Logo

Ipoteka bozorida qaysi banklar yetakchi?

Бугун 14:552 дақиқа

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ipoteka kreditlari hamda uy-joy qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha banklar faolligi reytingini e’lon qildi.

Ipoteka bozorida qaysi banklar yetakchi? © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yil 1-iyun holatiga tijorat banklarining uy-joy bozori va ipoteka kreditlash sohasidagi faolligini baholovchi kompleks reytingni e’lon qildi. Reytingda ipoteka kreditlari ajratish va uy-joy qurilishini moliyalashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha banklarning faollik ko‘rsatkichlari keltirilgan.

Ipoteka kreditlari bo‘yicha

Aholiga ipoteka kreditlari ajratish bo‘yicha reytingda birinchi o‘rinni «Xalq banki» egalladi. Keyingi o‘rinlardan «Milliy bank» va «Ipotekabank» joy oldi. To‘rtinchi o‘rin «O‘zsanoatqurilishbank», beshinchi o‘rin «Mikrokreditbank», oltinchi o‘rin «Asakabank», yettinchi o‘rin «Agrobank»» hissasiga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, kuchli o‘ntalikdan «Turonbank», «Orient Finans Bank» va «Trastbank» ham o‘rin olgan.

Baholash mezonlari

Ipoteka kreditlash yo‘nalishida banklar faolligi 10 ta vaznli mezon asosida baholangan. Eng katta ulush kreditlar ajratishning yillik o‘sish sur’ati va bankning o‘z mablag‘lari hisobidan berilgan ipoteka kreditlari hajmiga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, joriy yildagi ipoteka portfeli hajmi, portfel sifati, foiz stavkalari hamda davlat subsidiyasi asosidagi dasturlar ulushi ham inobatga olingan.

Uy-joy qurilishini moliyalashtirish

Uy-joy qurilishini moliyalashtirish yo‘nalishida esa birinchi o‘rinni «Agrobank» egalladi. Keyingi pog‘onalarga «Biznesni rivojlantirish banki» va «Milliy bank» joylashdi.

Kuchli o‘ntalikning qolgan qismida «Hamkorbank», «Xalq banki», «Turon bank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Aloqabank», «Ipotekabank» va «Mikrokreditbank» qayd etildi.

Reytingni shakllantirishda pudratchi va developerlarga ajratilgan joriy hamda uch yillik kreditlar hajmiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, moliyalashtirish o‘sish sur’ati, bankning o‘z mablag‘lari ulushi va developerlar portfeli sifati ham asosiy mezonlar qatoriga kiritilgan.

E’lon qilingan reyting ipoteka va qurilish sohasida qaysi banklar faolroq ishtirok etayotganini ko‘rsatadi. Biroq vazirlik bu natijalarni banklarning umumiy moliyaviy ahvoli yoki ishonchliligiga berilgan baho sifatida qabul qilmaslik lozimligini ta’kidladi.

photo_2026-07-02_14-04-42


Ma’lumot uchun, 2026-yil 29-iyun holatiga ko‘ra, eng past ipoteka foiz stavkasini 19,1 foiz bilan «Orient Finans bank» taklif qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-iyuldan O‘zbekistonda «Maqsadli ipoteka omonati» mexanizmi tajriba-sinov tariqasida joriy etildi. Yangi tartibga ko‘ra, ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya ajratish haqida ijobiy xabarnoma olgan fuqarolar ixtiyoriy ravishda tijorat bankida maxsus ipoteka omonatini shakllantiradi.

Теглар

Мавзуга оид