Logo

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 72 mlrd dollardan oshdi

Bir oyda zaxiralar hajmi 7,78 mlrd dollarga oshib, fevral oyidan buyon eng yuqori darajaga yetdi. O‘sish asosan oltin zaxiralarining qiymati oshishi va fizik hajmi ko‘payishi hisobiga ta’minlandi.

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 72 mlrd dollardan oshdi © planet-today.com

O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari 72,13 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich fevral oyidan beri qayd etilgan eng yuqorisi bo‘ldi. Zaxiralar avgust oyida 7,78 mlrd dollarga yoki 12,1 foizga oshgan.

Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati avgustda 8,8 mlrd dollarga yoki 15,69 foizga o‘sib, 64,92 mlrd dollarga yetdi. Shu bilan birga, oltinning fizik hajmi ham bir oyda 13,85 mln unsiyadan 14,11 mln troya unsiyagacha ko‘paydi. Bu taxminan 438,8 tonna oltinga teng.

O‘sishga asosiy sabab jahon bozorida oltinning qimmatlashishi va zaxiralarda fizik hajmining ortishi bo‘ldi. Avgust oyida jahon bozorida oltin narxi sezilarli ko‘tarildi.

Oy boshida bir troya unsiya oltin taxminan 4 ming dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 5-avgustda narx yuqori cho‘qqiga chiqib, bir unsiya uchun 4,7 ming dollarga yaqinlashdi. Oy yakunida esa bozorda mo‘’tadil korreksiya kuzatilib, narx 4 450 dollar atrofida shakllandi.

Natijada O‘zbekiston zaxiralaridagi oltinning dollardagi qiymati bir oyda qariyb 16 foizga oshdi.

Valuta aktivlari qisqardi

Biroq zaxiralarning valuta qismi qisqardi: avgust yakunida uning hajmi 6,64 mlrd dollarni tashkil etib, bir oyda 1,01 mlrd dollarga yoki 13,29 foizga kamaydi.

Boshqa banklardagi hisobvaraqlarda saqlanayotgan naqd valuta va depozitlar hajmi 17,3 foizga qisqarib, 4,87 mlrd dollarga tushdi. Unga boshqa mamlakatlarning markaziy banklari va Xalqaro valuta jamg‘armasidagi (XVJ) 1,09 mlrd dollar (-10,56 foiz), shuningdek, xorijiy tijorat banklaridagi 3,77 mlrd dollar (-19,1 foiz) kiradi.

Shu bilan birga, Markaziy bank balansidagi xorijiy qimmatli qog‘ozlar hajmi deyarli o‘zgarmadi. Avgust oyi oxirida ular 1,76 mlrd dollarni tashkil etib, oy davomida 0,2 foizga o‘sdi. Biroq jami zaxiralar hajmi tezroq oshgani sababli ularning ulushi 2,74 foizdan 2,45 foizga tushdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Fitch Ratings» O‘zbekiston xalqaro zaxiralari tarkibidagi oltin ulushi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, agentlik O‘zbekistonni oltin narxining o‘sishidan eng katta foyda ko‘rgan, biroq narxlar keskin pasaysa, eng ko‘p ta’sirlanishi mumkin bo‘lgan davlatlardan biri sifatida baholagandi.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 72 mlrd dollardan oshdi | Vaqt.uz