan olti oylik muddatdan keyin davlat idoralari, ta’lim muassasalari va ommaviy axborot vositalarining barchasi yangilangan alifboga o‘tishi bo‘ldi. Ma’lumki, amaliyotda lotin va kirill yozuvlaridan birgalikda foydalaniladi, ayrim idoralar hujjatlarni hanuz kirill yozuvida yuritadi.

Mutaxassislar qonun olti oydan keyin kuchga kirishini va uning ijrosiga doir jarayonlar boshlanishini aytdi. Olti oylik muddat o‘tgachgina, uning natijalarini baholash to‘g‘riroq bo‘lishi bildirildi. Shu bilan birga, barcha tashkilotlarning yangi alifboga o‘tishini qanday nazorat qilish, o‘tish muddati davomida yozuvdagi tafovutlarni qanday bartaraf etish yoki talab bajarilmagan taqdirda qanday choralar ko‘rilishi haqida aniq mexanizm aytilmadi.

Yangi alifbo o‘zbek yozuvidagi noqulayliklarni bartaraf etish, harf va tovush o‘rtasidagi muvofiqlikni yaxshilash hamda matnlarni raqamli muhitda qayta ishlashni osonlashtirish maqsadida qabul qilindi. O‘zgarish komputerda o‘zbekcha matn terish, elektron lug‘atlar va sun’iy intellekt tizimlarining o‘zbek tilini to‘g‘ri qayta ishlashi uchun imkoniyat beradi.

Biroq alifboni qonun bilan tasdiqlash va uni kundalik hayotga joriy etish — ikki xil masala. Buning uchun imlo qoidalari va o‘quv materiallarini yangilash, o‘qituvchilarni tayyorlash, raqamli vositalarni moslashtirish hamda davlat idoralarida yangi yozuvdan foydalanishni qat’iy yo‘lga qo‘yish kerak. Aks holda, eski kirill, avvalgi lotin va yangi lotin yozuvi rasmiy hujjatlar hamda idoralararo yozishmalarda yonma-yon qo‘llanib, bugungi chalkashliklarni yanada kuchaytirishi mumkin. Ya’ni yangi alifbo bo‘yicha qabul qilingan qonunning ijrosi aniq nazorat qilinmasa, O‘zbekistonda uch xil yozuv yonma-yon ishlatilib, katta xaos paydo bo‘lib qolmaydimi? Bu hozircha ochiq savol.

Теглар

Мавзуга оид

«Biz yangi alifbo yaratmayapmiz». 6 oydan keyin nima o‘zgaradi va uch xil yozuv muammosi kuchayadimi? | Vaqt.uz