Logo

O‘zbekistonda sakkiz oy ichida eng ko‘p qaysi avtomobillar ishlab chiqarildi?

Бугун 13:472 дақиқа

2026-yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonda 315 mingga yaqin avtomobil ishlab chiqarilgan. Eng ko‘p ishlab chiqarilgan avtomobil esa an’anaviy tarzda hali ham Cobalt bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda sakkiz oy ichida eng ko‘p qaysi avtomobillar ishlab chiqarildi? © uzavto

2026-yil yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonda jami 314 244 dona avtomobil ishlab chiqarildi. Shundan 310 389 donasi yengil avtomobillar, 3 855 tasi esa yuk avtomobillari soniga to‘g‘ri keldi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlarda ko‘rish mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,5 foizga oshgan. 2025-yilning yanvar–avgust oylarida 287 066 dona avtomobil ishlab chiqarilgandi.

Alohida modellar kesimida qaralganda, eng katta o‘sish BYDda kuzatildi. Uning ishlab chiqarish hajmi 12 930 donadan 23 850 donagacha ko‘tarilib, qariyb ikki barobarga oshgan.

Shuningdek, Cobalt ishlab chiqarish hajmi 99 013 donadan 107 141 donaga, Onix 20 241 donadan 23 498 donaga oshgan. Haval ishlab chiqarishi ham 5 303 donadan 6 227 donaga ko‘paygan.

Biroq Cobalt hamon mamlakatda eng ko‘p ishlab chiqarilayotgan avtomobil sifatida yetakchilikni saqlab qolmoqda. Yanvar–avgust oylarida ushbu modeldan 107 141 dona ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 128 donaga ko‘p.

Boshqa modellardan maxsus yengil avtomobillar ishlab chiqarilishi 35 936 donadan 38 215 donaga, KIA 17 166 donadan 19 374 donaga, Chery 5 909 donadan 5 751 donaga o‘zgargan. Chevrolet Damas Move modeli esa joriy yilda ishlab chiqarish statistikasiga kiritilib, 1 530 dona avtomobil tayyorlangan.

Kamayish kuzatilgan modellar

Yanvar–avgust oylarida ayrim modellarda ishlab chiqarish hajmi pasaygan. Jumladan, Damas ishlab chiqarishi 57 882 donadan 55 022 donaga tushgan. Tracker ham 29 930 donadan 29 781 donaga kamaygan.

Shuningdek, 2025 yilda 42 dona ishlab chiqarilgan TANK 500 modeli joriy yilning yanvar–avgust oylarida ishlab chiqarilmagan.

photo_2026-10-05_14-27-49


Eslatib o‘tamiz, Cobalt mamlakatda eng ko‘p ishlab chiqarilayotgan avtomobil bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, uning ichki bozordagi sotuvlari kamayib bormoqda.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonda sakkiz oy ichida eng ko‘p qaysi avtomobillar ishlab chiqarildi? | Vaqt.uz