O‘zbekistonda aholining o‘rtacha yoshi qancha?
Mamlakat hududlarida aholining o‘rtacha yoshi bir-biridan sezilarli farq qiladi. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lsa, eng yosh aholi Surxondaryo viloyatida yashaydi.

2026 yil 1-yanvar holatida O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi 29,5 yoshni tashkil etgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, poytaxt aholisining o‘rtacha yoshi 32,7 yoshni tashkil qilgan. Keyingi o‘rinlarda Buxoro viloyati (31,1 yosh), Toshkent viloyati (31 yosh), Navoiy viloyati (30,1 yosh) va Farg‘ona viloyati (30 yosh) joylashgan.
Eng past ko‘rsatkichlar esa Surxondaryo viloyatida 27,4 yosh va Qashqadaryo viloyatida 27,7 yosh darajasida qayd etilgan. Samarqand viloyatida o‘rtacha yosh 28,5 yosh, Jizzax viloyatida 28,4 yoshni tashkil etgan.
Statistika ma’lumotlari shahar aholisining o‘rtacha yoshi qishloq aholisiga nisbatan yuqoriroq ekanini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, mamlakatda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ham oshib, 75,1 yoshga yetgan.





