Namangandagi gullar festivali «Ginnessning rekordlar kitobi»ga kirdi
Festival dirasida Namangan shahri aholisi tomonidan qo‘lda 29 milliondan ziyod gul ko‘chati ekiligan.
© Foto: prezident.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifi asnosida an’anaviy gullar festivaliga tashrif buyurdi.
Festival muddati 2018 yildagi 3 kundan 2025 yilda 40 kunga uzaytirilgani natijasida xorijlik sayyohlar soni 25 mingdan 800 ming nafarga, mahalliy turistlar esa 6,4 million nafarga yetdi.
Navbatdagi maqsad – 50 dan ortiq davlatdan 1 million nafar xorijiy va 7 million nafar mahalliy turistni jalb etish, 150 dan ziyod tadbir o‘tkazish hamda xizmatlar hajmini 8 trillion so‘mga yetkazish.
Joriy yil 24-maydan 12-iyulga qadar davom etadigan 65-xalqaro gullar festivali ham o‘zgacha shukuh bilan o‘tmoqda.
Festival «Ginnessning rekordlar kitobi»ga rasman kiritildi. Uning doirasida kitob vakillari bir oy davomida Namangan shahri aholisi tomonidan 29 milliondan ziyod gul ko‘chati qo‘lda ekilishi jarayonini kuzatdi. Natijada jahon rekordi qayd etildi.
Namangan shahrining 45 ta mahallasi gulchilikka ixtisoslashtirilib, 16 ming xonadon qamrab olindi, 21 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi. Ushbu xonadon tomorqalarida mart-aprel oylarida 4 ming 683 ta issiqxona tashkil etilib, 120 million dona gul ko‘chati yetishtirildi. Odamlar qo‘shimcha 300 milliard so‘m daromadga ega bo‘ldi.
Davlat rahbari festival doirasida barpo etilgan gul kompozitsiyalari, mavzuli maydonlar va ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirdi. Gulchilik bilan shug‘ullanayotgan aholi, tadbirkorlar, festival ishtirokchilari va mehmonlarni qutladi.





