Kreml navbatdagi hududdan voz kechmoqdami? Dnestrbo‘yida «Qorabog‘ ssenariysi» takrorlanishi mumkin

Кеча 22:306 дақиқа

Ayni paytda rasmiy Kishinyov ayirmachi hududning iqtisodiy imtiyozlarini bekor qilib, uni qayta integratsiya qilishga harakat qilmoqda.

Kreml navbatdagi hududdan voz kechmoqdami? Dnestrbo‘yida «Qorabog‘ ssenariysi» takrorlanishi mumkin

So‘nggi kunlarda Moldovaning separatistik Dnestrbo‘yi mintaqasi atrofidagi siyosiy jarayonlar sezilarli darajada keskinlashgani kuzatilmoqda. Dastlab, 15-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Dnestrbo‘yi aholisini Rossiya Federatsiyasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Mazkur hujjatga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan, muomalaga layoqatli hamda farmon kuchga kirgan kun holatiga ko‘ra Dnestrbo‘yida doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ortiqcha talablarsiz, soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini olish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, mintaqadagi voyaga yetmagan va muomalaga layoqatsiz aholini ham fuqarolikka qabul qilishning aniq tartibi belgilandi.

1

Rossiyaning Moldovadagi elchisi Oleg Ozerov jurnalistlarga bergan intervyusida bu qarordan so‘ng Dnestrbo‘yi aholisi til, ta’lim va ijtimoiy ta’minot sohalarida qo‘shimcha himoya hamda huquqlarga ega bo‘lishini alohida ta’kidladi. Bu jarayonlar bilan parallel ravishda, Davlat Dumasi xorijdagi Rossiya fuqarolarini himoya qilish bahonasida kuch ishlatishni qonuniylashtiruvchi hujjatni qabul qildi. Ekspertlarning fikricha, Moskva ushbu qonundan Dnestrbo‘yidagi Rossiya fuqarolari xavfsizligini ta’minlash bahonasida Moldovaga bosim o‘tkazish uchun foydalanishi ehtimoldan xoli emas.

Rossiyaning ajralib chiqqan mintaqa ustidan nazoratini kuchaytirishga qaratilgan bunday qadamlari fonida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy komissari Kaya Kallas Dnestrbo‘yidagi rus qo‘shinlarini Yevropa xavfsizligiga tahdid deb atadi. Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi kelgusida Rossiya bilan bo‘lib o‘tadigan muzokaralar chog‘ida Dnestrbo‘yi, Abxaziya va Janubiy Osetiyadan rus qo‘shinlarini olib chiqib ketishni qat’iy talab qilishi mumkin. Kallas Moldova va Gruziyaning ushbu hududlaridan Rossiya qo‘shinlarining olib chiqilishi butun Yevropa xavfsizligini ta’minlashda o‘ta muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

2

G‘arbning bu bayonotiga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi MDH ishlari bo‘yicha Ikkinchi departamenti direktori Aleksey Polishukning bildirgan munosabati rossiyalik Z-tashviqotchilar orasida jiddiy xavotir uyg‘otdi. Sababi, diplomat bunday ssenariy amalga oshishi mumkinligini butunlay inkor etmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar tinchlik jarayonida ijobiy siljish kuzatilsa, Rossiya o‘z qo‘shinlarini olib chiqish masalasini muhokama qilishga tayyor. Biroq bu o‘rinda «siljish» deganda aynan nima nazarda tutilayotgani noma’lumligicha qolmoqda. Polishuk tinchlik jarayonida jiddiy siljishga erishish hozircha uzoq kelajakdagi ishdek tuyulayotganini ham qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Dnestrda tinchlik va osoyishtalikni kafolatlaydigan yagona real omil bu — Rossiya harbiylari ekanini aytgan edi. Ammo endi, yuqorida ta’kidlanganidek, aynan vazirlik doirasida Dnestrbo‘yidagi missiyani yakunlash ehtimoli muhokama qilina boshladi.

Ayrim rossiyalik tashviqotchilar diplomatning Dnestrbo‘yidan qo‘shinlarni olib chiqish haqidagi taxminiy so‘zlarini Rossiyaning yana bir mintaqani yo‘qotishga tayyorlanayotgani sifatida talqin qildi. Xususan, «Komsomolskaya pravda» nashrining harbiy muxbiri Dmitriy Steshin Rossiya qo‘shinlarining Dnestrbo‘yidan olib chiqilishini amalda muqarrar holat deb baholagan.

«Rus respublikasining ruminlar tomonidan kuch bilan tortib olinishi va namoyishkorona okkupatsiya qilinib, so‘ngra qo‘shib olinishidek tahqirli jarayon yuz bermasidan oldin Dnestrbo‘yidan chiqib ketgan ma’qul. Real qaraydigan bo‘lsak, biz baribir hech narsa qila olmaymiz. Qolaversa, Dnestrbo‘yining qarshiligi taxminan Qorabog‘nikidek bo‘ladi — ko‘pchilik shunchaki qochib ketadi», — deb hisoblaydi harbiy muxbir.

Steshinning aytishicha, Dnestrbo‘yi aholisining aksariyatida uch-to‘rttadan pasport bor, shuning uchun «Donbass aholisining qahramonlarcha qarshiligini takrorlashga» hech kim urinmaydi.

Hozirgi vaqtda Dnestrbo‘yida rasman tinchlikparvar kuchlar vazifasini bajarayotgan 1200 kishilik Rossiya kontingenti joylashgan bo‘lib, ularning asosiy vazifasi separatistik mintaqada Sovet armiyasidan qolgan ulkan o‘q-dorilar omborini qo‘riqlashdan iborat. Ma’lumki, Moskva 2022 yilning fevral oyida Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli harbiy harakatlarni boshlaganida, uning geosiyosiy maqsadlaridan biri aynan Dnestrbo‘yini Rossiyaga qo‘shib olish edi. Buning uchun esa avval Ukrainaning Odessa va Nikolayev viloyatlari bosib olinishi kerak edi.

3

Shunga qaramay, «Kiyevni uch kunda olish» kabi ulkan rejalar amalga oshmay qoldi. Urush boshlanganiga to‘rt yil to‘ldi va hozirda Rossiya qo‘shinlari oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa faqatgina Donetsk viloyatining Slavyansk–Kramatorsk–Konstantinovka hududini egallash bilan cheklanib qolmoqda. Biroq shunga qaramay, hanuzgacha «Odessani ozod qilish» va shu orqali Dnestrbo‘yini Rossiyaga qo‘shib olish ambitsiyalaridan umid uzmaganlar ham yo‘q emas. Masalan, Davlat Dumasi Mudofaa qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Aleksey Juravlyov Odessani «vaqtinchalik Ukraina nazorati ostidagi hudud» sifatida da’vo qilishda davom etmoqda.

Moldova tomoniga kelsak, prezident Mayya Sandu hukumati Yevropa Ittifoqi ko‘magida Dnestrbo‘yini mamlakat tarkibiga qaytarishga qaratilgan integratsiya dasturini faol ilgari surmoqda. 15-may kuni Sandu Kishinyov ushbu hududda Rossiya qo‘shinlari qolar ekan, Dnestrbo‘yini moliyalashtirish niyatida emasligini qat’iy ma’lum qildi. U bundan avvalroq, aprel oyida ham mintaqani mamlakat tarkibiga qaytarish uchun uni demilitarizatsiya va demokratiyalashtirish zarurligini ta’kidlagan edi.

Bu jarayonlarning mantiqiy davomi sifatida, o‘tgan haftada Kishinyov Dnestrning chap qirg‘og‘idagi iqtisodiy subyektlar foydalanib kelayotgan soliq va bojxona imtiyozlarini bosqichma-bosqich bekor qilishini e’lon qildi. Ushbu choralar natijasida tejab qolingan mablag‘lardan esa bevosita Dnestrbo‘yini iqtisodiy reintegratsiya qilish maqsadida maxsus fond tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Bu haqda Moldova bosh vaziri o‘rinbosari Valeriy Kiver Dnestrbo‘yining «tashqi siyosat mahkamasi» rahbari Vitaliy Ignatev bilan uchrashuvi arafasida ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, reintegratsiya jarayonini rag‘batlantirish maqsadida tuzilayotgan fond bo‘yicha qonun hujjatlarini tayyorlash yakuniy bosqichga kirgan.

«Umid qilamizki, mart oyining o‘rtalariga qadar qonun qabul qilinadi. So‘ngra hukumat uni tatbiq etish mexanizmini yaratish bilan shug‘ullanadi. Fond mablag‘lari Dnestrning chap qirg‘og‘idagi ijtimoiy va infratuzilma loyihalariga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan», — dedi Kiver. Bosh vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, fondga bekor qilingan bojxona imtiyozlaridan tushadigan mablag‘lardan tashqari, xorijiy donorlarning moliyaviy ko‘magini ham jalb etish rejalashtirilgan.

4

Parlament spikeri Igor Grosu ham bu jarayonni tasdiqlab, fondni tashkil etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tez orada parlamentda ro‘yxatdan o‘tishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moldova hukumati Dnestrning chap qirg‘og‘i 2000 yildan beri foydalanib kelayotgan imtiyozlarni bosqichma-bosqich bekor qiladi. Bu o‘rinda gap hayotiy zarur mahsulotlar emas, balki alkogol kabi tovarlarni import qilishda boj to‘lovlaridan ozod etish tizimi haqida bormoqda. Spikerning ta’kidlashicha, keyinchalik boshqa turdagi soliq va bojxona imtiyozlari ham asta-sekin bekor qilib boriladi.

Tiraspolda esa Moldova hukumatining bu qadami keskin qarshilikka uchrab, «Dnestrbo‘yiga nisbatan ochiq iqtisodiy bosim» sifatida baholandi. Separatistik ma’muriyat rahbari Vadim Krasnoselskiy Kishinyovning mintaqa korxonalariga qo‘shimcha soliq solish harakatlarini keskin qoraladi.

«Moldova rasmiylarining Dnestrbo‘yi korxonalariga yangi soliqlar solish rejasi — bu shunchaki talonchilik va uning iqtisodiyotga hech qanday aloqasi yo‘q. Dunyoning hech bir joyida ikki tomonlama soliqqa tortish tizimi mavjud emas. Agar tadbirkor, qo‘pol qilib aytganda, o‘z daromadidan 20 foiz soliq to‘lagan bo‘lsa, endi u 40 foiz to‘laydimi? Yana 20 foizini Moldovagami? Uzr-u, lekin bu mutlaq zo‘ravonlik va banditlikdir», — deya e’tiroz bildirdi Krasnoselskiy.

Tahlilchilarning qayd etishicha, Moldova hukumati taklif qilayotgan Dnestrbo‘yini reintegratsiya qilish rejasi tez fursatda samara berishi amrimahol. Chunki Moskva ajralib chiqqan mintaqa ustidan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy nazoratni hanuz qattiq ushlab turibdi. Kremlning Dnestrbo‘yi aholisiga soddalashtirilgan tartibda Rossiya pasportlarini berish haqidagi so‘nggi qarori ham aynan mana shu ta’sir dastaklarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Shunga qaramay, Moldova tarkibida Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashish va shu orqali ijtimoiy-iqtisodiy farovonlikka erishish istiqboli Dnestrbo‘yi aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun o‘z jozibadorligini yo‘qotgani yo‘q. Aynan shu omilni hisobga olgan holda, Kishinyov o‘zi taklif etayotgan reintegratsiya rejasi mintaqada keng qo‘llab-quvvatlanishiga umid qilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид