Logo

Kannavaroning maoshi va futboldan tashqari bizneslari: 4 mln yevro haqidagi xabarlar qayerdan tarqalgan?

Бугун 13:253 дақиқа

Italiyalik futbol afsonasining oyligi ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ammo O‘FA bu haqidagi xabarlarni rad etib keladi. Xo‘sh, u O‘zbekistonda qancha topadi va sportdan tashqari yana qanday bizneslari bor?

Kannavaroning maoshi va futboldan tashqari bizneslari: 4 mln yevro haqidagi xabarlar qayerdan tarqalgan? © rbc.ru

«Transfermarkt» portali e’lon qilgan reytingda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro dunyodagi eng yuqori maosh oluvchi terma jamoa murabbiylari qatorida ko‘rsatildi. Unga ko‘ra, italiyalik mutaxassisning yillik maoshi 4 mln yevro deb baholangan va u bu ko‘rsatkich bilan 5-o‘rinni egallagan.

4 mln yevro haqidagi xabarlar qayerdan paydo bo‘lgan?

Kannavaroning O‘zbekiston terma jamoasidagi maoshi 4 mln yevro ekani haqidagi xabarlar avval ham tarqalgan. 2026-yilning avgustida italiyalik mutaxassis bu ma’lumotni rad etdi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ham avvalroq Kannavaroning yillik maoshi haqidagi xabarlar asossiz ekanini aytgan. U aniq summa tomonlarning kelishuviga ko‘ra oshkor etilmasligini bildirgan.

Italiyalik mutaxassisning maoshi haqidagi ma’lumotlar ilk bor 2025-yilning oktabrida ma’lum bo‘lgan. O‘sha paytda italiyalik mutaxassis yiliga 3,5–4 mln yevro olishi aytilgandi. Biroq bu summa murabbiylar shtabi bilan bog‘liq xarajatlarni ham hisobga olgan holda keltirilgandi. Raqamlar rasmiy emas, balki Italiyadagi mustaqil manbalar tomonidan keltirilgan. Oradan ko‘p o‘tmay O‘FA buni rad etgan.

O‘FA va Kannavaro bu summani rad etganidan keyin «Transfermarkt» 4 mln yevroni o‘z portalida infografika shaklida bergan. Reytingga ko‘ra, Kannavarodan yuqori o‘rinlarda Braziliya bosh murabbiyi Karlo Anchelotti (10 mln yevro), Germaniya bosh murabbiyi Yurgen Klopp (7 mln yevro), AQSH terma jamoasi murabbiyi Maurisio Pochettino (6,1 mln yevro) hamda Angliya bosh murabbiyi Tomas Tuxel (6 mln yevro) joy olgan. Qizig‘i shundaki, Artentinani jahon chempioni qilgan Lionel Skaloni, futboli afsonasi va hozirda Fransiya bosh murabbiyi Zinedin Zidan bu reytingda Kannavarodan keyingi o‘rinlarda bormoqda.

1



«Transfermarkt» ma’lumotni qayerdan olgan?

Bu savolga hozircha ochiq manbalarda aniq javob yo‘q. «Transfermarkt» o‘z ma’lumotlar bazasini administratorlar va foydalanuvchilardan keladigan ma’lumotlar asosida shakllantiradi.

Biroq Kannavaroning Transfermarkt’dagi shaxsiy profilida uning maoshi ko‘rsatilmagan. Profilida italiyalik mutaxassisning O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi ekani, tayinlangan sanasi, shartnoma muddati va boshqa ma’lumotlar mavjud.

2

Kannavaro «Guangzhou Evergrande» jamoasida ham ishlab (2014-2015, 2017-2021), yiliga 12–14,5 mln yevro atrofida maosh olgan va o‘sha paytda Xitoy superligasidagi eng ko‘p maosh oluvchi murabbiylardan biri bo‘lgan.

Futboldan tashqari bizneslari

Kannavaro futbolchilik faoliyati davrining o‘zida tadbirkorlik bilan ham shug‘ullangan. Uning CMA Holding orqali ko‘chmas mulk, qurilish, restoran va oziq-ovqat sohalarida ulushlari bo‘lgan va CMA Immobiliare kompaniyasi orqali Italiyaning turli shaharlarida qiymati taxminan 4 mln yevro bo‘lgan ko‘chmas mulk aktivlari qayd etilgan.

U Neapoldagi Regina Margherita restoranida 10 foiz ulushga ega bo‘lgan. Kannavaro va uning oilasi lyuks yaxtalarini ijaraga berish biznesi bilan ham shug‘ullangan. Ushbu bizneslar 2000-2010-yillarga to‘g‘ri keladi.

Kannavaroning futbolchilik va murabbiylik faoliyati davomida millionlab yevro ishlab topgani haqida ma’lumotlar mavjud, biroq butun faoliyati davomida qancha daromad olgani yoki hozirgi maoshi qancha ekanini aniq ko‘rsatuvchi rasmiy ochiq hisobot yo‘q. Kannavaroning futboldan tashqari ko‘chmas mulk, restoran va oziq-ovqat kabi sohalarda bizneslari bo‘lgan, ammo ularning bugungi holati ochiq manbalarda to‘liq ko‘rsatilmagan.

Fabio Kannavaro 2025-yil 6-oktabrda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan.

Kamron Hasanov

Теглар

Мавзуга оид