Humo Air davlatga qaytarilib, yana xususiylashtiriladi
Humo Air bilan tuzilgan xususiylashtirish shartnomasi bekor qilingan va yaqin kunlarda aviakompaniyaning 100 foiz ulushi davlat tasarrufiga qaytariladi. Shundan so‘ng u ommaviy savdolarga chiqariladi.
© Foto: jetphotos.comHumo Air 2022-yilda xususiylashtirilib, uning 100 foiz ulushi Shveysariyaning ValleyRoad Capital S.A. kompaniyasiga 2,4 mln dollarga sotilgan edi.
Uning 100 foiz ulushi 2026–2027-yillarda ommaviy savdolar orqali sotiladigan davlat aktivlari ro‘yxatiga kiritilgan. Bu prezidentning 28- avgustdagi «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-177-son farmonida belgilangan.
Shu bilan Humo Air ilk bor xususiylashtirilganidan bir necha yil o‘tib, yana davlat aktivlarini sotish dasturiga qaytmoqda.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv) Vaqt.uz so‘roviga javoban Humo Air’ni xususiylashtirish bo‘yicha ValleyRoad Capital bilan tuzilgan shartnoma bekor qilingani hamda aviakompaniyaning 100 foiz ulushi davlatga qaytarilganini ma’lum qildi.
«Mazkur shartnoma allaqachon bekor qilingan. Shu munosabat bilan 100 foizlik ulush davlatga qaytarilmoqda. Bir necha kun ichida mulk huquqining davlatga o‘tishi tegishli tartibda rasmiylashtiriladi», — deya qo‘shimcha qildi rasmiy idora vakili.
Agentlik davlat ulushining nima sababdan qaytarilayotgani haqidagi savolga hozircha aniq izoh bermadi.
Humo Air’ning avvalgi faoliyati ham uzoq davom etmagan. Aviakompaniya 2024-yilning mart oyida ichki yo‘nalishlardagi parvozlarini ham to‘xtatgan. O‘sha paytda kompaniya buni xalqaro yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik va faoliyatini qayta tashkil etish zarurati bilan izohlagandi.
Toshkentdan ichki reyslar nega to‘xtatilgan?
Parvozlar to‘xtatilishidan avval Humo Air Toshkentdan Nukus, Samarqand, Urganch va Qarshiga muntazam reyslarni amalga oshirgan. 2024- yil yanvarida esa Toshkent — Farg‘ona va Samarqand — Urganch yo‘nalishlari ham ishga tushirilgan.
Biroq aviakompaniya 2024-yil 10-martdan boshlab barcha parvozlarini vaqtincha to‘xtatishini e’lon qilgan. Kompaniya xalqaro yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish va tizimni yangilash uchun shunday qaror qabul qilinganini bildirgan.
O‘sha vaqtda Humo Air ikkita Airbus A320-200 samolyotidan foydalangan. Ular Bolgariyaning Fly2Sky kompaniyasidan lizingga olingan edi. Keyinchalik ikkala samolyot ham lizing beruvchiga qaytarilgan.
Humo Air amaldagi lizing shartlari aviakompaniyaning biznes-rejasiga muvofiq rivojlanishiga imkon bermayotganini bildirgan. Shu sababli yangi lizing beruvchidan havo kemalarini olib, parvozlarni qayta tiklash ko‘zlangan.
Kompaniya ichki yo‘nalishlarni saqlab qolish bilan birga, asosiy e’tiborni xalqaro tashuvlarga qaratishni rejalashtirgan. Xususan, Olmaota, Istanbul va Dubayga parvozlarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Biroq bu rejalar amalga oshmadi va Humo Air parvozlarini qayta tiklamadi.
Diyora Xabibullayeva





