Logo

Ikkita viloyatda pora olgan mansabdorlar qo‘lga olindi

Бугун 09:291 дақиқа

Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Ikkita viloyatda pora olgan mansabdorlar qo‘lga olindi © Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda ichki ishlar organlari hamkorligida Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida korrupsion holatlar fosh etildi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Andijon suv ta’minoti» AJning viloyat tumanlaridan biridagi filiali boshlig‘i xizmat mavqeidan foydalanib, mansabdor tanishlari orqali fuqaroning yangi qurilgan uyiga oqava suv tarmog‘i tortish va kanalizatsiya nasosi o‘rnatish uchun ruxsat olib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u 8,5 ming AQSH dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida ushbu mansabdor so‘ralgan mablag‘ni uchinchi shaxs orqali qabul qilayotgan vaqtida ushlandi.

Qashqadaryodagi holat

Qashqadaryo viloyatida esa OITSga qarshi kurashish markazining tumanlardan biridagi OIV diagnostika laboratoriyasi laboranti fuqaroga nisbatan tayinlangan ekspertiza xulosasini mansabdor tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berishni va’da qilgan.

U mazkur xizmat evaziga 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, laborantdan 2,5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining tuman bo‘limi boshlig‘i ham qo‘lga olindi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид