Logo

Kichik biznes bank tizimiga to‘lov orqali emas, kredit orqali ulanmoqda

Markaziy bankning ilk moliyaviy ommaboplik indeksi kichik va o‘rta biznes uchun to‘lov xizmatlarining mavjudligini atigi 19 ball, kredit mahsulotlariniki esa 50 ballga baholadi. Tadbirkorlik subyektlarining 72 foizida bank hisobvarag‘i bo‘lsa-da, naqdsiz to‘lovlarni qabul qilish va pul oqimini masofadan boshqarish vositalari hali keng tarqalmagan. Natijada biznes bank tizimida avvalo qarz oluvchi sifatida ko‘rinmoqda.

Kichik biznes bank tizimiga to‘lov orqali emas, kredit orqali ulanmoqda © sun'iy intelekt

O‘zbekistonda kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy ommaboplik indeksi 100 balldan 49 ballni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yil uchun ilk pilot hisobotida ma’lum qilindi.

Taqqoslash uchun, katta yoshli aholi bo‘yicha indeks 59 ballga teng bo‘lgan.

Kichik biznes uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatining mavjudligi 39 ball, xizmatlardan foydalanish darajasi 64 ball, ularning sifati esa 43 ball bilan baholangan.

Bir qarashda biznes moliyaviy xizmatlardan faol foydalanayotgandek ko‘rinadi: foydalanish ko‘rsatkichi imkoniyat mavjudligidan 25 ball yuqori. Biroq bu raqamga ehtiyotkorlik bilan qarash kerak.

Hisobotda to‘lov va jamg‘arma mahsulotlaridan foydalanish bo‘yicha yetarlicha batafsil ma’lumot mavjud emasligi sababli 64 ballik natija faqat kreditlardan foydalanish ko‘rsatkichlari asosida hisoblangan.

Shuning uchun bu baho kichik biznesning barcha moliyaviy xizmatlardan faol foydalanayotganini emas, moliyaviy tizimga allaqachon jalb qilingan korxonalar orasida kreditlash hajmi yuqoriligini anglatadi.

Kredit va to‘lov o‘rtasidagi 31 ballik tafovut

Kichik va o‘rta biznes uchun kredit mahsulotlarining mavjudligi 50 ball, jamg‘arma mahsulotlariniki 44 ball bilan baholangan. To‘lov xizmatlari esa atigi 19 ball qayd etgan.

Shunday qilib, kredit va to‘lov xizmatlari o‘rtasidagi tafovut 31 ballni tashkil etmoqda.

Markaziy bank bu holatni biznesda naqdsiz to‘lovlarni qabul qilish va raqamli to‘lov vositalaridan foydalanish hali keng tarqalgan amaliyotga aylanmagani bilan izohlaydi.

To‘lov xizmatlari bo‘yicha past natijaga, asosan, har bir tadbirkorlik subyektiga to‘g‘ri keladigan ro‘yxatdan o‘tgan elektron hamyonlar soni ta’sir qilgan.

Biroq elektron hamyonlar sonining o‘zi kichik biznes uchun to‘lov infratuzilmasining to‘liq holatini ko‘rsatmasligi mumkin.

Korxonalarning terminal, QR-to‘lov, mobil ekvayring va masofaviy bank xizmatlaridan amalda qanchalik foydalanayotgani bo‘yicha batafsil ma’lumotlar hisobotda keltirilmagan.

Shu sababli 19 ball to‘lov xizmatlaridagi muammoni ko‘rsatadi, ammo uning aniq ko‘lami va sabablarini to‘liq ochib bermaydi.

Bizneslarning 72 foizida hisobvaraq bor

Kichik va o‘rta biznesning qariyb 72 foizida asosiy bank hisobvarag‘i mavjud. Markaziy bank qolgan qismdagi pastroq qamrovni segment tarkibi bilan ham izohlaydi.

Xususan, dehqon xo‘jaliklari va hunarmandlar uchun alohida bank hisobvarag‘iga ega bo‘lish har doim ham faoliyat yuritishning majburiy sharti emas. Shu sababli hisobvarag‘i yo‘q tadbirkorlarning barchasini moliyaviy tizimdan chetda qolgan biznes sifatida baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, jamg‘arma yoki muddatli depozit hisobvarag‘iga ega kichik bizneslar ulushi 2 foizga ham yetmaydi.

Bu ham biznesning pul jamg‘arishga moyilligi pastligini avtomatik anglatmaydi. Korxonalar xomashyo, ish haqi, soliqlar va kundalik xarajatlar uchun mablag‘dan muntazam foydalanishi kerak. Pulni uzoq muddatga depozitga joylashtirish esa aylanma mablag‘larni boshqarishni qiyinlashtirishi mumkin.

Muammo biznes uchun daromad keltiradigan, lekin pulni zarur paytda ishlatish imkonini cheklamaydigan moslashuvchan jamg‘arma mahsulotlari yetishmasligida bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Mikrokreditlarning faqat 5 foizi to‘liq onlayn ajratiladi

Kichik va o‘rta biznes bo‘yicha kredit axboroti bazasi sezilarli darajada shakllangan bo‘lsa-da, kredit olish jarayonining o‘zi hali ancha kam miqyosda raqamlashtirilgan.

Hisobotga ko‘ra, kichik va o‘rta segmentdagi tadbirkorlarga ajratilayotgan mikrokreditlarning atigi 5 foizi to‘liq onlayn rasmiylashtiriladi.

Bu aholi kreditlashidan keskin farq qiladi. Yangi chakana kreditlarning 80 foizi avtomatlashtirilgan kredit konveyeri orqali ajratilayotgan bir paytda, kichik biznes uchun masofaviy kreditlash hanuz boshlang‘ich bosqichda qolmoqda.

Buning sabablaridan biri biznes pul oqimlari haqidagi to‘liq raqamli ma’lumotlarning yetishmasligi bo‘lishi mumkin. Korxonaning elektron tushumi va xarajatlari bankka uning aylanmasi, mavsumiyligi hamda qarzga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini aniqroq baholashga yordam beradi.

Naqdsiz aylanma cheklangan sharoitda esa banklar kredit qarorini korxonaning joriy pul oqimidan ko‘ra, garov va avvalgi kredit tarixiga ko‘proq tayangan holda qabul qilishda davom etadi.

Bu ayniqsa kredit tarixi qisqa yoki yetarli garovga ega bo‘lmagan bizneslarning moliyalashtirish imkoniyatini cheklamoqda.

Xizmatlar sifati 43 ball

Kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy xizmatlarning sifat darajasi 43 ball bilan baholangan. Kredit mahsulotlari sifati 41 ball, jamg‘arma mahsulotlariniki 50 ballni tashkil etgan. To‘lov xizmatlari sifati bo‘yicha esa pilot hisobotda alohida baho shakllantirilmagan.

Kichik biznesni kreditlash bozoridagi HHI konsentratsiya indeksi 1 931 ga teng. Markaziy bank qo‘llagan mezon bo‘yicha bu o‘rtacha darajadagi konsentratsiyani, ya’ni kreditlashning bir nechta yirik ishtirokchi atrofida muayyan darajada jamlanganini anglatadi.

Biznesning yangi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 17,4 foizni, chekka hududlardagi tadbirkorlar uchun esa 16,6 foizni tashkil qilgan.

Biroq foiz stavkasining o‘zi mahsulot biznes uchun qulayligini ko‘rsatmaydi. Depozitni muddatidan oldin yechish shartlari, hisobvaraqni to‘ldirish imkoniyati va mablag‘dan tez foydalanish darajasi ham muhim. 

Kredit olish moliyaviy ommaboplikning o‘zi emas

Markaziy bank kichik biznes uchun hisobvaraq, korporativ karta, to‘lovlarni qabul qilish, aylanmani hisobga olish va moliyalashtirish imkoniyatlarini yagona raqamli tizimga birlashtirishni taklif qilmoqda.

Bunday “embedded finance” yechimlari moliyaviy xizmatlarni korxonaning kundalik faoliyatiga qo‘shishi, to‘lovlar haqidagi ma’lumotlar asosida biznesni baholash va kreditlash imkonini kengaytirishi mumkin.

Ammo pilot indeks hozircha faqat banklar, davlat idoralari va boshqa moliyaviy xizmat ko‘rsatuvchilarning ma’lumotlariga asoslangan.

Tadbirkorlarning to‘lov xizmatlaridan nega foydalanmayotgani, ularga tariflar, infratuzilma, soliq hisoboti yoki boshqa omillar qay darajada to‘sqinlik qilayotgani o‘rganilmagan.

Kelgusi bosqichda bizneslar o‘rtasidagi so‘rovlar qo‘shilmasa, indeks moliyaviy tizim nimalarni taklif qilayotganini ko‘rsatishi mumkin, lekin bu xizmatlar tadbirkorga qanchalik qulay va kerakli ekanini to‘liq ochib bermaydi.

Теглар

Мавзуга оид