Koreyaga ishga yuborish ortidagi yirik korrupsion holat fosh etildi
Bir guruh shaxslar mingdan ortiq odamdan millionlab dollarni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib olgan.
© lotonewsruBosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda Tashqi mehnat migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdorlari va boshqalardan iborat uyushgan jinoiy guruh Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsion sxema yaratgani ma’lum bo‘ldi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruh rasmiy to‘lovlardan tashqari fuqarolardan 7 mingdan 12 ming AQSH dollarigacha noqonuniy mablag‘ talab qilgan. Dastlabki holatlarda 35 nafar fuqarodan jami 263,5 ming dollar olingani aniqlangan. Shu bilan birga, rasmiy to‘lovlardan tashqari firibgarlik yo‘li bilan 7-12 ming AQSH dollardan qariyb 90 mln AQSH dollari yig‘ilgan.
Shuningdek, tergov jarayonida 230 nafar fuqaroni Koreyaga yuborish evaziga 580 ming dollar, Koreyaga yuborilgan 1 ming nafar fuqarodan esa 5,6 mln dollar jami 45 mln AQSH dollarini olganliklari ma’lum bo‘ldi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar umumiy mablag‘ ayrim holatlarda o‘nlab million dollarga yetganini bildirmoqda.
Ayni paytda Koreyaga yuborilmagan 600 dan ziyod fuqarodan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilmoqda. Tergovchilar yetkazilgan zarar miqdorini aniqlab, mablag‘larni undirish choralarini ko‘rmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan aniqlangan yana bir holatda “K.M.” nodavlat ta’lim muassasasi ta’sischisi X.Sh. va boshqalar 6 ta viloyatda yashovchi 63 nafar fuqaroni Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, 408,8 ming AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani ma’lum qilindi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlikka oid moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Bosh prokuratura jabrlangan fuqarolarni Departamentning 71-233-10-07 raqami orqali murojaat qilishga chaqirdi.





