Milliardlar oqimi: O‘zbekiston iqtisodiyoti mehnat migrantlari yelkasida

Бугун 15:258 дақиқа

O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun pul o‘tkazmalari shunchaki raqam emas, balki valuta bozorini ushlab turgan asosiy «qon tomiri»dir. 2025-yilda xorijdan kelgan 18,9 mlrd dollar mamlakat YAIMning salmoqli qismini tashkil etdi. Xo‘sh, migratsiya faqat pul deganimi yoki bu jarayon ortida «aqllar oqimi» va siyosiy daxldorlik kabi chuqurroq masalalar yashiringanmi?

Milliardlar oqimi: O‘zbekiston iqtisodiyoti mehnat migrantlari yelkasida

Iqtisodiyotning qon tomiri: migrantlar mamlakatga qanday foyda keltirmoqda?

18,9 mlrd dollar. Bu 2025-yilda chet eldan O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalarining miqdori. Mazkur ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 28 foizga (4,1 mlrd dollar) oshib, ichki valuta bozori muvozanatini ta’minlashga xizmat qilgan. Tahlillarga ko‘ra, pul o‘tkazmalari mamlakatdagi valuta taklifining muhim manbalari qatorida qolmoqda. Bu pul o‘tkazmalari oqimini hosil qilayotgan manba esa mehnat migrantlaridir.

Migratsiya — murakkab fenomen. U muayyan iqtisodiy-siyosiy muammolar negizida hosil bo‘lsa-da, o‘z navbatida, iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi asosiy drayverlardan biri ham. Ish izlab ketgan har bir muhojir nafaqat oila boqadi, balki ulkan iqtisodiy jarayon murvatlarini ham harakatga keltiradi.

Vaqt.uz quyidagi maqolada migrantlar faoliyatini aynan iqtisodiy samara linzasi orqali tahlil qiladi.

 

Umumiy holat raqamlarda

Hozirda 1,3 mln nafardan ziyod o‘zbekistonlik xorijda mehnat qilyapti. Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 600 ming nafari Rossiyada, qolgan aksariyati Qozog‘iston va Turkiyada. Tahlillarga ko‘ra, bu 1,3 mln fuqaroning 20 foizini ayollar tashkil etadi. Norasmiy manbalarda esa umumiy raqam allaqachon 3 milliondan oshgani aytiladi.

Mehnat muhojirlarining mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri eng avvalo pul o‘tkazmalarida aks etadi. Yuqorida qayd etilganidek, bu ko‘rsatkich yil sayin oshib bormoqda (2024-yilda 14,8 mlrd dollar, 2025-yilda 18,9 mlrd dollar). Mazkur tendensiya joriy yilda ham davom etayotganini kuzatish mumkin: 2026-yil yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 3,79 mlrd dollarni tashkil etgan. 2025-yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 3,36 mlrd dollar bo‘lgan, 2024-yilda esa 2,5 mlrd dollar darajasida qayd etilgan.

Markaziy bank tahliliga ko‘ra, o‘zbekistonlik muhojirlar Rossiya, Qozog‘iston, Koreya, Turkiya kabi an’anaviy davlatlar bilan birga Yevropa va Osiyo mehnat bozoriga ham kengroq kirib bormoqda. Masalan, o‘tgan yili mamlakatimizga Yevropa Ittifoqidan migrantlar 563 mln dollar yuborgan. Bu 2024-yildagidan 253 mln dollarga yoki 37 foizga ko‘proq. O‘z navbatida, 2025-yilda AQSHdan O‘zbekistonga 665 mln dollar (yillik o‘sish 15 foiz), Koreyadan 612 million dollar (o‘sish 15 foiz), Buyuk Britaniyadan 188 mln dollar (o‘sish 39 foiz) o‘tkazilgan. Qozog‘istondan 903 mln dollar (2024-yilda 795 million dollar), Turkiyadan 547 mln dollar yuborilgan (bir yil oldin 406 million dollar) kelib tushgan.

Shuningdek, mehnat muhojirlarining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi ham ancha salmoqli. 2024-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, migrantlar yuborgan pul o‘tkazmalarining hajmi bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 19-o‘rinni egallagan –  bu mablag‘ hajmi YAIMning 14,4 foizini hosil qilgan.

Ma’lumot uchun: so‘nggi yillarda tashqi migratsiya ko‘rsatkichlarida beqarorlikni kuzatish mumkin. 2021-yilda 20 140 nafar o‘zbekistonlik xorijga ko‘chib ketgan, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 8 790 nafarga tushgan. 2023-yilda yana o‘sish kuzatilib, 17 336 nafarni tashkil etgan. 2024- va 2025-yillarda esa xorijga ketganlar soni mos ravishda 10 842 va 10 117 nafarni tashkil etgan.

 

Gap faqat «soqqa»da emas

Mehnat migrantlarining iqtisodiyotdagi roli asosan pul o‘tkazmalarida ko‘rinsa-da, ularning foydali ishtiroki faqat shu bilan cheklanib qolmaydi.

Birinchidan, mehnat migratsiyasi kambag‘allikni qisqartirishga yordam beradi. Migrantlar yuborgan mablag‘lar chekka hududlardagi oilalarning iste’mol qobiliyatini (oziq-ovqat, tibbiyot, ta’lim) oshiradi.

Ikkinchidan, kichik biznes va investitsiya imkoniyatlari ortadi. Vatanga qaytib kelgan migrantlar reintegratsiya jarayonida xorijda to‘plagan pul va bilimdan foydalanib kichik tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi mumkin.

Uchinchidan, inson kapitali rivojlanadi. Muhojir nafaqat pul, balki xorijiy ish madaniyati, yangi texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmasi va til bilish mahoratini ham olib keladi.

Albatta, mehnat migratsiyasi chin ma’noda iqtisodiy kapitalga aylanishi uchun pul o‘tkazmalarini shunchaki to‘y-hasham yoki uy-joyga emas, balki qimmatli qog‘ozlar yoki investitsiya fondlariga yo‘naltirish mexanizmlarini yaratish maqsadga muvofiq.

 

Bir ishchiga ikki boshliq

Ko‘p yillardan beri Rossiyadagi mehnat muhojirlari bilan bevosita muloqotda bo‘lgan va yuridik masalalarda ko‘mak berib kelayotgan huquqshunos Zarnigor Omonillayeva ularning vatanga nisbatan o‘z iqtisodiy daxldorligi haqidagi tasavvurini shunday tasvirlaydi:

— Mehnat muhojirlari hech qachon o‘zlarini Rossiya iqtisodiyotining bir qismi sifatida ko‘rishmaydi. Xorijga qancha vaqtga ketishlaridan qat’i nazar, doim o‘zlarini O‘zbekiston iqtisodiyotining bir qismi sifatida bilishadi. Eng avvalo, oila va yaqinlari bo‘lgani uchun. Qolaversa, har kun, har daqiqa – xoh bir yil ishlasin, xoh besh yil – vatanga qaytaman, degan fikr bilan yurgani uchun. Muhojirlar o‘zlarini O‘zbekiston iqtisodiyotining bir ustuni sifatida ko‘rishadi. Chunki biz yuborayotgan pullar yaqinlarimiz, oilamiz uchun dastak bo‘lyapti, degan bosh tamoyil asosida mas’uliyatni his qilishadi.

Bilasizmi, muhojir – ikki boshliqning qo‘lida ishlaydigan ishchi. Bir tomondan, u ona mamlakatidagi soliq, qonunchilikdagi yangiliklarga o‘zini daxldor his qilib, o‘zgarish mazmunidan kelib chiqqan holda ijobiy yoki salbiy munosabatda bo‘ladi, lekin befarq qaramaydi. Ikkinchi tomondan, Rosssiyada qonunchilik o‘zgarganda, bu ham ularning iqtisodiy holatiga bevosita ta’sir qiladi.

Masalan, reyestrdagi o‘zgarish, patent qiymatining oshishi kabi holatlar ular yuboradigan pul hajmida aks etmay qolmaydi. Shu jihatdan, mehnat muhojirlari Rossiyadagi qonunchilik, tartibdan kelib chiqib o‘zining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini o‘lchaydi, qaysidir ma’noda o‘zini iqtisodiy ko‘prikdek his qiladi. U ikki tomonning qonunchiligi bilan ham hisoblashishi, ikki boshliqning ra’yi bilan ish tutishi kerak.

Tabiiyki, yillar davomida vatandan uzoqda bo‘lish ma’lum darajada muhojirning daxldorlik hissiga ta’sir ko‘rsatadi. Va bu daxldorlik hissining ijobiy yoki salbiy bo‘lishida davlat-nodavlat idoralari vakillari bilan muloqot tajribasining roli katta. Masalan, vatanga qaytgach, telefonni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bojxona xodimlariga yoki salomatligi bo‘yicha poliklinikaga murojaat qilganida ko‘radigan munosabati uning vatan bilan bog‘liqlik hissini belgilaydi. Shu bois bu muomala reglamenti ustida ishlash, uni tartibga solish maqsadga muvofiq.

Migrantlarning O‘zbekistonga daxldorligini oshirish uchun ularning siyosiy, ijtimoiy jarayonlarga ishtirokini kuchaytirishni taklif qilgan bo‘lardim. Masalan, qonun loyihalari muhokamasida, ijtimoiy tartibotdagi o‘zgarishlar bo‘yicha munozaralarda ularni jalb qilish, fikrlarini o‘rganish (misol uchun, my.gov.uz yoki shu kabi platforlamalar orqali) to‘g‘ri bo‘ladi. Bu mehnat muhojirlaridek katta iqtisodiy kuchning vatanga daxldorlik hissini oshirib, fuqarolik institutini mustahkamlaydi.

 

Xorijdagi kichik vatan

Migratsiya xususida so‘z borganda yana bir fenomenga alohida to‘xtalib o‘tish joiz: diasporalar.

Diaspora  o‘z tarixiy vatanidan tashqarida, boshqa mamlakat yoki hududda doimiy yashovchi, o‘z milliy madaniyati, tili va an’analarini saqlab qolgan etnik guruh sanaladi. Ularning migrantlardan asosiy farqi doimiy/uzoq muddatga yashash uchun ko‘chib ketganligida.

Ochiq manbalarda xorijdagi o‘zbek diasporalari a’zolarining soni farqlanadi. Aytish mumkinki, Rossiya, Turkiya, AQSH va Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda hajmi va qamrovi bo‘yicha eng yirik o‘zbek diasporalari mavjud. So‘nggi yillarda Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar soni ham o‘sib bormoqda.

Diasporalar, ayniqsa, vatandagi murakkab vaziyatlarda qo‘shimcha tashqi kuch sifatida namoyon bo‘ladi. Misol uchun, koronavirus pandemiyasi davrida AQSH, Germaniya, Rossiya va Janubiy Koreyadagi vatandoshlarning sa’y-harakati bilan O‘zbekistonga sun’iy nafas apparatlari, kislorod konsentratorlari va pulsoksimetrlar yetkazib berilgan, shuningdek, Sirdaryo viloyatida Sardoba suv omborida fojia yuz berganida, keng ko‘lamli moddiy yordam aksiyalari tashkil etilgandi.

Bundan tashqari, o‘qish yoki ish maqsadida xorijiy mamlakatga endi borgan vatandoshlarning yangi muhit, begona tartib-qoidalarga oson moslashishida ham diasporalar muhim rol o‘ynaydi  – ular o‘ziga xos ekomuhitni hosil qiladi, xorijda vatan hissini bag‘ishlaydi.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov diasporalar va mehnat muhojirlarining iqtisodiy-siyosiy roli haqida shunday fikrda:

— Migrantlar iqtisodiy jihatdan katta kuch ekanligi aniq, ularning siyosiy ta’siri esa mavhumroq masala. Isroil, Armaniston kabi tizimli siyosiy muammolar mavjud bo‘lgan mamlakatlarga diasporalarning siyosiy ta’sirini o‘lchash mumkin. Qolaversa, diasporalarning qaysi mamlakatda ekanligi ham muhim. Britaniya va AQSH kabi demokratik davlatlarda diaspora vakillari o‘z ona yurtining imijini yaratish, qaysidir ma’noda madaniyatini yoyishda rol o‘ynashi mumkin.

Bizning asosiy migrantlarimiz Rossiyada ishlagani va bu qaysidir ma’noda nodemokratik davlat bo‘lgani uchun muhojirlar siyosiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsata olmaydi. Masalan, Xitoyda 5 mln o‘zbek yashasa ham ularning ta’siri nolga teng bo‘ladi. Lekin xuddi shuncha odam Britaniyada yashasa, bu boshqa gap. Shuningdek, muhojirning ta’sirini belgilashda u bajaradigan kasb ham muhim ahamiyatga ega. Muhojir katta maosh olsa-yu, uning kasbi nufuzli hisoblanmasa, jamiyatdagi ta’siri cheklangan bo‘ladi. Chunki Britaniya kabi davlatlardan ijtimoiy mavqe pul bilan o‘lchanmaydi. O‘zbeklar esa ko‘proq pul keladigan sohalarni tanlashadi.

Nazarimda, o‘zbeklar o‘ta apolitik. Ya’ni siyosatdan uzoqroq yurishga, aralashmaslikka intiladi. Shuning uchun ham xorijdagi muhojirlarning ta’siri songa nisbatan kamroq bo‘lib qolaveradi.

Diaspora nou-hau jihatidan muhim. Ular xorijdagi ijobiy amaliyotlarni ko‘rib, ona mamlakatiga tatbiq etishga, yangiliklarni olib kirishga intiladi. Masalan, toza-ozoda jamoat bog‘larini ko‘rib, tabiiy ravishda «o‘zimizda ham qilsa bo‘ladi-ku» degan qarash paydo bo‘ladi. Faqat ularni tatbiq etishda har bir mamlakatning o‘ziga xosliklarini ham inobatga olish kerak.

 

«Brain drain» va «brain gain»

Tashqi migratsiyani jarayon sifatida ikki pallali taroziga o‘xshatish mumkin. Bir pallada aqllar/iste’dodlarning yo‘qotilishi, boshqasida esa aqllar/istedodlarning oqib kelishi turadi.

Aql/iste’dodlarning yo‘qotilishi, ya’ni «brain drain» yuqori malakali mutaxassislarning rivojlanayotgan davlatdan rivojlangan mamlakatlarga ko‘chib o‘tishi bo‘lib, bu inson kapitalining boy berilishini bildiradi. Qaysidir ma’noda, bir mamlakat kadr tayyorlaydi, uning ta’limi, kasbiy rivojlanishi uchun sarmoya tikadi, lekin xorijdagi yaxshiroq ish haqi, karera imkoniyatlari, yuqori turmush darajasi yoxud shunchaki ishsizlik kabi omillar uning begona mamlakat mehnat bozorini to‘ldirishiga sabab bo‘ladi.

«Yale Economics Growth Center» tahlillariga ko‘ra, bu malakali ishchi kuchining kamayishiga olib kelsa-da, tarozining ikkinchi pallasi ham ishga tushadi: birinchidan, xorijdagi yaxshiroq ish imkoniyatlari yangi kadrlarni yaxshiroq ta’lim olishga, til o‘rganishga, kasbiy malakasini oshirib kerakli xodim bo‘lishga undaydi – u «qora ishchi» emas, «portfelli mutaxassis» qiyofasiga intiladi. Ikkinchidan, mutaxassis rivojlangan mamlakatda topgan maoshidan vatanga yuboradigan pul, tikadigan investitsiya yangi ish o‘rinlarini yaratish, iqtisodiyotni harakatga keltirish, innovatsiyalarni joriy etishga asos yaratadi. Bu, o‘z navbatida, bilvosita aql/iste’dodning oqib kelishini ta’minlaydi. Ikki palla muvozanatga kelganida «brain circulation», ya’ni aqllar aylanmasi jarayoni hosil bo‘ladi.

 

Tanganing ikki tomoni

Maqola avvalida qayd etilganidek, migratsiya murakkab ijtimoiy-iqtisodiy, ta’bir joiz bo‘lsa, psixologik hodisa ham. U muayyan iqtisodiy foyda keltirish barobarida chigal jarayonlarni hosil qiladi. Masalan, muhojirlar siyosiy manfaatlar to‘qnshuvida bosim o‘tkazish uchun og‘riq nuqtasi sifatida foydalanilayotgan, baxtsiz hodisalar qurboniga aylanayotgan yoki og‘ir mehnat sharoiti sabab hayotdan ko‘z yumayotgan fojiali holatlar ham talaygina.

Bundan tashqari, yillar davomida vatandan uzoqda bo‘lish oila institutiga qanday ta’sir qiladi? Mehnat muhojirligi ijtimoiy yetimlik kabi holatlar, «migrant bolalari» singari toifalarning shakllanishiga ham sabab bo‘lmoqdaki, bu alohida maqola uchun mavzu bo‘la oladi.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Теглар

Мавзуга оид