«O‘zatom»ning «Rosatom» bilan yangi kelishuvi, «10 ming qadam»ning qaytishi va jahon chempionatiga mezbonlik qiladigan 100 mln dollarlik stadion — 24-mart dayjesti

Кеча 22:293 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«O‘zatom»ning «Rosatom» bilan yangi kelishuvi, «10 ming qadam»ning qaytishi va jahon chempionatiga mezbonlik qiladigan 100 mln dollarlik stadion — 24-mart dayjesti

«O‘zatom» va «Rosatom» kelishuv imzoladi

O‘zbekistonda atom energetikasi loyihasi doirasida «O‘zatom» va «Rosatom» o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi kelishuv imzolandi. Unga ko‘ra, Jizzax viloyati Forish tumanidagi maydonda kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha dastlabki beton ishlari boshlandi. Loyiha doirasida kadrlar tayyorlash, infratuzilma yaratish va atom energetikasini kompleks rivojlantirish ham nazarda tutilgan.

Yangi konfiguratsiyaga ko‘ra, stansiya ikki yirik VVER-1000 reaktori va ikki RITM-200N reaktoridan iborat bo‘ladi. To‘liq quvvatga chiqqach, AES yiliga taxminan 15,4 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, mamlakat iste’molining 15 foizdan ortig‘ini qoplashi kutilmoqda. Shu bilan birga, qurilish maydoni yadroviy va ekologik xavfsizlik talablariga to‘liq mos deb topilgan.

Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temiryo‘lini 2030 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini 2030 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Ushbu strategik loyiha Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini oshirib, yuk tashish muddatini qisqartirishi va mintaqada iqtisodiy faollikni kuchaytirishi kutilmoqda. Yangi temiryo‘l Qirg‘izistonni «boshi berk» hududdan tranzit davlatga aylantirishi ta’kidlanmoqda.

Loyiha 2024 yil dekabrida boshlangan bo‘lib, umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga teng. Moliyalashtirishda Xitoy 51 foiz ulushga ega bo‘lib, Qirg‘iziston va O‘zbekiston har biri 24,5 foizdan ishtirok etmoqda. 2030 yilda temiryo‘l orqali 8 million tonna yuk tashish rejalashtirilgan bo‘lsa, kelgusida bu ko‘rsatkich yanada oshishi kutilmoqda.

«10 ming qadam piyoda» tashabbusi qayta tiklanishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda aholi salomatligini yaxshilash va ekologik madaniyatni oshirish maqsadida «10 ming qadam piyoda» tashabbusini qayta tiklash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi. Davlat rahbari mazkur dasturni qayta joriy etish orqali sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, «1hls» raqamli platformasini ishga tushirish ham ko‘zda tutilgan.

Loyiha fuqarolarni kunlik yurish va jismoniy faollikka jalb etishga qaratilgan. Ilgari bu tashabbus doirasida 10 ming qadam bosgan ishtirokchilarga pul mukofoti berilgan edi. Shuningdek, yangi ekologik dasturlar doirasida «yashil texnikumlar» tashkil etish, xalqaro ekologik forumlar o‘tkazish va «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish choralari ham rejalashtirilgan.

Aholi valuta savdosining 41 foizini onlayn amalga oshirgan — Markaziy bank

2025-yilda O‘zbekistonda aholi va banklar o‘rtasida 33,6 milliard dollarlik valuta oldi-sotdi amalga oshirildi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, shuning 13,8 milliard dollari yoki 41 foizi onlayn xizmatlar orqali bajarilgan. Umumiy operatsiyalar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 32 foizga oshgan.

Asosiy ulush hanuz an’anaviy ayirboshlash shoxobchalariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da (57 foiz), eng tez o‘sish aynan raqamli xizmatlarda kuzatildi. Shuningdek, 24/7 ishlovchi valuta bankomatlari orqali ham 574 million dollarlik operatsiyalar amalga oshirilgan. Mutaxassislar bu tendensiyani moliyaviy xizmatlarning raqamlashuvi va aholi uchun qulaylik oshgani bilan izohlamoqda.

100 mln dollarlik loyiha: Prezident Yangi Toshkentdagi stadion qurilishini ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni Yangi Toshkentda qurilayotgan zamonaviy futbol stadioni qurilish jarayoni bilan tanishdi. 100 million dollarlik ushbu loyiha doirasida 55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan yirik sport majmuasi barpo etilmoqda. Hozirda yer ishlari yakunlangan, poydevorning asosiy qismi qurib bitkazilgan va metall konstruksiyalar o‘rnatish bosqichi boshlangan.

Mazkur stadion 2027 yilgi 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘yinlariga mezbonlik qilish uchun mo‘ljallangan. Inshoot 6 qavatli bo‘lib, zamonaviy infratuzilma, eskalatorlar, mashg‘ulot maydonlari, metro bekati va 5,5 ming o‘rinli avtoturargohni o‘z ichiga oladi. Loyiha nafaqat xalqaro musobaqalar, balki mamlakatda futbol va yoshlar sportini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид