Nafaqaxo‘rlar uchun eng yaxshi davlatlar reytingi e’lon qilindi

03.03.2026 | 16:152 дақиқа

Reytingda dunyo bo‘ylab qulay, arzon va barqaror hayot taklif etuvchi mamlakatlar saralangan.

Nafaqaxo‘rlar uchun eng yaxshi davlatlar reytingi e’lon qilindi

2025-yilgi Global Nafaqa Indeksi nafaqaga chiqqandan so‘ng xorijda yashashni rejalashtirayotganlar uchun eng munosib davlatlar ro‘yxatini taqdim etdi.

Reyting to‘rtta asosiy mezon — moliyaviy barqarorlik, moddiy farovonlik, sog‘liqni saqlash tizimi va hayot sifati asosida shakllantirilgan. Bunda pensiya tizimining mustahkamligi, inflatsiya darajasi, aholi daromadi, ishsizlik ko‘rsatkichi, umr davomiyligi hamda atrof-muhit holati kabi omillar inobatga olingan. Ushbu kompleks yondashuv qaysi mamlakatda keksalikni qulay o‘tkazish mumkinligini aniqlash imkonini berdi.

Reytingda birinchi o‘rinni 83 foiz ko‘rsatkich bilan Norvegiya egalladi. Mazkur davlat yuqori daromad darajasi, kuchli pensiya tizimi va hayot sifati bilan ajralib turdi. Irlandiya 82 foiz bilan ikkinchi, Shveysariya esa 81 foiz bilan uchinchi pog‘onadan joy oldi. Keyingi o‘rinlarda Islandiya, Daniya va Niderlandiya 79 foizdan natija qayd etgan.

Avstraliya 77 foiz bilan yettinchi, Germaniya 76 foiz bilan sakkizinchi bo‘ldi. Luksemburg va Sloveniya 75 foiz natija bilan kuchli o‘nlikni yakunladi. Irlandiya so‘nggi o‘n yilda 15-o‘rindan 2-o‘ringa ko‘tarilib, eng katta o‘sishni namoyish etdi.

Shimoliy Amerika mamlakatlari esa biroz ortda qoldi. Kanada va AQSH 70 foiz natija bilan reytingning o‘rta qismida joylashdi. AQSH 21-o‘rinni egallab, tibbiyot xarajatlarining yuqoriligi va davlat qarzining kattaligi tufayli pastroq baholandi. Kanadada uy-joy narxlarining qimmatligi uning pozitsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, nafaqadagi hayot sifatini faqat daromad emas, balki sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligi va umumiy ijtimoiy barqarorlik belgilaydi. Reyting natijalari davlatlar uchun pensiya va ijtimoiy siyosatni takomillashtirishda muhim ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qiladi.

Теглар

Мавзуга оид