O‘zbekxon hukmronlik qilgan imperiya: Olimlar Oltin O‘rdani rivojlangan sivilizatsiya sifatida tan olishga chaqirmoqda
Qozog‘istonda Oltin O‘rda tarixi bo‘yicha qabul qilingan yangi rezolyutsiya o‘rta asrlar imperiyasi haqidagi an’anaviy qarashlarni qayta ko‘rib chiqishga undamoqda.

Ostona shahrida Yevropa va Osiyoning 20 ta davlatidan jam bo‘lgan o‘rta asrlar tarixini o‘rganuvchi olimlar Oltin O‘rda tarixiga oid rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi.
Mazkur hujjat 19–20-may kunlari o‘tkazilgan «Oltin O‘rda dasht sivilizatsiyasi namunasi sifatida: tarix, arxeologiya, madaniyat, milliy o‘zlik» mavzusidagi xalqaro simpozium yakunlari bo‘yicha tasdiqlandi.
Olimlar Oltin O‘rdani rivojlangan sivilizatsiya sifatida tan olishga chaqirdi
Rezolyutsiya mualliflari Oltin O‘rda va Buyuk dasht sivilizatsiyasi merosini tizimli ravishda o‘rganish hamda asrab-avaylash muhimligini alohida ta’kidlagan. Hujjatda qayd etilishicha, Oltin O‘rda etnik va diniy xilma-xillikka asoslangan ko‘p millatli jamiyat namunasi bo‘lgan. Shuningdek, u Markaziy Yevrosiyoda diplomatiya, savdo-sotiq, qonunchilik, san’at va hunarmandchilikning rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan.
Olimlar eskirgan qarashlardan voz kechishga va Oltin O‘rdani kuchli davlat institutlari hamda boy madaniyatga ega bo‘lgan rivojlangan sivilizatsiya sifatida e’tirof etishga chaqirdi.
YUNESKOga merosni muhofaza qilish chaqirig‘i yo‘llandi
Shuningdek, rezolyutsiyada Buyuk dashtning arxeologik yodgorliklari, musiqasi, dostonlari va folklorini asrab-avaylash zarurligi aytilib, xalqaro tashkilotlar hamda YUNESKOga mazkur yo‘nalishdagi qo‘shma ilmiy va gumanitar loyihalarni faollashtirish taklif qilindi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Qozog‘iston Milliy banki Oltin O‘rda tarixiy merosiga bag‘ishlangan yangi kolleksion tangalar muomalaga chiqarilishini e’lon qilgan edi.
Oltin O‘rda va Islom dini
Ma’lumot uchun: Oltin O‘rda o‘rta asrlarning eng yirik davlatlaridan biri sifatida turkiy, kavkaz va slavyan kabi ko‘plab xalqlar yashagan Yevrosiyoning bepayon hududlarini egallagan edi. Davlat o‘z davri uchun hayratlanarli darajadagi diniy bag‘rikenglik bilan ajralib turar, uning aholisi turli dinlarga e’tiqod qilar edi. XIV asr boshlarida, O‘zbekxon hukmronligi davrida, Islom dini Oltin O‘rdaning davlat dini deb e’lon qilindi. Bu qadam jamiyatni jipslashtirish va davlatning keyingi taraqqiyotida hal qiluvchi o‘rin tutgan.





