Logo

O‘zbekistondagi xususiy bog‘chalarda narxlar qanday?

Бугун 19:395 дақиқа

Vaqt.uz davlat va xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari o‘rtasidagi asosiy farqlar, narxlar va ota-onalar uchun muhim mezonlarni tahlil qildi.

O‘zbekistondagi xususiy bog‘chalarda narxlar qanday?


O‘zbekistonda bog‘chalar soni talaygina. Ustiga-ustak oxirgi yillarda respublikaning barcha joyida, hattoki chekka qishloq, ovullarda ham xususiy bog‘chalar soni ortmoqda. Ularning qaysi birini tanlash kerak? Ota-ona bolasini qay biriga ishonib topshirishi va shu barobarda cho‘ntak uchun yengilroq variantga to‘xtalmog‘i lozim? Ushbu materialda ana shu masalaga e’tibor qaratildi.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda O‘zbekistonda davlat bog‘chalarining soni xususiylarnikiga nisbatan qariyb 3 baravar kam. 2024-yilgi hisobotlarga ko‘ra, respublikada jami 38 mingdan ortiq bog‘cha faoliyat yuritmoqda. Shundan 9,3 mingtasi davlatniki, 28,7 mingtasi xususiy. Bolalarni umumiy qamrab olish darajasi esa 76 foizga yetkazilgan. Oldingi yillarda bu ancha past edi. Qamrov darajasi oshib borayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab oilalar uchun davlat bog‘chalari hanuz hamyonbop variantligicha qolmoqda. Negaki farzandini xususiy bog‘chada o‘qitish moddiy jihatdan o‘rtahol bo‘lgan o‘zbekistonlik uchun qimmatlik qilishi mumkin. 

Yaqinda Milliy statistika qo‘mitasi O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal ish haqi qancha ekani borasida hisobotini e’lon qilgandi. Ana shu ma’lumotlar mamlakatda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7 million 91,1 ming so‘mni tashkil etganini ko‘rsatdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi Toshkent shahrida qayd etilgan — 12 million 13,9 ming so‘m. Ikkinchi o‘rinda Navoiy viloyati — 8 million 722,7 ming so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida kuzatildi, u yerda aholi bir oy mehnat qilib o‘rtacha 4 million 864,7 ming so‘m topadi.

                       

1

                      Manba:Milliy statistika qo‘mitasi

2

                                                              Manba: Milliy statistika qo‘mitasi

Albatta bu o‘rtacha statistika. Undan kam oylikka kun ko‘radiganlar ham yo‘q emas. Muntazam ravishda oylik daromadi bo‘lmagan, faqat kunlik yumushlarni qilish orqali pul topadigan oddiy oila uchun bolasini bog‘chaga berish moddiy tomonlama og‘ir bo‘lishi mumkin. Odatda bunday oilalarning farzandlari maktab yoshigacha oilaviy sharoitda tarbiyalanadi. Ana shunday vaziyatda ro‘zg‘or xarajatlaridan orttirib bolasini narxi baland bog‘chada o‘qitish u yoqda tursin, davlat bog‘chalarida o‘qitish ham qiyinchilik tug‘dirishi hech gap emas.

Vaqt.uz  mamlakatda maktabgacha ta’lim tizimi qay darajada kengaygani va davlat bog‘chalariga qabul qanday amalga oshirilishini, ular ko‘rsatayotgan xizmatlar narxlarini o‘rgandi.

Bugungi kunda davlat bog‘chalariga qabul Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali amalga oshiriladi. Ota-onalar farzandini portal orqali navbatga qo‘yadi va bo‘sh o‘rin mavjud bog‘chani tanlaydi.

Ariza topshirilgach, bola elektron navbatga qo‘yiladi. Navbat hududdagi bo‘sh o‘rinlar, bolaning yoshi va ayrim imtiyozli toifalarga qarab shakllantiriladi. Yo‘llanma berilgach, ota-onalar belgilangan muddatda bog‘chaga kerakli hujjatlarni taqdim etadi.

Davlat bog‘chalarida oylik to‘lov qancha?

Rasmiy tariflarga ko‘ra, davlat bog‘chalarida to‘lov hududga qarab farq qiladi. 9 soatlik guruhlar uchun oylik to‘lovlar quyidagicha:

3

Davlat bog‘chalari arzon bo‘lsa-da, bog‘cha tanlash masalasi faqat narx bilan cheklanmaydi. Ota-onalar ko‘pincha chet tili, matematika, robototexnika yoki boshqa qo‘shimcha mashg‘ulotlarga e’tibor qaratadi.

Xususiy bog‘chalarda bir oylik to‘lov narxlari

Xalqaro tavsiyalar bog‘chaning asosiy vazifasi bolaning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash ekanini ko‘rsatsa-da, amaliyotda ota-onalar uchun bog‘cha puli ham ahamiyatga ega. O‘rganishlar davomida Toshkent shahridagi top 10 ta xususiy bog‘chalar ro‘yxatini tayyorladik. Ularning narxlari 3,5 million so‘mdan 14 million so‘mgacha boradi:

4

Jadvaldagi eng yuqori narx Invento bog‘chasiga tegishli bo‘lib, oylik to‘lovi 14 mln 900 ming so‘m. Bundan tashqari 6 million so‘mlik bir martalik kirish badalini ham to‘lash kerak. Tashkent city’da joylashgan bu bog‘cha bolalar uchun hamma ta’lim va tarbiyaviy ishlarni ingliz tilida olib boradi, suzish mashg‘ulotlari, musiqa darslari, ochiq havodagi faoliyatlar, logoped va sog‘lomlashtirish xizmatlarini taklif qiladi. U yerda bolalar kuniga 5 mahal ovqatlanadi.

CIS International School’ning Early Years bo‘limi esa British EYFS (Early Years Foundation Stage) dasturi asosida ishlaydi. Oylik narxi qariyb 13 million so‘mni tashkil etadigan mazkur bog‘chada ta’lim jarayoni asosan ingliz tilida olib boriladi. Ayrim guruhlarda rus tilini rivojlantirish mashg‘ulotlari ham mavjud. Dasturda o‘yin orqali o‘rganish, ijodiy faoliyat va ijtimoiy-emotsional rivojlanishga alohida e’tibor qaratiladi.

Oxbridge International School’ning Kindergarten bo‘limi ham xalqaro IB (International Baccalaureate) aniqlab berish narxini yozish tizimi asosida faoliyat yuritadi. Oylik to‘lovi 6,5 million so‘m bo‘lgan bu tashkilotda ham darslar asosan ingliz tilida o‘tkaziladi. Kampuslarda robototexnika va raqamli ta’lim markazi, teatr va san’at markazi hamda suzish havzasi mavjud.

Erudite Kindergarten esa 7 million so‘mlik to‘lov evaziga texnik va ijodiy yo‘nalishlarga ko‘proq urg‘u berib, robototexnika, teatr va sport to‘garaklarini taklif etadi. Thompson Land esa o‘zining mualliflik metodikasi asosida IT va robototexnika mashg‘ulotlari, logoped, massaj va tuz xonasi kabi qo‘shimcha xizmatlarni taqdim etadi. Bu muassasada bir  oylik bog‘cha puli 5 million so‘m.

Ro‘yxatdagi qolgan beshta bog‘cha yuqoridagi ta’lim muassasalariga nisbatan 2 yoki 3 baravar arzon narxda shakllangan. Yuniygeniy Sadik, Anor Kids, Baby Nest Kindergarten, Dono Kids va Renesanns Kindergarten kabi bog‘chalarning asosan ingliz va rus tili, raqs va xoreografiya, musiqa, rasm chizish, shaxmat, sport to‘garaklari, jismoniy tarbiya hamda maktabga tayyorlov guruhlari bor. Ayrim bog‘chalarda logoped-defektolog va psixolog xizmatlari, yopiq o‘yin maydonchalari hamda videokuzatuv tizimi ham mavjud. 

Aslida maktabgacha ta’limning vazifasi qanday bo‘lishi kerak?

Maktabgacha ta’limning asosiy vazifasi bolaga erta yoshdan murakkab bilimlarni o‘rgatish emas, balki uning har tomonlama rivojlanishi uchun poydevor yaratishdan iborat. Xalqaro standartlarda bu jarayon bolaning ijtimoiy-emotsional, aqliy, nutqiy va jismoniy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.

UNESCO maktabgacha ta’limni bolaning farovonligi, muloqot ko‘nikmalari, mustaqilligi va keyingi ta’lim bosqichlariga tayyorligini shakllantiradigan muhim bosqich
deb hisoblaydi.

UNICEF ham erta yoshdagi ta’lim dasturlari bolalarda o‘z hissiyotlarini boshqarish, tengdoshlari bilan hamkorlik qilish, muammolarni hal etish va o‘rganishga qiziqish uyg‘otish kabi ko‘nikmalarni rivojlantirishi kerakligini ta’kidlaydi. Masalan, Finlandiyaning maktabgacha ta’lim dasturida o‘yin orqali o‘rganish, ijtimoiy-emotsional rivojlanish va bolaning farovonligi asosiy tamoyil sifatida belgilangan. Yangi Zelandiyadagi bog‘chalarda esa bolalarning o‘zini xavfsiz his qilishi, muloqot qilishi va mustaqil faoliyat yuritishiga alohida e’tibor qaratiladi. Italiya bog‘chalaridagi yondashuv ham bolani erkin izlanish, hamkorlik va ijodkorlik orqali rivojlantirishga qaratilgan.

Muallif:Diyora Xabibullayeva 

Теглар

Мавзуга оид