Logo

Gazsiz hududlarda elektr energiyasining bazaviy me’yori 350 kVt·soatga oshiriladi

Бугун 19:552 дақиқа

O‘zbekistonda kuz-qish mavsumida gazlashmagan va tabiiy gaz yetib bormagan hududlar aholisi uchun elektr energiyasi iste’molining bazaviy me’yori 200 kilovatt-soatdan 350 kilovatt-soatgacha oshiriladi.

Gazsiz hududlarda elektr energiyasining bazaviy me’yori 350 kVt·soatga oshiriladi © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumida aholini, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha amaldagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, isitish mavsumida gazlashmagan hamda gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy me’yorni 200 kilovatt-soatdan 350 kilovatt-soatga oshirish taklifi ma’qullandi.

Dekabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratish masalasini ko‘rib chiqish taklif qilindi.

Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kirmagan ehtiyojmand oilalarning elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va kommunal xizmatlar xarajatlarini qoplashda oilaning har bir a’zosiga qo‘llaniladigan daromad mezonini 1 million 430 ming so‘mgacha oshirish taklifi ko‘rib chiqildi. Natijada qo‘llab-quvvatlash qamrovi yana 166 ming oilaga kengayadi.

Elektr energiyasi va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’moli xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028 yil 1-aprelgacha uzaytirish taklif qilindi. Bu chora bilan bir yilda 470 ming oilani qamrab olish nazarda tutilmoqda. Sharoiti og‘ir mahallalardagi 3 mingta xonadonni issiqlik jihatidan himoyalash va energiya tejovchi uskunalar bilan ta’minlash ishlari ham davom ettiriladi.

Davlat rahbari Hukumatga belgilangan yordam uchun mablag‘larni o‘z vaqtida yo‘naltirish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda manzillilikni ta’minlash va yordam har bir oilaga yetib borishi ustidan nazoratni kuchaytirishni topshirdi.

Shuningdek, energiya resurslarini ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchi korxonalar faoliyatini transformatsiya qilish, boshqaruv samaradorligini oshirish, ortiqcha xarajatlar va tarmoqlardagi yo‘qotishlarni qisqartirish bo‘yicha ham qator ko‘rsatmalar berildi.

Теглар

Мавзуга оид