Logo

O‘zbekistonda 1,6 mlrd dollarlik 9 ta yirik logistika markazi quriladi

Бугун 13:241 дақиқа

Buning uchun zamonaviy logistika markazlari yer va mol-mulk soliqlaridan ozod qilingan. Bir qator portlargacha blok-poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilib, bu haqda tadbirkorlarga ma’lum qilinadi.

O‘zbekistonda 1,6 mlrd dollarlik 9 ta yirik logistika markazi quriladi © Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev keyingi o‘n yilda respublikaning logistika quvvatlarini 80 million tonnaga yetkazish rejalashtirilganini aytdi.

Endi Xonobod shahri, Olot, Termiz, Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi. Prezident zamonaviy logistika markazlari yer va mol-mulk soliqlaridan ozod qilinganini eslatdi.

Mutasaddilar va hokimlarga bundan unumli foydalanib, investorlar bilan hamkorlikda umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 9 ta yirik logistika markazini barpo etish topshirildi. O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi yirik quruqlik portiga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Ayni paytda «O‘rta yo‘lak» imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani aytildi. Mutasaddilarga Ozarboyjon, Turkmaniston va Gruziya bilan elektron yuk hujjatlarini o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuvlarni yakunlash topshirildi.

O‘zbekistondan Kaspiy, Qora dengiz, Sharqiy Xitoy dengizi va Boltiqbo‘yi davlatlari portlarigacha blok-poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yib, bu haqda tadbirkorlarga ma’lum qilish vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li ishga tushishi bilan yuk tashish hajmi 10 karra oshishi aytilgandi. Temiryo‘l liniyasidan foydalanish to‘loviga 20 foizgacha chegirma beriladi.

Теглар

Мавзуга оид