Logo

«Biznes va iste’molchilarga trillionlab so‘m zarar keltiradigan yopiq qaror» — shakar importiga qo‘yilgan kvota o‘zini qanchalik oqlaydi?

2027-yildan O‘zbekistonda oq shakar importiga yiliga 300 ming tonnalik kvota joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Hukumat bu orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlamoqchi. Biroq ichimlik ishlab chiqaruvchilar mahalliy zavodlar bozorni yetarli hajmda ta’minlashga tayyor emasligi, cheklov esa shakar taqchilligi va narxlar oshishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. Xo‘sh, mahalliy zavodlar ichki talabni qoplashga qanchalik tayyor va import cheklovi bozordagi narxlarga qanday ta’sir qilishi mumkin? Vaqt.uz ushbu maqolada shu haqda so‘z yuritadi.

«Biznes va iste’molchilarga trillionlab so‘m zarar keltiradigan yopiq qaror» — shakar importiga qo‘yilgan kvota o‘zini qanchalik oqlaydi?

Vazirlar Mahkamasi 2026-yil 30-iyulda mahalliy shakar ishlab chiqarishni rivojlantirish va ichki bozorni barqarorlashtirish bo‘yicha 417-son qarorni qabul qildi.

Qaror XDFU, ya’ni «Xizmat doirasida foydalanish uchun» grifi bilan belgilangan. Bu belgi davlat siriga kirmaydigan, biroq foydalanilishi cheklangan xizmat hujjatlari va ma’lumotlariga qo‘yiladi. Shu sababli shakar importiga qo‘yilgan kvotaga tegishli qaror keng jamoatchilik uchun ochiq emas.

Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan oq shakar importiga yiliga 300 ming tonna kvota joriy etiladi. Uning 100 ming tonnasi ichimlik ishlab chiqaruvchilarga, 100 ming tonnasi qandolat korxonalariga va qolgan 100 ming tonnasi boshqa oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarga ajratiladi.

Kvotalar elektron auksion orqali taqsimlanadi. Platforma 2026-yil 1-dekabrgacha ishga tushirilishi va bojxonaning «Yagona darcha» tizimiga ulanishi kerak. Kvota hajmi har olti oyda ichki talab, mahalliy ishlab chiqarish, import va narxlarga qarab qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Keyingi yil uchun kvotani Vazirlar Mahkamasi har yili noyabr oyida tasdiqlaydi.

Biroq qarorda 300 ming tonnadan ortiq shakar importi qanday tartibda amalga oshirilishi aniq ko‘rsatilmagan. Importga cheklov qo‘yilishi mahalliy zavodlardan ko‘proq shakar ishlab chiqarishni talab qiladi. Ammo zavodlar bunga qanchalik tayyor va kvota bozor narxlariga qanday ta’sir qiladi? Vaqt.uz jamoatchilik faollarining fikrini o‘rgandi.

«Import o‘rnini bosish siyosati o‘zini shunchalik obro‘sizlantirdiki, uni yashirishga to‘g‘ri kelmoqda» — Yuliy Yusupov

Iqtisodchi Yuliy Yusupov shakar importiga kvota joriy etilishi va mahalliy zavodlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini 1996-yildan beri davom etayotgan import o‘rnini bosish siyosatining navbatdagi ko‘rinishi deb baholadi. Uning fikricha, bu siyosat o‘zini oqlamagan bo‘lsa-da, hukumat undan voz kechish o‘rniga ayrim ishlab chiqaruvchilarni yana himoya qilish yo‘lini tanladi. Yusupov qarorning XDFU grifi ostida qabul qilinganini ham tanqid qildi.

«Nega hujjat XDFU grifi ostida? Ko‘rinishidan, mualliflar “o‘zlari ham maqtanishga arzimaydigan ish qilayotganini” tushunishadi va jamoatchilik bundan xabardor bo‘lishini istashmaydi. Import o‘rnini bosish siyosati uni shunchalik obro‘sizlantirdiki, uni yashirishga to‘g‘ri kelmoqda», — deya fikr bildirgan Yuliy Yusupov.

U bunday siyosat qanday ishlashini ham tushuntirdi. Uning yozishicha, davlat ayrim korxonalarga soliq, bojxona va kredit imtiyozlari beradi, subsidiyalar ajratadi, import mahsulotlariga esa turli cheklovlar qo‘yadi. Bu himoya ostida ishlab chiqaruvchilar bir muddat faoliyat yuritadi.

«Imtiyozli konvertatsiya kursi valutani konvertatsiya qilishning o‘zidayoq shunday “daromad” olish imkonini berganki, erkin bozorda halol va muvaffaqiyatli ishlayotgan tadbirkor bu pulni 10, hatto 100 yilda ham topishi mumkin edi», — deb yozdi iqtisodchi.

Ammo imtiyozlar tugagach, ularning erkin bozorda raqobatlasha olmasligi ayon bo‘ladi. Shundan keyin davlat avvalgi imtiyozlarni uzaytiradi yoki yangilarini joriy etadi. Iqtisodchi shakar sanoatidagi bu vaziyatni byurokratik jarayonning bir qismi deb baholadi.

Uning ta’kidlashicha, bunday yondashuv raqobatni cheklaydi, monopoliyalar va korrupsiyaga yo‘l ochadi. Buning xarajatlari esa oxir-oqibat iste’molchilar va soliq to‘lovchilar zimmasiga tushadi. Yusupov hukumat ayrim korxonalarni importdan himoya qilish o‘rniga, barcha tadbirkorlar uchun teng raqobat sharoitini yaratishi kerakligini ta’kidladi.

«Hukumatimiz 1996-yilda boshlangan import o‘rnini bosish siyosatidan voz kechmaguncha, monopoliya va korrupsiya botqog‘idan chiqish imkoniyati yo‘q. Amaldorlar buni yaxshi tushunishadi. Ammo mamlakatga zarar yetkazayotgan bu amaliyotdan voz kecha olishmayapti. Qizig‘i, nega?», — deya xulosa qildi iqtisodchi.

«O‘zbekistonliklarni kambag‘allashtirishi mumkin bo‘lgan yopiq qaror» — Muhrim A’zamxo‘jayev

Shuningdek, jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev o‘z Telegram kanalida shakar importiga cheklov joriy etish haqidagi qarorning jamoatchilikdan yashirilganiga e’tiroz bildirdi.

«Tavba, hukumatimiz qarorning o‘zini ko‘rsatmay, cheklov haqida qaror chiqaryaptimi? O‘zbekistonliklarni kambag‘allashtirishi mumkin bo‘lgan yopiq qarorlar qabul qilish amaliyoti to‘xtasa yaxshi bo‘lardi», — deb yozdi u.

«Shakar qimmatlasa, uning ortidan boshqa mahsulotlar ham qimmatlaydi» — Bektosh Xotamov

Jamoatchilik faoli Bektosh Xotamov ham kvota joriy etilishi bozorda shakar taklifini kamaytirib, uning narxini oshirishi mumkinligini aytdi. Uning yozishicha, 2026-yilning dastlabki yetti oyida O‘zbekiston 505 ming tonna shakar import qilgan. Yil yakunida bu ko‘rsatkich 800 ming tonnadan oshishi mumkin. Natijada 2027-yildan importni 300 ming tonna bilan cheklash esa taklifni keskin kamaytiradi.

Xotamovning fikricha, bozorda shakar kamayishi uning narxini oshiradi. Bu esa non, shirinlik, ichimlik va konserva kabi mahsulotlar tannarxiga ham ta’sir qiladi. Ayniqsa, daromadining katta qismini oziq-ovqatga sarflaydigan oilalar bundan ko‘proq zarar ko‘radi. Shakarni asosiy xomashyo sifatida ishlatadigan ichimlik va qandolat ishlab chiqaruvchilari esa qimmat mahsulot bilan eksport bozorlarida raqobatlasha olmay qolishi mumkin.

«Shakar faqat choyda emas, nonda, shirinlikda, ichimlikda, konservada, deyarli hamma narsada bor. U qimmatlashsa, ortidan boshqa mahsulotlar ham qimmatlaydi», — deb yozdi Xotamov.

Jamoatchilik faoli kvotalarni elektron auksion orqali taqsimlash ham muammoni hal qilmasligini aytdi. Chunki import huquqini qo‘lga kiritish uchun to‘langan pul shakar narxiga qo‘shiladi. Import sun’iy cheklangan sharoitda kvotaning o‘zi daromad manbaiga aylanishi va korrupsion xavflarni kuchaytirishi mumkin.

Xotamov hukumat mahalliy shakar zavodlarini qo‘llab-quvvatlash uchun kredit muddatlarini uzaytirish, soliq imtiyozlari berish va davlat xaridlarida ularga ustuvorlik yaratishni rejalashtirganiga ham to‘xtaldi. Uning fikricha, ayrim korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun butun bozorni importdan himoya qilish to‘g‘ri yo‘l emas.

«Ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlash kerak, lekin buning pulini har bir oila shakar narxi orqali to‘lamasligi kerak», — deya ta’kidladi u.

Shuningdek, Xotamov qarorning jamoatchilikka e’lon qilinmagani va importga miqdoriy cheklovlar qo‘yilishi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoniga ta’sir qilishi mumkinligini aytdi. Unga ko‘ra, mahalliy zavodlarni raqobatga tayyorlash o‘rniga importni cheklash eng qimmat yo‘l bo‘lib, buning yuki oxir-oqibat iste’molchilarga tushadi.

«Biznes va iste’molchilarga trillionlab so‘m zarar keltiradigan yopiq qaror» — Bakirov

Iqtisodchi Otabek Bakirov shakar importiga kvota joriy etilishi nafaqat iste’molchilar va ishlab chiqaruvchilarga, balki davlat budjetiga ham zarar keltirishini bildirdi.

Bakirovning yozishicha, O‘zbekiston 2026-yilda 750–800 ming tonna shakar import qiladi. Yiliga 300 ming tonnalik kvota joriy etilsa, import hajmi qariyb 2,5 barobarga qisqaradi.

Uning fikricha, bu bozorda shakar narxini oshiradi. Oqibatda ichimlik va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining xarajatlari ko‘payib, ayrim korxonalar ishlab chiqarishni qisqartirishga yoki eksport bozorlarini boy berishga majbur bo‘lishi mumkin.

«Iste’molchilar, ayniqsa kambag‘al qatlamlar uchun shakar qimmatlashadi. Tadbirkorlar biznesi yopiladi yoki qisqaradi, endigina kirib borilayotgan eksport bozorlari boy beriladi. Tiyiqsiz amaldorlar esa cho‘ntagini to‘ldirib, sherik shakarchilar orttiradi», — deb yozdi Bakirov.

Iqtisodchining yozishicha, import yiliga 500 ming tonnaga qisqarsa va bir tonna shakar 650 dollardan hisoblansa, davlat budjeti import bojidan yiliga 65 mln dollar yoki qariyb 770 mlrd so‘m tushumdan ayriladi.

Shunday qilib, kvota sabab davlat import bojidan tushadigan daromadni yo‘qotishi, ayni paytda mahalliy zavodlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha mablag‘ sarflashi mumkin. Bakirov bu qarorning iqtisodiy zarurati asoslab berilmasa, uni bekor qilish kerakligini ta’kidladi.

«Mahalliylashtiruvchi shakarchilar to‘dasining cho‘ntagiga pul oqimlarini burish uchun davlatga, iqtisodiyotga, biznes va iste’molchilarga trillionlab so‘m zarar keltiradigan bu yopiq qarorni qabul qilish zaruratini asoslab berishmasa, qaror bekor qilinishi kerak», — deya yozdi iqtisodchi.

Mahalliy ishlab chiqarish ichki talabni to‘liq qoplamaydi

UzBev’ning «Gazeta.uz»ga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 750–770 ming tonna shakar iste’mol qilinadi. So‘nggi yillarda mahalliy ishlab chiqarish hajmi kamaygan, bozor esa importga tobora ko‘proq tayanmoqda.

3

Izoh: import ko‘rsatkichlariga tayyor shakar bilan birga mahalliy zavodlarda qayta ishlanadigan xom shakar ham kiradi. 2027-yildan joriy etiladigan 300 ming tonnalik kvota esa faqat tayyor oq shakar importiga tegishli.

Masalan, 2023-yilda 599,4 ming tonna, 2024-yilda 474,4 ming tonna, 2025-yilda esa atigi 200,5 ming tonna shakar ishlab chiqarilgan.

Shu sababli ichki bozor ko‘proq import hisobidan ta’minlanmoqda. 2023-yilda O‘zbekiston 912 ming tonna shakar import qilgan. Uning 762 ming tonnasi zavodlarda qayta ishlanadigan xomashyo, 150 ming tonnasi esa tayyor oq shakar bo‘lgan.

2025-yilda tayyor oq shakar importi ancha oshgan. Mamlakatga 516 ming tonna tayyor shakar olib kirilgan. Bu 2024-yilga qaraganda qariyb ikki barobar ko‘p. Xom shakar importi esa 216,3 ming tonnagacha kamaygan. Jami import hajmi 732,3 ming tonnani tashkil etgan.

Tayyor shakar importi oshishiga 2025-yil 1-oktabrdan oq shakar uchun 20 foizlik aksiz solig‘i bekor qilingani ham sabab bo‘lgan.

Demak, mahalliy ishlab chiqarish kamaygan, tayyor shakar importi esa oshgan. Masalan, 2025-yilda zavodlar 200,5 ming tonna shakar ishlab chiqargan bo‘lsa, chetdan 516 ming tonna tayyor oq shakar olib kelingan.

2026-yilda mahalliy korxonalarda qancha shakar ishlab chiqarilgani haqida ochiq statistika mavjud emas. UzBev’ning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, korxonalarda shakar ishlab chiqarish 2025-yilning oktabrida to‘xtagan va 2026-yil davomida qayta tiklanmagan.

Biroq Toshkent viloyati Statistika boshqarmasi 2026-yilning yanvar–mart oylarida 133,9 ming tonna shakar ishlab chiqarilganini bildirgan. Shuningdek, boshqarmaning 2025-yil bo‘yicha hisobotida birinchi chorak uchun 251,6 ming tonna, yil yakuni uchun esa 113,9 ming tonna ko‘rsatilgan.

Milliy statistika qo‘mitasi esa 2025-yilning birinchi yarmida mamlakat bo‘yicha 165,5 ming tonna shakar ishlab chiqarilganini qayd etgan. Ushbu raqamlar o‘rtasidagi tafovut sababli mahalliy ishlab chiqarishning aniq hajmini aniqlash ancha qiyin.

O‘zbekistonda shakar ishlab chiqaradigan ikkita yirik korxona bor. Ular «Angren Shakar» va «Xorazm Shakar»dir. Ularning umumiy loyiha quvvati yiliga 900 ming tonnadan ortiq. Biroq bu zavodlar shuncha miqdorda shakar ishlab chiqaradi, degani emas. Korxonalar asosan import qilinadigan xom shakarni qayta ishlab, tayyor mahsulot oladi.

«Uzmeb» ma’lumotlaridan kelib chiqsa, mahalliy zavodlar ichki talabni to‘liq qoplay olmayotgan bir paytda tayyor shakar importini yiliga 300 ming tonna bilan cheklash taqchillik xavfini oshiradi. Agar zavodlar ishlab chiqarishni yetarli darajada tiklamasa, bozorda talabni qondirish uchun shakar yetishmasligi, shakar xomashyo sifatida ishlatiladigan mahsulotlar narxini oshirishi mumkin.

Mahalliy ishlab chiqarish har doim ham arzon emas

O‘zbekiston shakarni asosan Rossiya va Braziliyadan import qiladi. Rossiyadan tayyor oq shakar va xomashyo, Braziliyadan esa asosan mahalliy zavodlarda qayta ishlash uchun xom shakar keltiriladi.

UzBev hisob-kitoblariga ko‘ra, Braziliyadan keltirilgan xomashyoni qayta ishlab, bir tonna shakar olish 787 dollarga tushadi. Rossiya xomashyosidan ishlab chiqarish xarajati 695–752 dollar, tayyor oq shakarni Rossiyadan import qilish esa taxminan 620 dollarni tashkil etadi. Bu ayrim holatlarda tayyor shakarni import qilish mahalliy zavodlarda ishlab chiqarishdan arzonroq ekanini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, zavodlarning ishlashi uchun xomashyo uzluksiz yetkazib berilishi kerak. UzBev hisob-kitobiga ko‘ra, 460 ming tonna shakar ishlab chiqarish uchun 470 ming tonna xomashyo zarur, uni Rossiya va Braziliyadan yetkazish esa bir oydan uch oygacha vaqt oladi.

Assotsiatsiya xomashyo zaxiralari va yetkazib berish shartnomalari haqida ochiq ma’lumot yetarli emasligini bildirgan. Uning taxmincha, tayyor shakar importiga cheklovlar mahalliy ishlab chiqarish tiklanishidan oldin kuchga kirsa, 2026-yilning dekabridan 2027-yilning fevraligacha bozorda ta’minot uzilishi mumkin.

UzBev bunday vaziyatda shakar narxi 15–28 foizga, ta’minot uzilishi kuchaysa, 34–47 foizga qimmatlashishi mumkinligini aytgan. Bu raqamlar assotsiatsiyaning taxminiy ssenariylari bo‘lib, rasmiy prognoz emas.

Davlat mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qanday qo‘llab-quvvatlaydi?

Hukumat mahalliy shakar zavodlarining moliyaviy ahvolini yaxshilash va ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun ularga bir qator imtiyozlar bermoqchi. Avvalo, korxonalarning «O‘zsanoatqurilishbank» oldidagi kredit qarzlarini qaytarish muddati besh yilgacha uzaytiriladi. Shuningdek, to‘lovlarni ikki yilgacha kechiktirish imkoniyati beriladi.

Zavodlarning xomashyo importi uchun xorijiy valutada olgan kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini ham davlat qoplaydi. 2026-yil 1-avgustdan 2031-yil 1-avgustgacha kredit foizlarining 50 foizi, biroq 5 foiz banddan oshmagan qismi qoplab beriladi. Bundan tashqari, sohaga 50 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.

Korxonalarning xarajatlarini kamaytirish uchun soliq imtiyozlari ham taklif etilgan. Unga ko‘ra, shakar ishlab chiqaruvchilarni foyda solig‘idan (15 foiz) ozod qilish, mol-mulk solig‘i (1,5 foiz) stavkasini esa 2031-yil 1-yanvargacha 50 foiz miqdorida belgilash ko‘zda tutilgan. Bu imtiyozlar hisobidan tejalgan mablag‘lar faqat kredit qarzlarini to‘lashga sarflanishi kerak.

Hukumat mahalliy zavodlar ishlab chiqargan shakarni sotish uchun ham qo‘shimcha imkoniyat yaratmoqda. 2027-yil 1-yanvardan davlat tashkilotlari va korxonalari oq shakarga bo‘lgan ehtiyojini, birinchi navbatda, mahalliy ishlab chiqaruvchilar hisobidan qoplashi belgilangan. Zavodlar ishlab chiqargan shakarning barchasi tovar-xomashyo birjasi orqali sotiladi, eksport qilishga esa cheklov qo‘yilmaydi.

Shu bilan birga, korxonalar zimmasiga kredit qarzlarini qaytarish bo‘yicha qat’iy talablar yuklangan. Zavodlarning bo‘sh mablag‘lari qarzlarni muddatidan oldin to‘lashga yo‘naltiriladi, kreditlar to‘liq yopilmaguncha foydani dividend sifatida taqsimlash mumkin bo‘lmaydi. Korxonalarga bank vakillarini moliyaviy direktor etib tayinlash ham tavsiya qilingan.

Ma’lumot uchun, ushbu imtiyozlar hali kuchga kirmagan. Qarorda ularni joriy etish uchun Soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritish loyihasini tayyorlash topshirilgan.

Теглар

Мавзуга оид

«Biznes va iste’molchilarga trillionlab so‘m zarar keltiradigan yopiq qaror» — shakar importiga qo‘yilgan kvota o‘zini qanchalik oqlaydi? | Vaqt.uz