Logo

Farg‘onada 1,1 mln aholi daromadini ikki barobar oshirish rejalashtirilmoqda

Viloyatda 2027-yilda 6,1 mlrd dollar investitsiya jalb qilish, eksportni 2 mlrd dollarga yetkazish va 1,1 mln aholi daromadini ikki baravar ko‘paytirish maqsad qilingan.

Farg‘onada 1,1 mln aholi daromadini ikki barobar oshirish rejalashtirilmoqda © Foto: president.uz

Farg‘ona viloyatida 2027-yilda 1,1 mln nafar aholining daromadini ikki barobar oshiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan viloyatda islohotlar natijadorligini oshirish, mahalliy sanoatni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini ko‘paytirish yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2027-yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmini kamida 10 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 9 foizga oshirish rejalashtirilgan.

2026-yil yakuniga ko‘ra esa yalpi hududiy mahsulot 9,6 foizga, sanoat 8,5 foizga, xizmatlar hajmi 16,3 foizga o‘sishi, ishsizlik darajasi 3 foizga, kambag‘allik darajasi esa 2,7 foizga tushishi kutilmoqda. Viloyatda energetika, qurilish materiallari sanoati, elektrotexnika va farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati kamida 20 mlrd dollarlik investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilgan.

Yig‘ilishda O‘zbekiston, Beshariq va Farg‘ona tumanlaridagi qariyb 1,5 ming gektar samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlarida maxsus sanoat zonalarini tashkil etish taklifi ma’qullandi. Shuningdek, Farg‘ona shahrida kimyo sanoati korxonalarining bo‘sh turgan 24 gektar maydonida innovatsion texnopark tashkil etib, 300 million dollarlik loyihalarni joylashtirish, «Eltexsanoat» texnoparki hududini qo‘shimcha 70 gektarga kengaytirish va Dang‘ara tumanida uning filialini ochish takliflari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, xorijlik sheriklar bilan hamkorlikda qurilish materiallari, kabel mahsulotlari, shamol turbinalari, elektrobuslar, quyosh panellari uchun mikrochiplar, elektroskuterlar uchun akkumulatorlar, avtomobil ehtiyot qismlari va maishiy texnika ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar taqdimot qilindi.

Qishloq xo‘jaligi va turizm loyihalari


Yig‘ilishda viloyatda bog‘larning katta qismi eski usulda parvarishlanayotgani, hosildorlik pastligi, suv sarfi yuqoriligi va mahsulotlar sifati yirik xalqaro savdo tarmoqlari talablariga to‘liq javob bermayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois Farg‘ona, Quva va Oltiariq tumanlaridagi agrostar kompaniyalari bilan hamkorlikda jami 37 ming gektar maydonda sanoatlashgan intensiv bog‘lar barpo etish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, viloyatda 100 ming bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan yirik loyihalarni amalga oshirish, Bag‘dod va Furqat tumanlarini chorvachilikka ixtisoslashtirish hamda Turkiya tajribasi asosida aholi xonadonlarida parrandachilikni rivojlantirish takliflari ko‘rib chiqildi.

Turizm yo‘nalishida Marg‘ilon, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida yirik turistik majmualarni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, «Chimyon-soy» bo‘yida, Dang‘ara, Yozyovon, Oltiariq va So‘x tumanlarida Parkent tumanidagi tajriba asosida zamonaviy turistik va oilaviy dam olish maskanlarini barpo etish rejalari taqdim etildi.

Bandlik, kasbga tayyorlash va shaharsozlik

Davlat rahbari endilikda aholi daromadlarini oshirish hudud rahbarlari faoliyatini baholashning asosiy mezonlaridan biri bo‘lishini ta’kidladi. Buning uchun har yili viloyatning bittadan tuman yoki shahrida 10 tadan mahallani sanoat, savdo va xizmat ko‘rsatishga chuqur ixtisoslashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Yozyovon, Beshariq, Furqat va Rishton tumanlarining kamida 10 tadan mahallasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash loyihalarini amalga oshirish, Oltiariq va Farg‘ona tumanlaridagi 41 ta mahallada jami 8,5 ming gektar maydonda o‘rikchilik va uzumchilik kooperatsiyalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlari hamda Uchko‘prik tumanidagi to‘rtta texnikumda fuqarolarni Germaniya va Janubiy Koreya standartlari asosida kasbga tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Bu orqali yiliga 6 ming nafar fuqaroni xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.

Bugungi kunda aholisi 4,2 mln nafardan oshgan Farg‘ona viloyatida Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlarida 600 ming nafar aholiga mo‘ljallangan yirik shaharsozlik loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, yangi ta’lim, tibbiyot muassasalari va zamonaviy sport majmualarini barpo etish rejalari taqdim etildi. Yig‘ilish yakunida viloyat hokimligi va islohotlar shtabiga rejalashtirilgan loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda aholi muammolarini manzilli hal etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Теглар

Мавзуга оид