«Faqat axmoqlar boshqacha o‘ylaydi»: Tramp neft narxining ko‘tarilishiga munosabat bildirdi

Avvalroq Londonning ICE birjasida 2026-yil may oyida yetkazib beriladigan «Brent» markali neft narxi 2022-yil 30-avgustdan buyon birinchi marta bir barrel uchun 102 dollardan oshganligi haqida xabar berilgandi.

«Faqat axmoqlar boshqacha o‘ylaydi»: Tramp neft narxining ko‘tarilishiga munosabat bildirdi

AQSH prezidenti Donald Tramp jahon bozorida neft narxining keskin oshishiga munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu holat vaqtinchalik bo‘lib, Eronning yadro dasturi bilan bog‘liq xavf bartaraf etilgandan keyin narxlar yana pasayishi mumkin.

«Neft narxlarining qisqa muddatli oshishi — Eronning yadroviy tahdidi bartaraf etilgach tezda pasayib ketadigan holat. Bu AQSH va butun dunyo xavfsizligi hamda tinchligi uchun to‘lanadigan juda kichik narxdir. Boshqacha o‘ylaydiganlar faqat ahmoqlardir!» — deb yozdi u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Neft narxining oshishi

2026-yil 28-fevralda AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi harbiy harakatlar boshlangani neft bozorida keskin beqarorlikni keltirib chiqardi.

Urush boshlangan paytda neft narxi taxminan 70 dollar atrofida edi. Biroq janglar kengayib, energetika infratuzilmalariga zarbalar berila boshlagach, narxlar tez sur’atda oshdi.

7-mart kuni Isroil ilk bor Eron neft infratuzilmasiga aviazarba berdi. Tehron va uning atrofidagi beshta energetika obyekti hujumga uchradi.

Bunga javoban Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi neft obyektlariga hujum qilish bilan tahdid qildi. Ayrim tahlilchilar neft narxi yanada oshishi mumkinligini istisno qilmayapti. The Guardian nashri keltirgan ma’lumotga ko‘ra, Eron tomoni neft narxi hatto 200 dollargacha chiqishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Shu bilan birga, AQSH neft bozoridagi bosimni kamaytirish uchun ayrim choralarni ko‘rib chiqmoqda. Jumladan, Rossiya neftiga nisbatan ayrim sanksiyalarni yumshatish va ayrim davlatlarga uni sotib olish uchun vaqtincha ruxsat berish masalasi muhokama qilinmoqda.

Теглар

Мавзуга оид