Logo

«Na urush, na tinchlik» siyosati: Ko‘rfazdagi beqarorlik AQSH kompaniyalariga qo‘l kelmoqda

Бугун 14:357 дақиқа

Ko‘rfaz davlatlarining yoqilg‘i eksporti pasaygan bir paytda, Vashington va Tel-Avivning manfaatlari birlashib, bozordagi bo‘sh o‘rinlarni Amerikaning neft va gazi egallayapti.

«Na urush, na tinchlik» siyosati: Ko‘rfazdagi beqarorlik AQSH kompaniyalariga qo‘l kelmoqda

Eron bilan munosabatlardagi mavhumlik — na urush va na tinchlik holatining saqlanib qolayotgani AQSH, uning energetika sektori hamda ittifoqchisi bo‘lmish Isroil uchun tobora ko‘proq qo‘l kelmoqda. Bu haqda Hamad bin Xalifa universiteti davlat siyosati professori Sulton Barakat «Al-Jazeera» uchun yozgan maqolasida ta’kidlaydi.

Global energetika tizimidagi tub o‘zgarishlar

Muallifning yozishicha, global energetika tizimi tubdan o‘zgarmoqda. AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining «Truth Social» tarmog‘ida «tarixdagi eng yirik neft bitimi» deya ta’riflangan yangi kelishuvni nishonladi.

Maqolada qayd etilishicha, bu hujjat Venesueladagi 17 ta neft konini 100 yil muddatga konsessiyaga (ijaraga) olishni hamda u yerdan 65 milliard barrel neft qazib olishni kafolatlaydi.

Ayni shu paytda esa «QatarEnergy» kompaniyasi o‘zining Yevropadagi eng yirik mijozlaridan biri «Edison»ga suyultirilgan tabiiy gaz (STG) yetkazib berishdagi fors-major holati noyabr oyining boshigacha davom etishini ma’lum qildi. Professorning so‘zlariga ko‘ra, yana beshta yuk partiyasi bekor qilingan va shu tariqa yetkazib berilmagan mahsulotlarning umumiy soni 29 taga, hajmi esa qariyb 3,8 milliard kub metr gazga yetgan.

Mazkur shartnoma 2009 yildan buyon amalda bo‘lib, odatda Italiyaning tabiiy gazga bo‘lgan yillik ehtiyojining taxminan o‘ndan bir qismini qoplaydi. Biroq «Edison» bekor qilingan ta’minot o‘rnini boshqa manbalar, xususan, AQSH hisobidan qoplash orqali o‘z mijozlarini gaz bilan ta’minlashda davom etayotgani aytiladi.

Vashington va Fors ko‘rfazi: Himoyachidan raqobatchiga

Barakat o‘z maqolasida o‘nlab yillar davomida Vashington va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv shartlari juda aniq bo‘lganini ta’kidlaydi. AQSH mintaqani himoya qilib, undagi dengiz savdo yo‘llari xavfsizligini ta’minlagan bo‘lsa, Ko‘rfazdagi ishlab chiqaruvchilar global iqtisodiyot uchun o‘ta muhim bo‘lgan energiya resurslarini yetkazib bergan. Bundan tashqari, ular Amerika iqtisodiyoti manfaatlari yo‘lida barcha savdo hisob-kitoblarini dollarda amalga oshirib kelgan.

«Endi esa bu kelishuv butunlay boshqacha tus olmoqda. Amerika bugungi kunda Ko‘rfazning energetika manfaatlarini shunchaki himoya qilayotgani yo‘q, balki u bilan bevosita raqobatlashmoqda», — deb yozadi ekspert.

Шuningдек, mintaqadagi beqarorlik oqibatida Ko‘rfaz davlatlari energiya resurslarini yetkazib bera olmay qolgan vaziyatlardan AQSH tobora ko‘proq foyda ko‘rayotgani ta’kidlanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi olti oylik urush Qatarning STG eksportiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan, shuningdek, Quvayt, Saudiya Arabistoni va BAA kabi Ko‘rfazning boshqa mamlakatlarida ham neft eksporti keskin pasaygani kuzatilmoqda. Ayni paytda esa jahon bozorida bo‘shab qolgan bu o‘rinni AQSHning neft va gazi egallab, Amerikaning energetika gigantlari rekord darajada yuqori daromad ko‘rmoqda.

Davlat siyosati va xususiy biznes manfaatlarining birlashuvi

Bu o‘rinda AQSH davlat siyosati bilan uning atrofida girdikapalak bo‘layotgan xususiy biznes manfaatlarini bir-biridan ajratib olish lozimligi qayd etiladi. Muallifning fikricha, Vashington Eronga nisbatan strategik bosim vositalarini qo‘lda tutish va Ko‘rfaz davlatlari ustidan doimiy nazorat o‘rnatishni maqsad qilgan bo‘lsa, energetika gigantlari yangi konlarga yo‘l ochish, qulay tartib-qoidalar, serdaromad narxlar va yangi bozorlarni ko‘zlamoqda. Tramp esa energetika sohasidagi ustunlik shiori ostida ana shu ikki maqsadni birlashtirmoqda: davlat hokimiyati yangi eshiklarni ochsa, xususiy sarmoya undan shitob bilan kirib borayotgani aytiladi.

Bu jarayonda Isroil omili ham alohida ahamiyat kasb etishi ko‘rsatib o‘tilgan. Amerikaning «Chevron» korporatsiyasi Isroil sohillaridagi ikki asosiy gaz konini boshqaradi: u «Leviafan» konining qariyb 40 foiziga, «Tamar»ning esa 25 foiziga egalik qiladi. O‘tgan yili Misrga eksportni ko‘paytirish bo‘yicha 35 milliard dollarlik kelishuvga erishilgach, «Leviafan»ni kengaytirish ishlari yanada avj olgan.

Shu bois Isroil Qatar kabi AQSHning mustaqil energetik raqibi emas. Uning Sharqiy O‘rtayer dengizidagi gaz xabi sifatidagi ortib borayotgan roli AQSH operatori bilan bog‘liq bo‘lib, Isroil, Misr va Iordaniyani birlashtiruvchi AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan mintaqaviy tizimga to‘liq mos keladi.

Sulton Barakat «Chevron» ushbu voqealar zanjirining bosh bo‘g‘ini sifatida namoyon bo‘layotganini ta’kidlaydi. Korporatsiya AQSHning o‘z hududida qazib olish bo‘yicha katta ulushga ega, Isroilning strategik gaz boyliklarini nazorat qiladi va endi Venesuelada o‘z ishini kengaytirish uchun qulay imkoniyatga ega bo‘lmoqda.

Professorga ko‘ra, bu, albatta, korporatsiya tashqi siyosatni boshqaradi degani emas, biroq bu holat Amerika geosiyosiy qudratining namoyishi AQSH kompaniyalari uchun naqadar tez yirik savdo imkoniyatiga aylanishini yaqqol tasdiqlaydi.

Isroilning maqsadlari va narxlar muvozanati

Maqolada yozilishicha, ayni paytda Isroil Eron bilan to‘qnashuv o‘z manfaatlariga zid shartlar asosida barham topishiga aslo yo‘l qo‘ymoqchi emas. Jumladan, iyun oyida imzolangan AQSH–Eron o‘zaro anglashuv bitimi Isroilning harbiy maqsadlariga mutlaqo javob bermadi. Shu bois rasmiy Tel-Aviv ushbu hujjat shartlariga o‘zini majbur deb hisoblamasligini bildirdi, Livanda harakat erkinligini talab qildi va Vashington diplomatik muzokaralarni davom ettirishga urinayotgan bir paytda harbiy amaliyotlarni qisqa vaqtga qaytadan boshlab yubordi.

Ekspertning fikricha, Isroil uchun bu kabi sulhlar hech qachon nizoning uzil-kesil yechimi bo‘lmagan, balki navbatdagi zarba berish imkoniyatini saqlab qolgan holda kuch to‘plash uchun bir tanaffus vazifasini o‘tagan. Buning sabablari muhim strategik rejalarga borib taqaladi: Tel-Aviv Eronning yadro, raketa va mintaqaviy ta’sir qudratini qayta tiklashiga aslo yo‘l qo‘ymoqchi emas. Qolaversa, mamlakat rahbariyati saylovlar arafasida murosaga kelish orqali jamoatchilik ko‘ziga zaif ko‘rinishdan cho‘chiydi. 

Muallif Isroilning doimiy nizolarga intilishi AQSHning energetika sohasidagi manfaatlariga to‘la mos tushishini yozadi. Eronga nisbatan uzluksiz bosim o‘tkazilishi Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyatni qaltis ushlab turadi, Ko‘rfaz davlatlari eksportini zaiflashtiradi va energiya tashishdagi xavf-xatarlar uchun belgilanadigan ustama narxlarning yuqori bo‘lishini ta’minlaydi. Isroil va Amerika energetika kompaniyalarining manfaatlari bir-birini to‘ldirishi uchun ularning qandaydir umumiy reja asosida harakat qilishi ham shart emas.

Narx masalasiga kelganda bu holat yanada oydinlashishi aytiladi. Tramp tinimsiz arzon neft haqida gapiradi, biroq narxlar o‘ta tushib ketsa, AQSH ishlab chiqaruvchilari katta zarar ko‘ra boshlaydi.

Dallas Federal zaxira banki tomonidan o‘tkazilgan so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, Amerika kompaniyalariga ishlab turgan quduqlardan foydalanish uchun bir barrel neftning o‘rtacha narxi taxminan 43 dollar bo‘lishi kerak. Yangi quduqlarni daromad bilan qazish uchun esa bu ko‘rsatkich 66 dollarni tashkil etadi, ikkita asosiy Perm havzasida esa bu raqam 61–62 dollar atrofida o‘zgarib turadi.  

Shu sababli Trampga oltin o‘rtaliq kerak: neft inflatsiyani jilovlash uchun yetarlicha arzon bo‘lishi, ayni paytda slanets, freking va eksport sarmoyalarini oqlash uchun yetarlicha qimmat turishi lozim. Ko‘rfazdagi beqaror vaziyat aynan mana shu muvozanatni saqlashga yordam beradi. Buning uchun yirik halokatlar yoki ta’minotning butunlay uzilishi shart emas.

Boshqariladigan beqarorlik va Ko‘rfazning kelajagi

Mintaqadagi «na urush, na tinchlik» holatining asl sababini ham shu bilan izohlash mumkin. Keng ko‘lamli urush Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishiga, narxlarning keskin oshib ketishiga va «Chevron»ning Isroildagi faoliyati izdan chiqishiga olib kelishi mumkin.

Uzoq muddatli tinchlik bitimi esa xavf-xatar uchun to‘lanadigan ustamalarni yo‘qqa chiqaradi, Ko‘rfaz ta’minotiga bo‘lgan ishonchni tiklaydi va Isroilning mintaqadagi erkin harakatlarini cheklab qo‘yadi. Shuning uchun ham maqolada boshqariladigan beqarorlik — ikki o‘t orasidagi eng maqbul yo‘l ekanligi xulosa qilinadi. Bunda Amerikaning ishlab chiqarish tarmoqlarini himoya qilish uchun yetarlicha vazminlik saqlanishi, biroq Ko‘rfaz energiyasini yana to‘la ishonchli manbaga aylantirish uchun yetarlicha diplomatik harakatlar qilinmasligi ta’kidlangan.

Isroil Eronni doimiy bosim ostida ushlab turadi, Vashington esa o‘z ittifoqchilari ustidan ta’sir o‘tkazish dastaklarini saqlab qoladi. Buning ortidan AQSH ishlab chiqaruvchilari o‘z mijozlaridan ayrilmaydi va tijoriy jihatdan foydali narxlarga ega bo‘ladi. Bu yerdagi eng katta xavf shundaki, muallifga ko‘ra, endilikda bu manfaatlar shu qadar ustma-ust tushmoqdaki, bir nechta qudratli o‘yinchilar inqirozning uzil-kesil hal bo‘lmasligidan bevosita manfaatdor bo‘lib qolmoqda.

Professor Ko‘rfaz hamon ulkan zaxiralarga ega va qazib olish xarajatlari shu qadar arzonki, Amerika kompaniyalari bu borada ular bilan aslo tenglasha olmasligini aytadi.

Biroq bugungi kunda bozordagi hukmronlikni faqatgina zaxiralarning miqdori belgilamaydi. Bunda ishonchlilik asosiy rolga чиқаdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kuniga bor-yo‘g‘i 3,5–5,5 million barrel neft Saudiya Arabistoni va Amirliklar quvurlari orqali Ho‘rmuz bo‘g‘ozini chetlab o‘ta oladi xolos.

«Ko‘rfazning energetik kelajagiga tahdid solayotgan eng katta xavf — zaxiralarning tugashi emas. Balki xaridorlarning bu energiyasiz yashashga o‘rganib qolishidir», — deb yozadi Sulton Barakat.

Yo‘lda kechikkan har bir tanker Atlantika okeani ortidagi muqobil manbalarning o‘rnini yanada mustahkamlashi, AQSHning suyultirilgan tabiiy gazi (STG) bilan almashtirilgan har bir Qatar yuki ertaga urush tugaganidan keyin ham uzoq vaqt saqlanib qoladigan yangi savdo aloqalarini yaratmoqda.

Maqola so‘ngida bir vaqtlar AQSH qudrati qisman Ko‘rfazdan kelayotgan energiya oqimini himoya qilishga tayangani, bugungi kunga kelib esa Amerika tobora ushbu energiyaning o‘rnini egallashga asoslangan siyosat yuritayotgani qayd etiladi.

Теглар

Мавзуга оид