O‘zJOKUda formasiz talabalar darsga kiritilmadi: tomonlar qanday fikrda?
O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida ta’lim sifatini oshirish borasidagi bahs, tortishuvlar yoki yangi usullar muhokamasiga ko‘p duch kelavermaymiz. Ammo bu sohada majburiy forma masalasi doimiy ko‘tariladigan, noroziliklarga sabab bo‘ladigan mavzuligicha qolmoqda.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida talabalardan majburiy forma talab qilinishi va formasiz talabalar darslarga kiritilmayotgani holati ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar markaziga chiqdi. Jumladan, universitet talabasi Bahodir Eliboyev o‘tgan hafta berilgan ichki buyruq asosida 16-fevral kuni taxminan 100 nafar talaba (bakalavr va magistrantlar) o‘qishga kiritilmagani haqida yozdi.
«O‘tgan hafta prorektor kirib, oq ko‘ylak va galstukda bo‘lish kerakligini tavsiya qilgan edi. Boshlangan haftadan ushbu tavsiya kuchga kirgan ko‘rinadi va taxminan 100 nafar talaba o‘qishga kiritilmadi. Ularga oq ko‘ylak va galstuksiz kiritilmasligi aytildi. Siz qanday fikrdasiz? Jurnalistikaning ta’lim dargohlarida dress-kod qanchalik muhim?» — deya yozdi Eliboyev «O‘zJOKUda dress-kod masalasi hanuz aktual» sarlavhali postida.
Eliboyev postiga shuningdek, bo‘yinbog‘ taqmagani uchun darsga kiritilmagan magistrantlardan biri Akmal Yo‘ldoshev bilan qilgan suhbati videosini ham ilova qilgan. Videoda Yo‘ldoshev duch kelgan muammoli vaziyat haqida gapirarkan, ta’lim dargohida o‘zining ta’kidicha, bir qator huquqlari jiddiy poymol etilmoqda.
«Darsga tayyorlandingmi? Ma’ruzalarga qatnashdingmi? Adabiyotlarni o‘qidingmi? — deb hech kim mendan so‘ragani yo‘q. Galstuk taqmabsan, darsga kiritilmaysan, bo‘lmasa, ketaver, deyishyapti. Bu — ichki tartib qoida va u hamma narsadan ustun deyishyapti. Ukalarim singillarim hammamiz shu yerda najot tilab, nimagadir umid qilib haliyam ketmay turibmiz», — deydi Akmal.
Bu paytda uning ortida yuzlab talabaning universitet darvozasi oldida turgani ham ko‘rsatiladi.
Akmal Yo‘ldoshev shuningdek, forma masalasiga juda salbiy qarashi, dres kod uning bilimi va kasbiy kompitensiyalarini belgilab bermasligi, qanchalik mahoratli jurnalist ekanini ham ko‘rsatmasligini aytadi.
«Men universitetga kelaman va ular menga xizmat ko‘rsatadi. Buning uchun universitet bilan o‘rtamizda shartnoma tuzilgan. Pul to‘laganman. Men o‘tirib dars olishim kerak, bu bilim baholanishi va oxirida diplom berilishi kerak. Shu ikki munosabat bor. Hozir qandaydir ichki tartib qoida deya mening iste’molchilik, ma’naviy va talabalik huquqlarim buzilyapti», — deydi Akmal.
Talabaga ko‘ra, u bilim oluvchi va bilim olish uchungina universitetga keladi.
«Kimningdir ha, biz kiborlardanmiz, bizda hamma galstuk taqib yuradi, deyishi uchun galstuk taqmoqchi emasman. Tasavvur qiling, bugun bizni darsga kiritishmadi va endi shu “NB”lar uchun biz pul to‘lashimiz kerak. Agar modul tili bilan aytganda men “qizil”ga tushsamchi?», — deya savol qo‘yadi Akmal Yo‘ldoshev.
Talabalar qanday fikrda?
Keyinroq videoni ilova qilgan holda universitetning boshqa va sobiq talabalari ham o‘z munosabatini bildira boshlashdi. Shunday munosabatlardan sezish mumkinki, bu kabi muammoga duch kelgan yolg‘iz Yo‘ldoshev emas.
«Men O‘zJOKU talabasiman. Dars davomida kiyimim «forma emas» degan sabab bilan auditoriyadan chiqarib yuborildim.
Ochig‘i, universitet rahbariyati aynan nimani xohlayotganini biroz tushunmayapman. Forma sabab darsga kiritilmaslik.... shu ko‘rinishim qanchalik «nostandart» ekanini ham anglash qiyin. Aytishlaricha, ko‘ylak va galstuk bo‘lishi kerak emish.
Menda avtomobil yo‘q. Shu sababli, sovuq kunlarda issiqroq kiyinishga majburman va bu holatda universitet «talablari»ni to‘liq bajara olmasligim mumkin. Agar bu holat «tarbiyasizlik» sifatida qabul qilinsa, buning uchun uzr so‘rashim mumkin. Ommaviy uzr so‘rash ham men uchun muammo emas. Menga umuman muammo kerak emas.
Faqatgina issiqroq kiyinishga izn berilsa, mamnun bo‘lar edim», — deb yozdi Javohir Abdumannon ismli talaba.
Universitetning Sanjar Shomurodov ismli sobiq talabasi esa bundan yetti yil avval JOKUga o‘qishga kirganida universitet hali kichik, talabalari uch yuzdan sal oshiq, o‘qituvchilari ham kamroq, muhit esa ancha yaqin va samimiy bo‘lganini eslaydi.
«Deyarli hamma bir-birini tanirdi. Talaba bilan ma’muriyat o‘rtasida masofa bugungidek sezilmasdi. Eng muhimi o‘sha paytda tashqi ko‘rinishdan ko‘ra ichki o‘sish, yo‘lini topish, kasbiy shakllanish ustuvor edi. Hech kim formang bormi-yo‘qmi deb darsdan qaytarmasdi. Talabadan ko‘proq fikrlash, izlanish va o‘zini topish talab qilinardi. Balki romantik xotiradek tuyular, lekin o‘sha muhit erkinroq edi. Kamida mening xotiramda shunday qolgan», — deb yozdi u.
Shunga o‘xshash fikrni ta’lim muassasasining boshqa bir talabasi Zumrad Zaripova ham bildirdi. U o‘z xotirasida shuga o‘xshash vaziyatga 4 yil avval o‘zi ham tushganini eslagan.
«O‘shanda kutubxonani yonidagi panjaradan sakrab kirganman, ustozim «NB» qo‘ysa, yakuniyda muammo bo‘lishini bilganim uchun bu tavakkalni qilganman. Odatda kiyinish masalasiga JOKUda juda ahamiyat berishmasdi. Hozir qanday tuzum bilmayman. Odam o‘qishni sog‘indi», — deb yozgan sobiq talaba.
Zumradning postga qo‘shimcha qilishicha, avvallari shu mazmundagi videosi tarqalgan talabalarni dekanni xonalariga olib kirishgan.
«Tyutorim Fozil aka va Shohrux aka bilan necha martalab dekanni oldiga kirib gap eshitib yig‘lab chiqqanman. Odatda kimdandir gap eshitsam, betgachoparlik qilmay yig‘lab yuborardim. Afsuski, hozir unday emas», — deb yozdi sobiq talaba.
Majburiy formaga qarshilar bilan birga, universitet rahbariyati topshirig‘ini ma’qullayotgan talabalar ham yo‘q emas. Jumladan, universitet talabalridan biri Diyorbek To‘rayevga ko‘ra, mas’ullar bu kabi majburiyat bilan universitet brendini oshirishga harakat qilmoqda va buni to‘g‘ri tushunish kerak.
«Mas’ullar tomonidan talabalarning ichki tartib qoidaga va talabalik etikasiga rioya qilganliklari yuzasidan nazorat o‘tkazildi, ertalab universitetga «tahsil olaman» deb kelayotgan talabalarni ahvolini ko‘rib juda achindim. Ayrimlar ertalab turib yuzini yuvgan yoki yo‘q yana kechikib darsga kelmoqda. U ham mayli, kirib kelayotgan talabalarning katta qismida rasmiy kiyim yo‘q, xuddi aylangani bozorga kelgandek, ular orasida ayrim magistr talabalar ham bor. Ichki tartib qonun qoida hamma uchun barobardir. Bu holat uchun talabalar universitetga kiritilmadi, axir universitet bu bozor yoki sayr qilish yoki ovqatlanish joyi emas. Bu kelajak mutaxassislari shakllanadigan maskandir. Klassik forma orqali kimnidir kamsitish emas. Bu kasb etikasi, o‘ziga bo‘lgan hurmat va professional muhitni shakllantirish vositasidir.
To‘g‘ri, ayrim talabalarning moliyaviy ahvoli yaxshi emasdir lekin, ko‘chada ulgurji narxda kiyimlar bisyor-ku, arzimagan pulga oq ko‘ylak va shim beradiku, ularga hech kim «Oligarx» yoki «Ideal» brendidan kostyum shim olmasa universitetga kiritilmaydi deyishgani yo‘q axir, mas’ullar ham universitetni brendini oshirishga harakat qilishmoqda…
Eng xavotirlisi shuki ayrim yoshlarning «qoidaga bo‘ysunmaslikni erkinlik deb bilishi». Erkinlik bu mas’uliyatsizlik emas. Qonun, nizom va ichki tartibni hurmat qilish har qanday ziyoli jamiyatning asosidir», — deb yozdi talaba.
«Bu – tuzini yeb, tuzlug‘iga tupurish bilan barobar»
Majburiy forma mavzusidagi muhokamalar kengayib borarkan, ushbu universitetda dekan lavozimida ishlovchi Oisha Zakirova o‘zining Facebook sahifasida vaziyatga munosabat bildirib post joyladi.
«Dushanba — yangi o‘quv haftasining boshlanishi. Ammo, afsuski, ayrim talaba va magistrantlar universitet ichki tartib-qoidalariga nisbatan bepisandlik bilan munosabat bildirdi. Universitet bu shunchaki ta’lim muassasasi emas. Bu — intellektual muhit, tarbiya maktabi, professional shaxs shakllanadigan maskan. Ichki tartib-qoidalar esa muhokama uchun o‘rnatilmaydi, ijro uchun qabul qilinadi va barcha bunga birdek amal qiladi! Bu har bir tashkilotning o‘z imijini shakllantirish uchun xizmat qiladi! Oq ko‘ylak va galstuk — akademik madaniyat, poklik, intizom va hurmat ramzi. Uni kiyib yurishning nimasi yomon?!» – deb yozdi OTM vakili.
U dekan sifatida universitet imiji, akademik muhit va tartib uchun shaxsan javobgar ekanini bildirdi.
«Shu bois ichki tartib-qoidalarga rioya qilish masalasida yon berish bo‘lmaydi. Oddiy intizom va ichki tartib-qoida islohotlarning eng asosiy sharti bo‘lib xizmat qiladi. Qolaversa, o‘zi o‘qiyotgan universitetni mana shunday ommaga olib chiqish, oddiy elementar so‘ralgan narsa uchun uning sha’niga dog‘ tushirish tuzini yeb tuzlug‘iga tupurish bilan barobar, shuni unutmang, hurmatli talabalar!!!» – dedi dekan.
Uning keyinroq qo‘shimcha qilishicha, haqiqatdan ham, jurnalist o‘zi ishlayotgan tashkilot ichki-tartib qoidasidan yoki o‘z shaxsiy xohish istagidan kelib chiqib kiyinish huquqiga ega. «Ammo universitetda tahsil olayotgan har bir talaba uning ichki tartib-qoidalariga amal qilishi lozim! Ikkinchidan, ushbu videoda ko‘ringan barcha talabalar darsga formasiz kelgani uchun emas, kech qolib kelgani uchun kiritilmagan», – deya ochiqladi u.
Vazirlik munosabati va pozitsiyasi
Vaqt.uz muxbiri vaziyat yuzasidan munosabat so‘rab, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati rahbari Nazokat Azim bilan ham bog‘landi. Nazokat Azim esa vaziyat yuzasidan bergan qisqa izohida vazirlik bu kabi masalalar har bir oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalari va Odob-axloq kodeksi asosida tartibga solinishi kerak deb hisoblashini ma’lum qildi.
«Har bir ta’lim muassasasining o‘z tartib qoidalari va Odob-axloq kodeksi bor va shunga rioya qilinishi kerak. Universitet bilan gaplashdim va tushunishimcha, talabalar forma kiymagani uchun emas, darsga kechikkani uchun ham universitetga kiritilmagan bo‘lishi mumkin. Buning qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini esa men bilmayman», — dedi vazirlik vakili.
Ta’lim ekspertlari qanday fikrda?
Ta’lim masalari bo‘yicha ekspert Azamat Akbarov vaziyatga izoh berarkan, universitetlarda va bo‘lib ham jurnalistika yo‘nalishidagi universitetlarda majburiy forma talabini noto‘g‘ri, deya baholadi.
Unga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan talabaga nima kiyib, nima kiymaslikni o‘rgatish — noto‘g‘ri ish hisoblanadi.
Ta’lim masalalari bo‘yicha tahlilchi Bektosh Hotamovga ko‘ra esa jurnalistika universitetidagi vaziyat — ta’limning kelajagi borasida juda xavfli signaldir.
«JOKUdagi holat — juda xavfli signal. Bu – ko‘proq ishchi xizmatchilarni ishlab chiqaruvchi universitetlar siyosati», — dedi Hotamov.
Теглар






