Markaziy bank 2 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi

Бугун 16:351 дақиқа

Bank nazorati qo‘mitasi aprel oyida o‘tkazgan yig‘ilishlar davomida jami 30 ta masala ko‘rib chiqildi.

Markaziy bank 2 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasi 2026 yil aprel oyida jami 6 ta yig‘ilish o‘tkazib, 30 ta masalani ko‘rib chiqdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 21 ta masala muhokama qilingan. Ular orasida kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ustav fondidagi ulushlarga egalik qilish uchun ruxsat berish, audit o‘tkazish huquqi uchun auditorlik sertifikatlarini taqdim etish kabi masalalar bor.

Shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shu bilan birga muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlari bo‘yicha 15 ta masala ham ko‘rib chiqildi.

Qo‘mita yig‘ilishlarida kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga doir 9 ta masala ham muhokama qilingan. Xususan, Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlar talablariga rioya qilinishi, bank va nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya hamda o‘rganishlar natijalari tahlil qilingan.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, qonunchilik talablariga to‘liq rioya etmagani va tekshiruvlar davomida aniqlangan kamchiliklar sababli 2 ta bank hamda 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanilgan.

Regulyator jarima qo‘llangan moliya tashkilotlari nomini ochiqlamagan. Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank mart oyida qonunbuzilishlar va jiddiy kamchiliklar sabab 188 ta kredit tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llagan edi.

Теглар

Мавзуга оид