Jahongir Ortiqxo‘jayevning AQSH kompaniyasi Toshkentdagi yana 6 ta mehmonxonani o‘z portfeliga qo‘shmoqchi
2019-yilda davlatga beg‘araz topshirilishi va’da qilingan Hilton Tashkent City mehmonxonasi ham avvalroq ushbu kompaniya tarkibiga o‘tkazilgandi.

AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan «TEG Overseas» kompaniyasining O‘zbekistondagi sho‘basi «TEG SPV» va «Dreams Island» MCHJ o‘rtasida Toshkentdagi «Alfraganus» mehmonxonalar majmuasini o‘tkazish bo‘yicha dastlabki kelishuv imzolandi. Bu haqda kompaniyaning AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) 6-noyabr kuni taqdim etgan hisobotida ma’lum qilindi.
3-noyabrda imzolangan kelishuvga ko‘ra, «TEG SPV» «Dreams Island»ga tegishli 6 ta mehmonxonadan iborat majmuani o‘z balansiga olishi rejalashtirilmoqda.
Har ikkala kompaniya ham Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli «AKFA Group» tarkibiga kiradi.
Shartnomada majmuani o‘tkazish narxi QQS bilan birga 12 mlrd so‘m (shartnoma tuzilgan sanadagi kurs bo‘yicha taxminan 1 mln dollar) etib belgilangan. Bundan tashqari, «TEG SPV» «Dreams Island»ning Qozog‘istonning «Halyk Bank» banki bilan 2025-yil 20-martda tuzilgan 100 mln dollarlik kredit shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarini ham o‘z zimmasiga olishi kerak.
Majmua tarkibi va kredit shartlari
Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan «Alfraganus» majmuasi umumiy sig‘imi 1 210 ta xonadan iborat oltita xalqaro mehmonxona brendi hamda 7 200 kvadrat metr maydonga ega konferensiya va tadbirlar markazini o‘z ichiga oladi:
• «Hyatt Place» — 201 xona;
• «Hilton Garden Inn» — 200 xona;
• «Fairfield by Marriott» — 204 xona;
• «ibis» — 202 xona;
• «Holiday Inn Express» — 202 xona;
• «Wyndham Garden» — 201 xona.
«TEG Overseas» ma’lumotiga ko‘ra, majmua qurilishi yakuniy bosqichda bo‘lib, obyektlar bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilmoqda.
Barcha mehmonxonalarni 2027-yilning ikkinchi choragida ishga tushirish kutilmoqda.
«Halyk Bank»dan olingan 100 mln dollarlik kredit avvalgi kreditni qayta moliyalashtirish va majmuani qurishga yo‘naltirilgan.
Kreditning yillik stavkasi 8 foizni tashkil etadi, qarzdorning aylanmasi bo‘yicha belgilangan shart bajarilmasa, stavka 8,5 foizga oshadi. Asosiy qarzni qaytarish 2027 yil aprelidan boshlanib, 2031 yil oxirigacha to‘liq qoplanishi belgilangan.
Kafillar sifatida «Artel Electronics», «Artel Electronics Manufacturing», «Quality Device» va «AKFA Dream World» kompaniyalari ko‘rsatilgan, ta’minotga esa binolar, uskunalar hamda «Dreams Island» ustav kapitalidagi 100 foizlik ulush garovi kiradi.
Kompaniya egalari va avvalgi aktivlar
AQSHning Nevada shtatida ro‘yxatdan o‘tgan «TEG Overseas» (avvalgi «StageWise Strategies Corp.») aksiyalari OTC bozorida TEGO belgisi ostida kotirovka qilinadi.
Kompaniya aksiyalarining kamida 99,4 foizi Ortiqxo‘jayevlar oilasi nazoratida: 68,3 foizi Jahongir Ortiqxo‘jayev 99,93 foiz ulushga egalik qiluvchi «Tourism and Entertainment Group» MCHJga, 31,14 foizi esa uning qizi, direktorlar kengashi a’zosi Irodaxon Abduvahidovaga tegishli.
2026-yil 13-oktabrdagi korporativ bitim natijasida «TEG SPV»ning deyarli 100 foizlik ulushi AQSH kompaniyasi tuzilmasiga kiritilib, uning tarkibiga «Hilton Tashkent City» («AKFA Dream World»), Buxorodagi «Wyndham» («Cultural Landmark Hotel») mehmonxonalari va «CAEx» ko‘rgazmalar markazi o‘tkazilgan edi.
Avvalroq, 2019-yilda Jahongir Ortiqxo‘jayev «Hilton» mehmonxonasi qurib bitkazilgach, davlatga beg‘araz topshirilishini aytgan edi.
«Alfraganus» bo‘yicha yangi kelishuv amalga oshsa, «TEG Overseas»ning O‘zbekistondagi mehmonxonalar portfeli ikkita obyektdan sakkiztaga kengayadi.





