Oshish kutilayotgan aliment, san’atkorlar uchun soliq va xorijda saqlashga ruxsat berilgan shaxsiy ma’lumotlar — 27-mart dayjesti

Кеча 23:553 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Oshish kutilayotgan aliment, san’atkorlar uchun soliq va xorijda saqlashga ruxsat berilgan shaxsiy ma’lumotlar — 27-mart dayjesti

O‘zbekistonda san’atkorlar uchun har bir xizmatga soliq joriy etiladi

O‘zbekistonda 1-sentabrdan ijodkorlar har bir chiqishi uchun alohida soliq to‘lashi mumkin. O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga ko‘ra, barcha konsert va tomosha xizmatlari maxsus elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. 2029 yilgacha soliq «bitta xizmat — bitta to‘lov» tamoyili asosida belgilangan stavka bo‘yicha undiriladi, keyin esa shartnoma qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi.

Hujjatda aytilishicha, hatto bepul xizmatlar uchun ham soliq to‘lash majburiy bo‘ladi (davlat tadbirlari bundan mustasno). Shuningdek, ijrochilar daromadining 30 foizini hujjatsiz xarajat sifatida chegirish imkoniga ega bo‘ladi. Agar daromad yashirilsa, kamida BHMning 20 baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi va bu haqda xabar bergan shaxslarga jarimaning 20 foizi mukofot sifatida beriladi.

Mutasaddilarga ko‘ra, ushbu islohotning asosiy maqsadi shou-biznes sohasida shaffoflikni oshirish va budjet tushumlarini ko‘paytirishdir. Yangi tartib xizmatlar bozorida narxlarga ta’sir qilishi mumkin, biroq rasmiylar bu chora iqtisodiyotni «soya»dan chiqarishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.

Transport vositalari uchun naqdsiz hisob-kitoblar noqulaylik tug‘dirmadi — Markaziy bank

2025-yilda O‘zbekiston jamoat transportida 692 million tranzaksiya amalga oshirilib, bu o‘tgan yilga nisbatan 36 foizga oshdi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, transport kartalari orqali 213 million to‘lov qayd etilgan (52 foiz o‘sish), mobil ilovalar va virtual kartalar orqali amalga oshirilgan operatsiyalar esa 234 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, 2025 yilning birinchi yarmida jamoat transportidan foydalanganlar soni 206 million nafarni tashkil etib, yillik hisobda 31 foizga oshgan.

Umuman, mamlakatda naqdsiz to‘lovlar ulushi ortib bormoqda: aholi to‘lovlari 692 milliard so‘mga yetgan (+16%), naqd pul yechib olish darajasi esa 13–14 foiz atrofida saqlangan. Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev ta’kidlashicha, naqdsiz hisob-kitoblar joriy etilishi aholida hech qanday noqulaylik tug‘dirmagan va fuqarolar raqamli to‘lovlarga tez moslashgan.

Alimentning eng kam miqdori oshishi mumkin

O‘zbekistonda oila munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan yangi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjatda aliment to‘lovlari tartibini o‘zgartirish va uning minimal miqdorini oshirish taklif qilinmoqda.

Amalda har bir bola uchun aliment mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi belgilangan bo‘lib, hozirda bu 336 ming so‘m atrofida. Yangi taklifga ko‘ra esa bu ko‘rsatkich minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga bog‘lanadi va taxminan 715 ming so‘mni tashkil etadi. Bu o‘zgarish amalga oshsa, aliment to‘lovlari deyarli ikki barobarga oshishi mumkin.

M2M o‘tkazmalarda komissiya kamayadimi?

O‘zbekistonda M2M (o‘zidan o‘ziga) o‘tkazmalar bo‘yicha komissiyalar kamaytirilishi yoki bekor qilinishi kutilmayapti. Markaziy bank rasmiy izohiga ko‘ra, regulyator tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga komissiya miqdorini belgilab berish vakolatiga ega emas.

Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev ta’kidlashicha, komissiyalar har bir bankning ichki siyosatiga bog‘liq bo‘lib, ularni oshirish yoki kamaytirish masalasi mustaqil ravishda hal qilinadi. Shu bilan birga, hisobdan hisobga (account-to-account) real vaqtda to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazmalar uchun texnik imkoniyatlar yaratilgan. Endi ushbu tizimdan foydalanish yoki unga qanday tarif qo‘llash banklarning o‘ziga bog‘liq.

Shaxsiy ma’lumotlarni xorijda saqlashga ruxsat berildi

O‘zbekistonda shaxsiy ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash tartibiga o‘zgartish kiritildi. Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, quyidagi shaxsga doir ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shart:

• shaxslarning biometrik ma’lumotlari;

• shaxslarning genetik ma’lumotlari;

• O‘zbekiston hududida faoliyat olib borayotgan telekommunikatsiyalar operatorlaridagi ularning xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning ma’lumotlari.

Yuqorida ko‘rsatilmagan shaxsga doir ma’lumotlar quyidagi shartlardan biri bajarilganda, O‘zbekistondan tashqarida saqlanishi va ishlov berilishi mumkin:

• chet davlatni shaxsga doir ma’lumotlarning bir xil himoya qilinishini ta’minlovchi davlat sifatida tan olish;

• operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beruvchi standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya etilishi;

• ro‘yxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga operator tomonidan rioya etilishi.

Теглар

Мавзуга оид