Eron masalasida AQSH va Xitoyning fikri bir joydan chiqdi
Tramp va Si o‘rtasidagi muzokaralarda Eron yadro dasturi, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligi va iqtisodiy hamkorlik asosiy mavzulardan bo‘lgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerakligi borasida kelishib oldi. Bu haqda Oq uy ma’lum qildi.
«Har ikki tomon Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerakligi borasida kelishib oldi», — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, muzokaralar chog‘ida energiya resurslarining jahon bozoriga to‘siqsiz yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida Hurmuz bo‘g‘ozi ochiq qolishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
Ho‘rmuz va neft masalasi muhokama qilindi
Oq uy bayonotiga ko‘ra, yetakchilar iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olgan. Xususan, Si Jinping Ho‘rmuz bo‘g‘oziga bog‘liqlikni kamaytirish maqsadida AQSHdan neft sotib olish hajmini oshirishga qiziqish bildirgan.
«Rais Si Jinping, shuningdek, Xitoy bo‘g‘ozning harbiylashtirilishiga va undan foydalanganlik uchun haq undirishga qaratilgan har qanday urinishlarga qarshi ekanini bildirdi. Kelajakda Xitoyning ushbu bo‘g‘ozga bog‘liqligini kamaytirish uchun Amerika neftini ko‘proq hajmda sotib olishga intilishini ma’lum qildi», — deyiladi bayonotda.
Tayvan mavzusi tilga olinmadi
Shu bilan birga, «NBC News» telekanalining qayd etishicha, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar yakuni bo‘yicha berilgan rasmiy bayonotda Tayvan oroli atrofidagi vaziyat tilga olinmagan.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, hujjatda asosiy e’tibor Eron, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi xavfsizlik va iqtisodiy masalalarga qaratilgan.





