Davletov lavozimidan olindi, 8 o‘zbekistonlik halok bo‘ldi, «Sharmandali mahalla» tamg‘asiga izoh berildi, hokim transport qatnovini tanqid qildi — hafta dayjesti
Hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan Vaqt.uz dayjestida tanishing.
O‘zbekistonlik 8 qurbon
Yakunlanayotgan hafta Rossiya–Ukraina urushi bilan bog‘liq og‘ir fojia bilan boshlandi. 10-avgust kuni Tataristonning Nijnekamsk shahriga uyushtirilgan keng ko‘lamli dron hujumi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi. Eng achinarlisi, ularning 8 nafari — Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar edi.
Hujum shaharning bir qancha obyektlariga jiddiy zarar yetkazdi, yong‘in yuzaga keldi, o‘nlab odamlar tibbiy yordamga murojaat qildi. Voqea ortidan Tataristonda motam e’lon qilindi.
Mudhish hodisadan so‘ng, O‘zbekiston prezidenti topshirig‘i bilan hukumat komissiyasi tuzilib, Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Migratsiya agentligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh Rossiyaga bordi va 12-avgust kuni halok bo‘lganlarning jasadlarini vatanga olib keldi. Bu komissiyaning vazifasiga jabrlangan yurtdoshlarimizga yordam ko‘rsatish va marhumlarning oilalarini qo‘llab-quvvatlash ham kiradi.
Geosiyosiy nuqtai nazardan, Nijnekamskdagi voqea Rossiya–Ukraina urushi doirasidagi dron hujumlari geografiyasi tobora kengayib borayotgani va ular nafaqat harbiy va strategik obyektlar, balki tinch aholi hamda fuqarolik infratuzilmalariga ham jiddiy xavf solayotganini ko‘rsatadi.
Marhumlarning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz.
Davletov o‘rniga Davlatov
Bu hafta hukumatda kadrlar almashinuvi kuzatildi. 13-avgust kuni prezident qarori bilan Ruslanbek Davletov prezidentning vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi. Bundan 3 oy oldin prezident oldida nutq qilgan adabiyotshunos va navoiyshunos Olim Davlatov esa davlat rahbarining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. U may oyida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlangandi.
«Aybimiz bo‘lsa, uzrimizni so‘raymiz» — Chinoz hokimi
O‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda anchagina bahs-munozaraga sabab bo‘lgan «Sharmandali mahalla» plakati bilan bog‘liq holat bu hafta yana muhokama markazida bo‘ldi. Sababi, vaziyatga Chinoz tumani hokimining shaxsan o‘zi izoh berdi.
Sherzod Solihovga ko‘ra, mahallalarni «Sharmandali mahalla», uylarni esa «Uyatli xonadon» deb belgilash bo‘yicha unga yuqoridan hech qanday topshiriq berilmagan. Bu uning shaxsiy tashabbusi bo‘lgan.
Gap shundaki, «Birlik» mahallasidagi obodonlashtirish va sanitariya holati tanqid qilingach, yig‘ilishda mahallani ramziy ma’noda «Sharmandali mahalla» deb atash va hatto ayrim joylarga shu mazmundagi yozuvlar ilish taklifi bildirilgan.
Hokimning tushuntirishicha, banner faqat videotasvir uchun ilingan va keyinchalik darhol olib tashlangan. Ya’ni, amalda biror mahalla yoki xonadonga bunday yozuvlar osilmagan.
Solihov bu usuldan maqsad mahalla faollarini sharmanda qilish emas, aksincha, ularni muammolarga jiddiyroq yondashishga undash bo‘lganini aytdi. Shu bilan birga, u o‘z harakatini ham tanqidiy baholab, «Balki qaysidir joyda sal qo‘pollashib ketgandirman» deb, aybi bo‘lsa, uzr so‘rashini bildirdi.
«Chiqqan odam kasal bo‘ladi, tanish-bilishsiz bilet ololmaysan» — Surxondaryo hokimi
Hech sizda poyezdga bilet olishda muammo bo‘lganmi? Yoki tanish-bilishlarsiz o‘zingizga qulay vaqtga osongina chipta ololganmisiz?
Bugun O‘zbekistonda transport va qatnov masalasi ko‘pchilikni o‘ylantiradigan mavzulardan biriga aylangan. Bilet topish, narxlar, poyezdlarning kechikishi yoki yo‘lovchilar uchun sharoitlarning yetarli emasligi odamlarning kundalik hayotiga bevosita ta’sir qilmoqda.
Surxondaryoda transport masalasi yana muhokama mavzusiga aylandi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Toshkent bilan bog‘lovchi poyezd va avtomobil qatnovidagi muammolarni keskin tanqid qildi.
Gap oddiy yo‘lovchi har kuni duch keladigan muammolar haqida, ya’ni poyezdlarda sovitish tizimi ishlamasligi, vagonlarning haddan tashqari gavjumligi, vokzallardagi sharoitning talabga javob bermasligi va eng muhimi — bilet topish qiyinligi haqida ketmoqda.
Hokimning ta’kidlashicha, ayrim hollarda biletni tanish-bilishsiz topish qiyin. Shu bois u bilet narxlari va ustamalarni tekshirish, onlayn savdoni shaffof qilish hamda vositachilikka yo‘l qo‘ymaslikni talab qildi.
Mas’ullarga esa bir hafta muddat berildi. Poyezdlar, vokzallar, aeroport va boshqa transport infratuzilmasi tekshirilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishi kerak. Qisqasi, hokim bergan topshiriqlarning amaldagi natijasini yaqin orada ko‘ramiz, degan umiddamiz.
O‘zbekistonda bolaga otasining ismini familiya sifatida qo‘yishga ruxsat berildi
Endi farzandingizga o‘z ismingizni familiya sifatida berishingiz mumkin. Bu hafta aynan shu mavzuga oid muhim yangilik e’lon qilindi.
Prezident tomonidan imzolangan qonunga ko‘ra, farzandga otasining ismi asosida familiya berishga ruxsat etildi. Shuningdek, ota-onalar xohlasa, bolaga bobosining ismi asosida ham familiya berishi mumkin. Ya’ni, familiya tanlashda oilalarga yana bir imkoniyat qo‘shildi.
Bu o‘zgarish ayrim oilalar uchun ayniqsa muhim. Masalan, otasining familiyasini olishni istamaydigan yoki turli sabablar bilan boshqa variantni tanlamoqchi bo‘lgan bolalar uchun endi muqobil yo‘l bor.
Shuningdek, O‘zbekiston qonunchiligida «diniy ekstremizm» atamasi «ekstremizm» atamasi bilan almashtiriladi. Qayd etilishicha, bugungi kunda ekstremizmning shakl va ko‘rinishlari tobora o‘zgarib, uning xavfi nafaqat diniy, balki boshqa ekstremistik g‘oya va harakatlar orqali ham namoyon bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan ekstremizmning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan.
Ronaldo uylandi
Nihoyat, Krishtianu Ronaldu qariyb 10 yildan beri birga yashab kelayotgan Jorjina Rodriges bilan rasman oila qurdi.
8-avgust kuni Portugaliyaning Madeyra orolida Ronalduning to‘yi bo‘lishi haqidagi xabarlar tarqalib, minglab muxlislar sobor oldiga yig‘ildi. Hatto kelinni olib kelgan «Rolls-Royce» mashinasi paydo bo‘lganida, muxlislar nihoyat Ronaldu va Jorjinaning to‘yini ko‘ramiz, deb o‘yladi. Ammo kelin mashinadan tushgach, uning Jorjina emasligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, o‘sha kuni soborda Fransiyada yashovchi madeyralik Fabio Ramos va Fotima Nikol Kunya Teysheyraning nikoh marosimi bo‘layotgan ekan. Ronaldu muxlislari esa shunchaki boshqa to‘yga kelib qolgan.
Qizig‘i, oradan ko‘p o‘tmay, Ronaldu va Jorjina haqiqatan ham turmush qurganini ma’lum qildi. Aftidan, ular dabdabali to‘y qilmagan. 41 yoshli Ronaldu va Jorjina 2016-yildan beri birga. Endi esa ularning uzoq yillik munosabati nikoh bilan mustahkamlandi.
Ma’lumot uchun, u besh karra Chempionlar ligasi g‘olibi, Yevropa chempioni va ikki karra Millatlar Ligasi g‘olibi. U milliy jamoalar, Yevropa chempionatlari, Chempionlar ligasi va Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi.
340 mln so‘mlik oltin savdosi fosh etildi
Oramizda tezda boyib ketish xayolida yuradiganlar talaygina, shundaymi? Ammo oson pul topish ilinjida qonunni chetlab o‘tishga uringanlar ham topilyapti.
Bu hafta Navoiyda noqonuniy oltin savdosi bilan shug‘ullangan ikki kishi qo‘lga olindi. Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 212,9 gramm quyma oltinni katta pulga sotishga urinish fosh etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi ikki shaxs 212,9 gramm oltinni xaridorga 340 million so‘mga sotishga kelishgan. Ular xaridorga 999 probali 26,3 gramm oltinni berib, qolgan qismini keyinroq yetkazib berishni va’da qilgan. Ular 20 ming dollar va 100 million so‘mni olayotgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Tekshiruv davomida ulardan birining uyida qumdan oltin ajratib olishga mo‘ljallangan yashirin sex ham aniqlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Теглар






