Logo

MobiUZ, Beeline, Uztelecom va Ucell: 2025 yilda kim qancha daromad qildi?

Бугун 12:552 дақиқа

Vaqt.uz aloqa operatorlarining o‘tgan yilgi moliyaviy hisobotlarini o‘rganib, kim qancha daromad va foyda olganini tahlil qildi.

MobiUZ, Beeline, Uztelecom va Ucell: 2025 yilda kim qancha daromad qildi? © Gazeta.uz

O‘zbekistondagi yirik aloqa operatorlari 2025 yilda birgalikda 20 trln so‘mdan oshiq daromad qildi. Bunda jami foyda 781,3 mlrd so‘mni, to‘langan soliqlar esa 2,46 trln so‘mni tashkil qildi.

Uztelecom barcha ko‘rsatkichlarda yetakchilik qildi. Kompaniya davlatga tegishli bo‘lgani uchun yillik moliyaviy hisobotini taqdim qilgan.

Aloqa operatori 2025 yilda 10,6 trln so‘m daromad oldi. Kompaniyaning sof foydasi 590,9 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, davlat budjetiga 1,37 trln so‘m soliq to‘lagan. Bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha Uztelecom boshqa aloqa operatorlarini sezilarli ortda qoldirdi.

photo_2026-06-29_12-24-45


Daromad hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Ucell egalladi. Operatorning yillik tushumi 4,14 trln so‘mni tashkil etdi. Biroq kompaniyaning sof foydasi atigi 5,6 mlrd so‘m bo‘lgan. Shu bilan birga, Ucell davlat budjetiga 360,3 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

Taqqoslash uchun, Ucell 2024 yilda 252,5 mlrd so‘m sof foyda olgandi. Bir yil ichida kompaniyaning sof foydasi qariyb 98 foizga kamaydi.

Beeline Uzbekistan esa 3,8 trln so‘m daromad oldi. Kompaniyaning sof foydasi 11,2 mlrd so‘mni, budjetga to‘lagan soliqlari esa 495,4 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Soliq to‘lovlari hajmi bo‘yicha Beeline ikkinchi o‘rinda qayd etildi.

2024 yilning mos davrida Beeline 136,2 mlrd so‘m sof foyda olishga erishgandi. 2025 yilda uning foydasi Ucell kabi sezilarli — 91,8 foizga kamayib ketdi.

MobiUZ 2025 yilda 2,48 trln so‘m daromad oldi. Kompaniyaning sof foydasi 173,6 mlrd so‘mni tashkil etib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha Ucell va Beeline'dan ancha yuqori natija qayd etdi. Operator yil davomida 235,3 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

MobiUZ 2024 yilga nisbatan foydasini 39 barobar oshirgan. Kompaniya yaqinda 351 mln dollarga AQSHlik investorlarga sotildi va 100 foiz xususiylashtirildi.

Uztelecom foydasi boshqa aloqa operatorlariga nisbatan sezilarli yuqori bo‘lishiga kompaniyaning mobil aloqadan tashqari simli aloqa, internet va boshqa telekommunikatsiya xizmatlarini ham ko‘rsatishi ta’sir qilgan. Beeline, Ucell va MobiUZ esa asosan mobil (simsiz) aloqa xizmatlarini taqdim etadi.

Aloqa operatorlari moliyaviy ko‘rsatkichlarini hisoblashda ularning moliyaviy hisobotlari, iHamkor.uz va Soliq qo‘mitasi ma’lumotlaridan foydalanildi.

Теглар

Мавзуга оид