Logo

O‘zbekiston va Qozog‘istondagi qurilishlar o‘rtasidagi o‘xshashlik hamda farqlar nimada?

Бугун 14:356 дақиқа

O‘zbekistonda joriy yil yanvar–iyun oylarida jami 192 trillion so‘mlik yoki 16,1 milliard dollarlik qurilish ishlari bajarilgan. Qozog‘istonda esa qurilish hajmi 4,1 trillion tenge yoki 8,6 milliard dollarga yetgan.

O‘zbekiston va Qozog‘istondagi qurilishlar o‘rtasidagi o‘xshashlik hamda farqlar nimada? © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Qurilish — Qozog‘iston va O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishining asosiy drayverlaridan biri hisoblanadi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ushbu sohaning YAIMdagi ulushi 7,3 foizni, Qozog‘istonda esa 6,2 foizni tashkil qilgan. Ikki davlatda qurilish sohasining rivojlanishi ko‘p jihatdan o‘xshash, biroq sezilarli farqlarga ham ega. «Ranking.kz» Milliy statistika qo‘mitalari ma’lumotlari asosida uy-joy va noturar joy qurilishining asosiy ko‘rsatkichlarini taqqosladi.

Uy-joy qurilishida Qozog‘iston hajm bo‘yicha ustun

Nashrning yozishicha, foydalanishga topshirilgan uy-joy hajmi ko‘rsatkichlariga qaraganda, Qozog‘istonda ko‘proq turarjoy binolari qurilmoqda. Bu farq bir necha yildan beri davom etmoqda. Agar 2020-yilda farq 2,4 million kvadrat metrni tashkil qilgan bo‘lsa (Qozog‘istonda 15,3 million kv.m, O‘zbekistonda 12,9 million kv.m), 2024-yilga kelib bu tafovut 4,3 million kvadrat metrgacha oshgan. 2025-yilda Qozog‘iston bozori o‘z ustunligini yanada oshirib, farq 4,4 million kvadrat metrga yetgan. 2026-yilning birinchi yarmi yakuniga ko‘ra, Qozog‘istonda 8,5 million, O‘zbekistonda esa 7,7 million kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirilgan.

Ikki davlatning demografik xususiyatlari va yangi uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji turlicha bo‘lgani sababli, ko‘rsatkich aholi soniga nisbatan ham ko‘rib chiqilgan. Joriy yilning yanvar–iyun oylarida Qozog‘istonda foydalanishga topshirilgan uy-joy hajmi har 1000 kishiga 412,2 kvadrat metrni tashkil qilgan. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich ikki barobar kam bo‘lib, har 1000 kishiga 200,7 kvadrat metrga teng bo‘lgan.

Biroq uy-joy qurilishi sur’atlari bo‘yicha O‘zbekiston o‘tgan yildan boshlab Qozog‘istondan o‘zib ketgan. Uch yillik pasayishdan so‘ng, 2025-yilda O‘zbekistonda uy-joy qurilishi hajmi 7,2 foizga oshgan. 2026-yilning birinchi yarmida ham o‘sish 7,2 foizni tashkil etgan va bu Qozog‘istondagi shu davrdagi ko‘rsatkichdan (6,7 foiz) yuqori bo‘lgan. Biroq Qozog‘iston uchun bu eng yuqori natija emas. Qozog‘iston Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda eng yuqori ko‘rsatkich 2020-yilda qayd etilgan — 16,8 foiz. Keyingi yillarda esa bu ko‘rsatkich keskin o‘zgarib turgan.

Mutlaq hajmlar va ularning o‘sish sur’atlarini taqqoslash ikki davlat qurilish bozorlari rivojlanish bosqichlari turlicha ekanini ko‘rsatadi. Qozog‘istonda uy-joy qurilishi hajmi dastlabdan yuqori bo‘lgani sababli o‘sish ko‘proq barqaror va sekin xarakterga ega. O‘zbekistonda esa hajmlar kichikroq bo‘lsa-da, ularning o‘sish sur’atlari yuqori bo‘lib qolmoqda, bu esa faol rivojlanayotgan bozorlar uchun xosdir.

1


O‘zbekistonda qurilish bozori hajmi kattaroq, o‘sish sur’ati yuqori

Agar qurilish sektorining umumiy ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqilsa, ikki davlatni avvalo bajarilgan qurilish ishlari hajmining fizik indeksi bo‘yicha taqqoslash mumkin. So‘nggi bir necha yil davomida ushbu ko‘rsatkich Qozog‘istonda barqaror ravishda yuqori bo‘lgan. 2021-yildagi pandemiya inqirozidan keyin Qozog‘istonda qurilish ishlari sur’ati 2025-yilgacha muntazam oshib borgan: qurilish ishlari fizik hajmi indeksi 108,3 foizdan 117,5 foizgacha ko‘tarilgan. O‘zbekistonda ham vaziyat shunga o‘xshash bo‘lgan: 2021 va 2022-yillardagi pandemiya davridagi ko‘rsatkichlardan (mos ravishda 106,8 foiz va 106,6 foiz) so‘ng, sektor indeksi 2025-yilda 114,2 foizga yetgan.

2026-yilning birinchi yarmida ikki davlatdagi vaziyat farq qilgan. Qozog‘istonda 2025-yilning birinchi yarmiga nisbatan qurilish ishlari fizik hajmi indeksi 118,4 foizdan 115,2 foizga kamaygan. O‘zbekistonda esa aksincha, ko‘rsatkich 3 foiz punktga oshib, 113,8 foizga yetgan.

Qiymat ko‘rsatkichlari milliy valutalarda berilgan. Faqat 2026-yilning birinchi yarmi bo‘yicha ma’lumotlarni AQSH dollariga aylantirib taqqoslaymiz. Farq qariyb ikki barobarni tashkil qiladi: O‘zbekistonda joriy yil yanvar–iyun oylarida jami 192 trillion so‘mlik yoki 16,1 milliard dollarlik qurilish ishlari bajarilgan. Qozog‘istonda esa qurilish hajmi 4,1 trillion tenge yoki 8,6 milliard dollarga yetgan. Boshqacha aytganda, O‘zbekistondagi qurilish bozori hajmi Qozog‘istonga qaraganda deyarli ikki barobar katta.

Shu bilan birga, Qozog‘istonda foydalanishga topshirilgan uy-joy maydoni sezilarli darajada ko‘proq ekanini hisobga olsak, ikki davlat qurilish sohalarining tuzilmasi ancha farq qiladi. Statistik ma’lumotlarni taqdim etish shakllari turlicha bo‘lgani sababli Qozog‘iston va O‘zbekiston qurilish sektorlarining tuzilmasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslab bo‘lmaydi. Shu sababli manbalarda keltirilgan ko‘rsatkichlar o‘z holicha taqdim etilgan.

Qozog‘iston qurilish sohasi tarkibi:

turarjoy binolari — 1,7 trillion tenge, ulushi — 15,7 foiz;
noturar joy binolari — 3,3 trillion tenge, ulushi — 31 foiz;
inshootlar — 5,7 trillion tenge, ulushi — 53,3 foiz.

O‘zbekiston qurilish sohasi tarkibi:

bino va inshootlar — 218 trillion so‘m, ulushi — 69,7 foiz;
fuqarolik maqsadidagi obyektlar — 64,9 trillion so‘m, ulushi — 20,7 foiz;
maxsus qurilish ishlari — 30,2 trillion so‘m, ulushi — 9,6 foiz.

2


Ikki davlat qurilish bozorlari hajmidagi farqni asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar ko‘rsatkichi orqali ham ko‘rish mumkin. 2025-yilgi o‘rtacha kurs bo‘yicha hisoblanganda, O‘zbekistonda o‘tgan yili aynan qurilish sohasiga (iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi qurilish ishlari hisobga olinmagan holda) 42,2 trillion so‘m yoki 3,4 milliard dollar investitsiya kiritilgan. Qozog‘istonda esa o‘tgan yil qurilish sohasidagi kapital qo‘yilmalar hajmi 150,5 milliard tenge yoki 311,2 million dollarni tashkil qilgan.

Ikki davlatda qurilishga kiritilayotgan investitsiyalar dinamikasi ham farq qiladi. O‘zbekistonda 2020 va 2024-yillarda kapital qo‘yilmalar hajmi keskin oshgan, ayrim davrlarda deyarli ikki barobar ko‘paygan. Umuman olganda, ushbu ko‘rsatkich so‘nggi yillarda barqaror o‘sish tendensiyasini ko‘rsatgan. Qozog‘istonda esa vaziyat biroz boshqacha. Ko‘p yillik ma’lumotlarga ko‘ra, qurilish sohasiga eng katta asosiy kapital investitsiyasi 2022-yilda qayd etilgan: 223,2 milliard tenge. Shundan so‘ng keskin pasayish kuzatilib, 129,4 milliard tengega tushgan. 2024 va 2025-yillarda o‘sish bo‘lgan, biroq mablag‘lar 2022-yildagi rekord darajaga yetmagan.

3


Qurilish bozorida kichik kompaniyalar ulushi ortib bormoqda

Ikki davlat statistika idoralari qurilish korxonalarining hajmi bo‘yicha ham ma’lumot beradi. Bu yirik kompaniyalar va kichik pudratchilar ulushini taqqoslash imkonini beradi. Qozog‘iston va O‘zbekistonda ham eng katta hajm kichik qurilish kompaniyalariga to‘g‘ri keladi. Farqi shundaki, Qozog‘istonda kichik qurilish tashkilotlarining ulushi so‘nggi uch yil davomida izchil oshgan: 2023-yildagi 51 foizdan 2025-yilda 61,1 foizgacha yetgan. O‘zbekistonda esa kichik korxonalar va mikrofirmalar ulushi 2022-yildan boshlab aksincha kamaygan: 52,6 foizdan 47,7 foizgacha tushgan.

O‘zbekistonda yirik pudratchilar ulushi sezilarli o‘zgarmagan, 21 foizdan 28,5 foizgacha bo‘lgan oraliqda qolgan va o‘tgan yil 26,4 foizni tashkil qilgan. Qozog‘istonda esa yirik pudratchilar ulushi 33,4 foizdan 17,1 foizgacha kamaygan. Bunga bizneslarning bo‘linishi sabab bo‘lishi mumkin: o‘rta korxonalar ulushi 16 foizdan 21,8 foizgacha oshgan. Shuni ta’kidlash kerakki, yirik pudratchilarning rasmiy hajm va ulush ko‘rsatkichlari har doim ham bozorning aniq manzarasini bermasligi mumkin. Chunki ko‘plab qurilish korporatsiyalarining o‘nlab o‘rta va kichik sho‘’ba korxonalari mavjud bo‘ladi va bunday holatlarda ularning hajmlari statistikada boshqa toifalarga kirib ketadi.

Ikki davlat ma’lumotlari o‘rtasidagi yana bir farq shundaki, O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi yashirin sektor tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish hajmlarini ham hisobga oladi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda norasmiy qurilish bozorining ulushi 25,8 foizni tashkil qilgan. Qozog‘istonda esa bunday ma’lumotlar e’lon qilinmagan.

4


Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan «New Port» turarjoy majmuasidagi 9 ta blokning 6 tasida qurilish-montaj ishlari belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan amalga oshirilgani haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид