«Gulf» O‘zbekistonda «zapravka»lar tarmog‘ini ochadi

19.02.2026 | 13:073 дақиқа

Gruziya va Armanistonda «zapravka»lar ochgan AQSHning «Gulf» kompaniyasi endi O‘zbekiston bozoriga ham kirib kelmoqda. Kompaniya bu yerda chakana savdo va aviatsiyaga ham sarmoya kiritmoqchi.

«Gulf» O‘zbekistonda «zapravka»lar tarmog‘ini ochadi

AQSHning «Gulf» kompaniyasi O‘zbekistonda yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini ochishni va aviatsiya sohasiga investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kecha, 18-fevral kuni Vashingtonda prezident Shavkat Mirziyoyevning Amerika biznesi va moliyaviy institutlari vakillari bilan uchrashuvida ishtirok etgan kompaniya vitse-prezidenti Kreyg Kramer ma’lum qildi.

Kreyg Kramer «Gulf» kompaniyasi yaqin ikki yil ichida G‘arb standartlariga javob beradigan kamida 100 ta zamonaviy va qulay yoqilg‘i quyish shoxobchasini ishga tushirishni niyat qilganini bildirdi.

«Ushbu davr mobaynida biz chakana aktivlarga kamida 150 mln dollar investitsiya kiritamiz. Moliyalashtirish to‘liq ta’minlangan. Har bir obyekt hajmi va dizayni bo‘yicha zamonaviy hamda o‘ziga xos bo‘ladi», – dedi u.

«Gulf»ning qo‘shni mintaqadagi natijalari

Qayd etish joiz, o‘tgan haftada Kreyg Kramer «Gulf» joriy yilda Armanistonda sezilarli kengayishni rejalashtirayotganini e’lon qilar ekan, bu kompaniya kengayish rejalaridagi yagona davlat emasligini, «Gulf» Markaziy Osiyo davlatlaridan biri bozoriga chiqish bo‘yicha kelishuv tuzish arafasida turganini aytgandi. Bu davlat O‘zbekiston blib chiqdi.

«Gulf» allaqachon mintaqaviy brendga aylanmoqda va bu – bizning gruzin jamoamiz xizmati. Erishgan yutuqlarimizdan juda faxrlanamiz. Markaziy Osiyo juda istiqbolli ko‘rinmoqda. Boshqa davlatlar va kompaniyalar Gruziyadagi muvaffaqiyatimizni ko‘rib, «Biz ham shunday natijaga erishmoqchimiz», deyishmoqda. Gruziyada qilgan ishlarimizni boshqa mamlakatlarda ham takrorlash va yanada yaxshilash imkoniga egamiz, deb ishonaman. Shuning uchun bizni katta kelajak kutayotganiga ishonama», – degan edi Kramer o‘shanda.

Hozirda kompaniyaning Armanistonda 10 ta obyekti mavjud bo‘lib, yil oxiriga qadar ular sonini 30 taga yetkazish rejalashtirilgan. Gruziyada esa kompaniya hozirda 150 dan ortiq avtoyo‘qilg‘i shoxobchasiga ega. Ularning 122 tasida «Gulf Store» do‘koni faoliyat yuritadi. Tarmoq jahon brendlari mahsulotlari, sayohat vaqtida xaridorga kerak bo‘ladigan barcha zarur tovarlar, shuningdek «Gulf»ning eksklyuziv mahsulotlari – xot-doglar, energetik ichimliklar, kofe, sendvichlar, muzqaymoq va boshqalarni taklif etadi. Hozirda «Gulf» kompaniyasida 3000 nafarga yaqin Gruziya fuqarosi mehnat qiladi. Taqqoslash uchun, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 1200 nafarni tashkil etgan.

O‘zbekistondagi maqsadlar

«Gulf» kompaniyasining Markaziy Osiyodagi operatsion bazasini Toshkentda joylashtirish rejalashtirilgan.

«Bu O‘zbekistonni mintaqaviy logistika va chakana savdo infratuzilmasining markaziga aylantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadami bo‘ladi. Kompaniyamiz O‘zbekistonni mintaqada chakana savdo va aviatsiya sohasida yuz berayotgan tub yangilanishlar markazida ko‘rishdan mamnun», – dedi Kreyg Kramer.

Shuningdek, «Gulf» O‘zbekistondagi avtomagistral yo‘llarda sayyohatchilar va tranzit tashuvchilar uchun transport markazlarini barpo etmoqchi. Ushbu loyihalar har bir obyekt hisobiga kamida 30 ta yangi ish o‘rni yaratishi aytiladi. Umumiy hisobda esa 3000 dan ortiq yangi ish o‘rni O‘zbekiston fuqarolari uchun tashkil etilishi kutilmoqda.

«O‘zbekistondagi barcha viloyat hokimlaridan mamlakat bo‘ylab qariyb 200 ta yoqilg‘i quyish shahobchalari faoliyatini rivojlantirish yuzasidan aniq takliflar oldim. Bu esa mamlakatingizda ishbilarmonlik uchun muhit ochiq, investorlarga bo‘lgan ishonch esa yuksak darajada ekanini yaqqol namoyon etadi», – deydi u.

Chakana savdo bilan bir qatorda, «Gulf» O‘zbekistondagi aviatsiya yo‘nalishiga ham sarmoya kiritmoqchi. «Gulf Aviation» orqali aviatsiya sektoriga qariyb 50 million dollar investitsiya yo‘naltiriladi.

«Bu O‘zbekistonda jadal rivojlanayotgan aviatsiya tarmog‘ini xavfsiz va barqaror yoqilg‘i ta’minoti bilan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Mahalliy va xalqaro aviakompaniyalar uchun ishonchli yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi», – dedi Kramer.

Теглар

Мавзуга оид