Logo

Markaziy Osiyoda islom moliyasi bo‘yicha raqamli platforma ishga tushishi mumkin

Бугун 13:453 дақиқа

«Islomiy darcha»larni ochayotgan yoki rivojlantirayotgan tijorat banklari uchun mo‘ljallangan ushbu platforma mahsulotlarni noldan ishlab chiqmasdan va uzoq muddatli joriy etishsiz bozorga tez olib chiqish imkonini beradi.

Markaziy Osiyoda islom moliyasi bo‘yicha raqamli platforma ishga tushishi mumkin © vaqt.uz

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda islom moliyasi bo‘yicha raqamli platforma ishga tushirilishi mumkin. Bu haqda Vaqt.uz muxbiri xabar berdi.

Ushbu platforma «Islomiy darcha»larni ochayotgan yoki rivojlantirayotgan tijorat banklari uchun mo‘ljallangan. U alohida IT-infratuzilmasini yaratmasdan, mahalliy tartibga soluvchi organning talablarini inobatga olgan holda ishga tushiriladi. Islomiy mahsulotlarni ishga tushirish va masshtablash uchun raqamli platforma mahsulot liniyasini sozlashdan tortib operatsiyalar va hisob yuritishgacha qamrab oladi. O‘zbekistondagi qator mikromoliya tashkilotlarda u qo‘llanilmoqda va real biznes jarayonlariga moslashtirilgan.

Aytilishicha, «FB Islamic Finance» Markaziy Osiyo banklari va mikromoliya tashkilotlarida islomiy bank xizmatlarini ishga tushirish uchun mo‘ljallangan tayyor yechim hisoblanadi. U Islom moliya institutlari uchun hisob va audit tashkiloti (AAOIFI) standartlariga mos bo‘lib, mahsulotlarni noldan ishlab chiqmasdan va uzoq muddatli joriy etishsiz bozorga tez olib chiqish imkonini beradi.

Platforma islomiy moliyalashtirishning asosiy modellarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda banklar va mikromoliya tashkilotlariga shariat tamoyillariga mos mahsulot liniyasini shakllantirish imkonini beradi.

Platformaning imkoniyatlari qanday?

Kredit konveyeri — mijozning moliyaviy xizmat olish uchun ariza topshirishidan tortib, shartnoma tuzishgacha bo‘lgan jarayonni avtomatlashtiradigan tizim. Unda mijoz anketani to‘ldiradi, uning moliyaviy holati va to‘lov qobiliyati baholanadi, taqdim etilgan ma’lumotlar tekshiriladi. Shundan so‘ng moliyalashtirish shartlari bo‘yicha taklif berilib, tegishli aktiv rasmiylashtiriladi va shartnoma tuziladi. Bu jarayonlarni raqamli platforma orqali amalga oshirish ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirish, arizalarni ko‘rib chiqishni tezlashtirish va moliyaviy xizmatlarni taqdim etishni soddalashtirishga yordam beradi.

CRM va bitimlar — mijozlar bilan ishlashning barcha bosqichlarini yagona tizim orqali boshqarish imkonini beruvchi vosita. U mijozlar haqidagi ma’lumotlarni yuritish, hisobvaraqlarni boshqarish, kassa operatsiyalarini amalga oshirish, depozitlarni rasmiylashtirish hamda moliyaviy operatsiyalarni tasdiqlash jarayonlarini qamrab oladi. Bu tizim mijozlarga xizmat ko‘rsatishni soddalashtirish, operatsiyalarni tezlashtirish va moliyaviy jarayonlarni samarali boshqarishga yordam beradi.

Investitsion operatsiyalar — islomiy moliya tamoyillari asosida mablag‘larni investitsiya qilish va olingan foydani taqsimlash jarayonlarini boshqarish imkonini beradi. Bunda mudaraba, ya’ni ishonchli boshqaruv mexanizmi qo‘llaniladi: bir tomon mablag‘ ajratadi, ikkinchi tomon esa uni boshqarib, tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltiradi. Olingan foyda oldindan kelishilgan nisbat asosida tomonlar o‘rtasida taqsimlanadi. Raqamli platforma foydani hisoblash va taqsimlash jarayonlarini avtomatlashtirishga yordam beradi.

Hisobot va nazorat — moliyaviy operatsiyalarni kuzatish, hisobotlarni shakllantirish va kundalik ish jarayonlarini nazorat qilish imkonini beradi. Tizim orqali balans hisobotlari tayyorlanadi, qarzdorlik holati monitoring qilinadi va amalga oshirilayotgan operatsiyalar tekshirib boriladi. Shuningdek, operatsion kunni ochish va yopish jarayonlarini boshqarish mumkin. Bu moliyaviy ma’lumotlarning aniqligini ta’minlash, qarzdorlikni o‘z vaqtida kuzatish va kundalik operatsiyalarni tartibli yuritishga yordam beradi.

Lokalizatsiya va integratsiyalar — platformani mahalliy banklarning avtomatlashtirilgan bank tizimlari (ABS) va to‘lov tizimlariga ulash, shuningdek, uning O‘zbekiston qonunchiligi talablariga muvofiq ishlashini ta’minlash imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank rahbari islomiy moliyani rivojlantirishning keyingi bosqichi nimalarni o‘z ichiga olishini aytgandi.

Теглар

Мавзуга оид